Tursunboy Boymirov
Tursunboy Boymirov (1949-yil Qashqadaryo viloyati, Qamashi tumani, Chuqurli qishlogʻi) — taniqli oʻzbek adabiyotshunosi. „Shuhrat“ medali sohibi. Respublika xalq taʼlimi aʼlochisi.
Tarjimai holi
Tursunboy Boymirov 1949-yil Qashqadaryo viloyati, Qamashi tumani, Chuqurli qishlogʻida tavallud topgan. Qarshi davlat universitetida tahsil olgan. Dastlab qishloqdagi maktabda muallim boʻlib ishlagan. Ikki marta viloyat kengashi deputati boʻlib faoliyat olib borgan.
Ijodi
Tursunboy Boymirovning „Baloyi-bad“, „Yo, otamning qoʻli“, „Birinchi maosh“, „Tabassum“, „Iztirob“, „Boburtepa qirlarida bahor“, „El farzandi“, „Oq oʻtov“, „Qamashi va qamashiliklar“, „Elda eʼzoz topganlar“ nomli bir qator nasriy kitoblari chop etilgan. Hozirda adibning Oʻzbekiston radiosining „Tabassum“ jurnalida va „Teleminiatyura teatri“ da intermediyalari, hajviy asarlari eʼlon qilinmoqda. „Mushtum“ jurnalida ham bir qancha asarlari nashr etilgan.
Asarlarining mazmuni
Adibning „Oqburun“ nomli qissasida insonga sodiq va doʻst boʻlgan jonivor ot haqida hikoya qilingan. Ot koʻpkarida gʻolib boʻlgan, begonaning qoʻliga borganda ham oʻz egasiga sodiqlik koʻrsatib oʻz uyiga besh marotaba qaytib kelgan. Hayratlanadigan tomoni shuki, umrining soʻngi kunida oʻzi tugʻilgan joyiga kelib jon bergan.
„Dard“ nomli qissasida „Tigʻ tegmagan daraxt yoʻq“ degan hikmat asos qilib olingan. Voqea bir kechalik ziyofat davomida aytilgan dard va hasratlardan iborat.
„Koʻchki“ — nomli qissasi archa va yovvoyi dov-daraxtlar bagʻridagi moʻjazgina qishloq fojeasi haqida. Yillar oʻtishi bilan qishloqni oʻrab turgan oʻrmonlar kesilganligi, qishloqqa yaqinda koʻchib kelgan Moʻmin qori odamlarni halokat keltiruvchi ishlardan qaytarmoqchi boʻlib koʻp harakat qilganligi haqida hikoya qilingan. Adib qancha qishloqni saqlab qolishga urinishmasin baribir koʻchki bu qishloqni yutib yuborganligi toʻgʻrisida yozgan.
Manbalar
uz.wikipedia.org