Turon (teatr)




"Turon" — teatr truppasi. Jadidlarning 1913-yil Toshkent shahrida ochilgan birinchi teatr truppasi. Truppaning badiiy rahbari — Abdulla Avloniy, maʼnaviy va moddiy homiysi Munavvarqori Abdurashidxonov va boshqa Toshkentning moʻtabar kishilari boʻlgan. Nizomiddin Xoʻjayev, Badriddin Aʼlamov, Shokirjon Rahimiy, Muhammadjonqori Poshshaxoʻjayev, Fuzail Jonboyev, Hasanqori, Sameʼqori Ziyoboyev, Qudratilla Yunusiy va boshqa, 1916-yildan Mannon Uygʻur, Gʻulom Zafariy, Sulaymon Xoʻjayev kabilar truppaning asosiy kuchlari hisoblangan. Truppa oʻz faoliyatini 1914-yil 27 fevralda Toshkentdagi "Kolizey" teatri binosi (2000 tomoshabinli)da "Padarkush" (M. Behbudiy) spektakli bilan boshlagan. Bosh rollarni Abdulla Avloniy, S. Ziyoboyev, M. Poshshaxoʻjayev, B. Aʼlamovlar ijro etganlar. Spektaklni ozarbayjonlik aktyor va rejissyor Aliasqar Asqarov qoʻygan. 1915-yil shu spektakl N. Xoʻjayev tomonidan qayta sahnalashtirilgan. Ketma-ket N. Qudratillaning "Toʻy", A. Krdiriyning "Baxtsiz kuyov", A. Avloniyning "Advokatlik osonmi?" kabi asarlari sahnalashtirilgan. Ozarbayjon aktyori va rejissyori Ruhillo Sidki 1914—16 yillar Toshkentga ijodiy safari davomida "T." teatri aʼzolari oʻrtasida musiqali drama janriga qiziqish uygotgan. Ozarbayjonlarning "Layli va Majnun" spektaklida "T." truppasi aʼzolari ham birga rol uynaganlar.Teatr muhim mavzu va janr doirasi asosida keng repertuar yaratish imkoniyatiga, Toshkentning eski va yangi shahar qismida oʻzining qishlik va yozlik binosiga ega teatr jamoasi darajasiga koʻtarilgan. "Pinak" (A. Avloniy), "Mazluma xotin" (X. Muin), "Oʻliklar" (M. Qulizoda) kabi spektakllar bilan oʻz repertuarini boyitgan. 1917-yil Oktyabr toʻntarishidan soʻng "T." teatri hukumat ixtiyoriga olinib, unga davlat teatri maqomi berilgan. Turli davrda turli nomlar bilan yuritilgan. Mannon Uygʻur teatrning yetakchisi, badiiy rahbari boʻlgan (qarang Oʻzbek milliy akademik drama teatri).

uz.wikipedia.org


Uzpedia.uz