Ubaydulla Uvatov
Ubaydulla Murodovich Uvatov (1940-yil 23-fevral, Gʻuzor tumani, Qashqadaryo viloyati, Oʻzbekiston SSR, SSSR — 2020-yil 3-noyabr, Toshkent, Oʻzbekiston) — atoqli oʻzbek sharqshunos olimi, tarixchi, tarix fanlari doktori, professor. Olim temuriylar davri tarixi, shuningdek, oʻrta osiyolik allomalar ilmiy merosi, manbashunoslik va hadisshunoslik boʻyicha ilmiy tadqiqotlar olib borgan. Bundan tashqari, hujjatli filmlar va spektakllar ssenariysi muallifi hamdir[⇨].
Ubaydulla Uvatov turli yillarda tarjimon, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devoni konsultativ sektor boʻlimi mudiri (1991—1992), Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisning birinchi oʻrinbosari (1992—1995), Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Sharqshunoslik instituti yetakchi ilmiy xodimi (1995—1997), „Amir Temur“ xalqaro xayriya jamgʻarmasi (1997—1999) va „Oltin meros“ xalqaro xayriya jamgʻarmasi raisining birinchi oʻrinbosari (1999—2000), Toshkent islom universitetining Islomshunoslik ilmiy tadqiqot markazi, keyinchalik universitetning Manbalar xazinasi boʻlimi mudiri (1999—2008), Imom Buxoriy xalqaro markazi rahbari (2008—2013) va umrining oxiriga qadar Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori (2013—2020) lavozimida faoliyat yuritgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlariga asosan „Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi“ faxriy unvoni, „Mehnat shuhrati“ va „Fidokorona xizmatlari uchun“ ordenlari bilan taqdirlangan[⇨].
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi tomonidan akademiya talabalari uchun olim nomidagi maxsus stipendiya taʼsis etilgan.
Ubaydulla Uvatov vafotidan soʻng oʻzi taʼlim olgan Gʻuzor tumanidagi 1-umumtaʼlim maktabi va ushbu tumandagi ikki koʻchaga olimning nomi berilgan. Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida hozirga qadar olimning xotirasiga bagʻishlab ilmiy-amaliy anjumanlar, xotira va maʼrifat kechalari oʻtkazilib kelinmoqda[⇨].
Tarjimayi holi
Ubaydulla Murodovich Uvatov 1940-yil 23-fevralda Qashqadaryo viloyati, Gʻuzor tumani, Pachkamar qishloq fuqarolar yigʻini, Chuchuk ota qishlogʻida chorvador oilasida tugʻilgan. Dastlab oʻrta maʼlumotni ushbu tumandagi 1-umumtaʼlim maktabida olgan. 1958—1964-yillarda Toshkent davlat universiteti sharqshunoslik fakultetini arab filologiyasi mutaxassisligi boʻyicha tugatib, 1964-yili ushbu universitetda oʻqituvchi boʻlib ishlagan. 1967—1970-yillarida Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Sharqshunoslik instituti aspiranturasida tahsil olgan.
Olim 2020-yil 3-noyabr kuni 80 yoshida vafot etgan va Toshkentdagi Said Vaqqos ota qabristoniga dafn qilingan.
Faoliyati
Ubaydulla Uvatov dastlab 1962—1963-yillari Misr Arab respublikasida arab tili boʻyicha tarjimon, 1964—1966-yillari Toshkent davlat universiteti oʻqituvchisi, 1966—1967-yillari va 1975—1978-yillarda Iroq davlatida tarjimon,1982—1985-yillarda Liviya Xalq respublikasida tarjimon vazifasida faoliyat yuritgan. 1991—1992-yillari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devoni konsultativ sektor boʻlimi mudiri, 1992—1995-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari lavozimida ishlagan.
