Ubaydullaxon Ii




Ubaydulla II (Ubaydullo Muhammad Bahodirxon) — (1681—1711) — ashtarxoniylar sulolasining vakili. Buxoro xoni (1702—1711). Buxoro xoni ashtarxoniy Subhonqulixonning oʻgʻli. Buxoroda Madrasa tahsilini olgan. Subhonqulixon vafoti arafasida valiahd qilib nevarasi Balx hokimi Muhammad Muqimxonni tayinlaydi. Biroq, Buxoro ulamolari va qoʻshinning madadiga tayangan Ubaydullaxon II 1702-yil sentabrda Buxoro taxtini egallaydi.

Balx hokimi Muhammad Muqimxonning otaligʻi hisoblangan Mahmud qatagʻon (Mahmudbiy) Buxoroga boʻysunmaslikdan tashqari Qubodiyon (1703), Termiz (1704)ni ham Balxga qoʻshib olib, Balxni mustaqil deb eʼlon qilgan. Beklarning saroy fitnasi natijasida Muhammad Muqimxon oʻldirilgach (1707-yil mart), Ubaydullaxon II Balx ustiga katta qoʻshin bilan yurish qiladi va shaharni egallaydi (1707-yil 27-may).

Ubaydullaxon II murakkab sharoitda Buxoro xonligini boshqargan. Iqtisodiy tanazzul va ichki nizolardan tashqari jungʻorlar (qalmoqlar)ning harbiy bosqinlari Samarqandga hujumi, qalmoqlar xurujidan qochgan qozoqlar va qoraqalpoqlarning Movarounnahr hududi Toshkent va boshqa joylarga koʻchib kelishi vaziyatni yana ham murakkablashtirgan. Ana shunday sharoitda Ubaydullaxon II davlatning iqtisodiy negizini mustahkamlashga qaratilgan choralar koʻrgan. Avvalo, u maʼmuriy sohada islohotlar oʻtkazib, davlatni boshqarishga oʻrta tabaqa: hunarmandlar va savdogarlarni jalb qilgan. Ubaydullaxon II hatto markaziy hokimiyatni kuchaytirish uchun yirik yer egalarining imtiyozlarini qisqartirgan boʻlib, Joʻybor xojalarini soliq toʻlashga majbur qilingan. Biroq Joʻybor shayxlari katta siyosiy kuch boʻlib, Ubaydullaxon II oʻtkazayotgan siyosat uchun xatarli muxolifga aylanishgan.

Ubaydullaxon II ning siyosiy faoliyatida pul islohoti ham alohida oʻrin tutadi. U pul islohoti oʻtqazish orqali davlat xazinasini toʻldirishni, bebosh amirlar, beklar va urugʻ boshliqlari bilan kurashda oʻz mavqeini kuchaytirish va ayrim mahalliy hokimlarning ayirmachilik intilishlarini bartaraf qilib, markaziy hokimiyatni mustahkamlashga intildi. Biroq Ubaydullaxon II ning islohotlari badavlat tabaqalar va ayrim oʻrtahol shaharliklar tomonidan noxush kutib olindi. Ubaydullaxon II ga qarshi gʻalayonlar koʻtarildi.

Ubaydullaxon II mamlakatda obodonchilik ishlariga eʼtibor qaratgan. U Madrasa va Buxoroning gʻarbida Xonobod chorbogʻi (1709)ni barpo qilgan. Tarixchi Mir Muhammad Amin Buxoriy uning saroyida bosh munshiy boʻlib, uning siyosiy faoliyati haqida „Ubaydullanoma“ (1716) asarini yozgan. Muhammad Yusuf Munshiyning „Tarixi Muqimxoniy“ va Abdurahmon Tolennng „Tarixi Abulfayzxon“ asarlarida ham Ubaydullaxon II faoliyati aks etgan.

Ubaydullaxon II saroy fitnasi natijasida Buxoroning Piri Mirza chorbogʻida oʻldirilgan. U Buxoro yaqinida — Bahouddin Naqshband majmuasidagi Daxmai shohonda otasi Subhonqulixon qabri yonida dafn etilgan.

Tashqi siyosati



Ubaydullaxon II qoʻshni mamlakatlar bilan diplomatik munosabatlar olib boradi. U asosan Turkiya, Hindiston, Rossiya mamlakatlarga elchilar yuborgan. Ashtarxoniy hukmdorlar tashqi siyosatda harbiy koʻmak olish, savdo-sotiq qilish maqsadida qoʻshni va xorijiy mamlakatlar bilan elchilik aloqalari olib borishgan.

Usmonlilar imperiyasi bilan diplomatik aloqalari



Ubaydullaxon II taxtga chiqishi bilan Usmonli sultoniga elchi yuboradi. Ubaydullaxon II Istambulga Xoja Mahmud Aminni yuboradi va sulton Ahmad III (1703—1730) taxtga kelganligi munosabati bilan tabriklaydi. U elchi bilan yuborgan maktubida oʻzi erishgan muvaffaqiyatlar jumladan, Xorazmga yurishlari va qozoq qabilalari ustidan gʻalabasi haqida aytib oʻtadi.

Rossiya bilan diplomatik munosabatlar



Buxoro xoni Ubaydullo Bahodirxon 1705-yilda Rossiyaning poytaxti Moskvaga Olimbek Qochoqbekni elchi sifatida yuboradi. Elchilik karvonida Ubaydullaxonning 35 ta, elchining 15 ta odami hamda savdogar Mirqurbon Mirgadoyevning o‘zi va unga tegishli 7 ta kishi bo‘lgan.
1705-yil 17-fevral kuni tantanali qabul marosimida elchi tomonidan topshirilgan xon yorlig‘ida yozilishicha, yaqindagina Xivani egallagan Ubaydullaxon II o‘zining rus hukmdori bilan oldindan olib borilgan do‘stlik aloqalarni davom ettirish kabi masalalar bildirilgan. Bu elchilikda birgalikda kelgan savdogar Mirzayev rus podshosiga yaqin hisoblangan knyaz Boris Galitsinga bir noma topshirib, Moskvada buxorodan keltirilgan mollarni sotishga ruxsat soʻraydi va sotib olinadigan mollardan soliq olinmasligini iltimos qiladi. Elchi va savdogarlar talabi bajariladi. Ubaydullaxon II elchilariga minnatdorchilik bildiriladi va buxoroliklarning Rus davlatida erkin savdo qilishlariga ruxsat beriladi. Ubaydullaxon II yuborgan sovgʻalar uchun rus hukmdori Pyotr I minnatdorchilik bildiradi va xonga chervonlar yaʼni oltin pullar hadya etadi.

Manbalar




Adabiyotlar



Ilmiy adabiyotlar





uz.wikipedia.org


Uzpedia.uz