Tutun nima?
Tutun — bu, yoqilg’ilar ayrim turlari to’lig’icha yonmasligining natijasi. Bu degani, agar barcha yoqilg’ilar to’liq yonganda tutun mutlaqo bo’lmaydi, demakdir. Yoqilg’ilarning aksariyat turlari uglerod, vodorod, kislorod, azot, oz miqdordagi oltingugurt va mineral kuyindilardan tarkib topadi. Mabodo aytilganlarning barchasi to’lasincha yonganida, chiqindi mahsulotlar uglerod ikki oksidi, suv bug’lari va erkin azotdan bo’lur ediki, basharti bularning hammasi zararsizdir. Yoqilg’i tarkibida oltingugurt mavjud bo’lganida oltingugurt ikki oksidining arzimas miqdori yonmasdan qoladi. U havo va namlik bilan birikkanida metallarni korroziyaga duchor qiladigan kislota hosil bo’ladi. Yoqilg’ining to’la yonishi uchun yuqori haroratda oksidlanishga yetarli bo’lgan kislorod miqdori kerak. Bunga, ayniqsa qattiq yoqilg’i yonayotganida erishish qiyin va natijada tutun vujudga keladi. Antrasit va koks ular tarkibida uchuvchan moddalar bo’lmagani tufayli tutunsiz yonadi. Bitumli ko’mirlar past haroratlarda parchalanadi, bunda gazlar va qatron ajratib chiqaradi. Ular chang va kul bilan birikib tutun hosil qiladi. Istalgan shahardagi havo muallaq suzib yuruvchi qattiq birikmalarga to’la, ammo ularning hammasi ham tutun emas. Tutunda chang, o’simliklar xaslari va boshqa moddalar bo’lishi mumkin. Gravitatsiya kuchlari ta’siri ostida ularning hammasi bora-bora quyiga tusha boshlaydi. Kichik shaharlar yoki shahar atroflarida har yili bir kvadrat kilometr maydonga bu ushoqlarning 70 dan tortib 90 tonnasigacha tushadi. Yirik sanoatlashgan shaharlarda esa bu raqamlar qanday bo’lishini bilish uchun boya keltirilganlarni, qani, bir 10 ga ko’paytirib ko’ring-chi! Tutun bir talay zararlar keltirishi mumkin. U sihat-salomatlikka, imoratlarga, o’simliklarga ziyon-zahmat yetkazadi. Katta shaharlarda tutun Quyosh yog’dusi, ayniqsa inson salomatligi uchun judayam zarur bo’lgan ultrabinafsha nurlarning tushishiga to’sqinlik qiladi. Mabodo shamol tutunni tarqatib yubormaganida, shahardagi tuman uzzukun turgan bo’lur edi. Tutunga to’yingan tuman ko’p uchraydigan joylarda o’pka va yurak xastaliklaridan vafot etish darajasi ortib ketadi. Tutun ta’siri ayniqsa o’simliklar uchun xavflidir. U o’simliklar “nafas olishi”ga xalaqit beradi va ularni Quyosh nuridan mahrum etadi. Aksariyat hollarda tutun tarkibidagi kislotalar to’g’ridan-to’g’ri giyohlarni o’limga mahkum qiladi! Hozirgi paytda ko’plab shaharlarda tutun va uning zararli ta’sirlariga qarshi faol kurash olib borilmoqda.
Manba
Mo’jiza kitobning 3-jildi
Uzpedia.uz