1995—1997-yillari Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Sharqshunoslik institutida yetakchi ilmiy xodim, 1997—1999-yillari „Amir Temur“ xalqaro xayriya jamgʻarmasi va 1999—2000-yillarda „Oltin meros“ xalqaro xayriya jamgʻarmasi raisining birinchi oʻrinbosari, 1999—2008-yillari Toshkent islom universitetining Islomshunoslik ilmiy tadqiqot markazi, keyinchalik universitetning Manbalar xazinasi boʻlimi mudiri, 2008—2013-yillarda Imom Buxoriy xalqaro markazi rahbari, 2014—2020-yillari Oʻzbekiston maʼrifatparvarlar jamiyati raisi, 2017—2020-yillari Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori hamda oʻrindoshlik asosida Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasining „Islom sivilizatsiyani oʻrganish ICESCO“ kafedrasi professori vazifasida faoliyat olib borgan.
Shuningdek, olim Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi Ixtisoslashgan kengashining doimiy aʼzosi, „Islom nuri“ gazetasi, „Imom Buxoriy saboqlari“ jurnalining tahrir hayʼati aʼzosi boʻlgan.
Ilmiy faoliyati
Olimning ilmiy-tadqiqiy faoliyati asosan temuriylar davri tarixi, oʻrta osiyolik allomalar ilmiy merosi, manbashunoslik va hadisshunoslikka oiddir. Ubaydulla Uvatov arab, fors, rus, fransuz tillarini mukammal bilgan. 1974-yil 12-aprelda Ibn Arabshohning „„Ajoib al-maqdur fi tarixi Taymur“ (tarjimasi „Temur tarixida taqdir ajoyibotlari“) asarining tarjimasi va ilmiy tahlili“ mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilib, filologiya fanlari nomzodi ilmiy darajasini oladi. 2002-yil 16-iyun kuni Toshkent islom universitetida „Movarounnahr va Xuroson olimlarining hadis ilmi rivojida tutgan oʻrni (Buxoriy, Muslim, Termiziy)“ mavzusida doktorlik ilmiy ishini himoya qilib, tarix fanlari doktori ilmiy darajasi olgan. 2008-yilda professor ilmiy unvoni berilgan.
Ubaydulla Uvatov oʻz ilmiy faoliyati davomida 300 dan ortiq maqola, 50 ga yaqin kitob va risolalar muallifi hisoblanadi. Ilmiy asarlarning aksariyati rus, arab, turk tillarida Misr, Rossiya, Turkiya, Saudiya Arabistoni, Qozogʻiston va Qirgʻizistonda nashr etilgan.
Arab tilidan tarjima qilingan asarlar Kitoblari Ssenariylari Ubaydulla Uvatov Mahmud az-Zamaxshariy haqidagi „Fasohat ilmining sultoni“ hujjatli filmi (2014-yil), „Hakim Termiziy“ hujjatli filmi (2017-yil), „Allomai zamon“ spektakli (2019-yil) ssenariysi muallifidir.
Unvon va mukofotlari
Xotira
2021-yil fevral oyida Ubaydulla Uvatov tavalludining 81 yilligi munosabati bilan Gʻuzor tumanidagi 1-umumtaʼlim maktabida „Inson xotira bilan tirik, qadr bilan barhayot“ nomi ostida xotira kechasi va maʼnaviy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi. Tadbirda olim oʻzi taʼlim olgan 1-umumtaʼlim maktabiga hamda tumandagi Elhaqi va Chorvadorlar koʻchalariga Ubaydulla Uvatov nomi berilganligi eʼlon qilindi. 2021-yil 23-fevral kuni Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida „Ubaydulla Uvatov — manbashunoslik va hadisshunoslik dargʻasi“ mavzusida ilmiy-amaliy anjuman oʻtkazildi. Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi tomonidan akademiya talabalari uchun Ubaydulla Uvatov nomidagi maxsus stipendiya taʼsis etilgan.
Manbalar
Havolalar
uz.wikipedia.org