Tuyaboʻgʻiz Suv Ombori
Tuyaboʻgʻiz suv ombori (Toshkent dengizi) — Ohangaron daryosining oʻrta oqimida barpo etilgan gidrotexnika inshooti. 1962-yilda qurilgan. Daryo suvini mavsumiy tartibga soladi. Umumiy hajmi 250 mln.m³, foydali hajmi 224 mln. m³ ni tashkil etadi. Suv yuzasi maydoni 20 km². Oʻrtacha chuq. — 12,5 m. Koʻtarma tuproq toʻgʻon, chap va oʻng qirgʻoq suv chiqargichlar va suv tashlagichdan iborat. Toʻgʻonning uz. 2,4 km, ikki chekkasi qumoq tuproqdan qurilgan. Ombor gidrouzeli 1,9 km uzunlikdagi dambaga tutashgan. Toʻgʻon ustidan Toshkent — Bekobod avtomobil yoʻli oʻtadi. 440 m uzunlik va suv sarfi 760 m³/sek boʻlgan tezoqar koʻrinishidagi suv tashlagich suvni 34 m pastlikka uzatadi. Suv tashlagichning yemirilishini bartaraf etish uchun undan 600 m uzoqlikda umumiy bal. 40 m boʻlgan ochiq tipdagi ikki bosqichli sharshara qurilgan. Suv omboridan Qorasuv daryosiga va Tuyaboʻgʻiz chapqirgʻoq kanaliga suv beriladi. Suv ombori atrofida dam olish zonasi tashkil etilgan. Suv ombori Toshkent viloyatining Boʻka, Oqqoʻrgʻon, Oʻrta Chirchiq, Quyi Chirchiq tumanlarida sugʻoriladigan yerlarning suv taʼminotini yaxshilashga imkon berdi. 2019-yilning 27-mart kuni elektrostansiya qurib bitkazildi.
Manbalar
uz.wikipedia.org