Turob Jumayev
Turob Jumayevich Jumayev (1938-yil 10-may, Sherobod, Surxondaryo okrugi, OʻzSSR) – oʻzbek iqtisodiy geograf olimi, togʻshunos olim, geografiya fanlari nomzodi, professor. Iqtisodiy geografiya, ekologiya iqtisodiyoti va mintaqa iqtisodiyoti sohalari boʻyicha taniqli olim.Togʻ mintaqalarini kompleks tadqiq etishning metodologik asoslarini ishlab chiqqan olim. Gidrometereologiya ilmiy tadqiqot instituti huzuridagi nomzodlik dissertatsiyalari boʻyicha Ixtisoslashgan ilmiy kengash aʼzosi. Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti faxriy professori. „Mehnat faxriysi“ medali sohibi.
Yoshligi
Jumayev Turob Jumayevich 1938-yil 10-mayda Surxondaryo viloyati Sherobod tumanidagi Tupor qishlogʻida tugʻilgan. 1956-yilda Sheroboddagi 1-oʻrta maktabni „a’lo“ baholar bilan tamomlab, oʻsha yili Termiz pedagogika bilim yurtiga oʻqishga kirdi. XX asrning 50—60-yillarida Surxondaryo viloyatidan yetishib chiqqan qator fan va ta’lim arboblari mazkur bilim yurtida tahsil olishgan. Shu bois olimning xotiralashicha, „bilim yurtida oʻtgan ikki yil uning uchun dastlabki katta hayot maktabi boʻlgan edi“. Bilim yurtini imtiyozli diplom bilan tugallagan Turob Jumayev 1958-yilda Toshkent davlat universitetining (hozirgi Oʻzbekiston Milliy universiteti) Geografiya fakultetiga oʻqishga kirdi. Iqtisodiy geograflar tayyorlashga taniqli iqtisodchi olimlar-professorlar O.Jamolov, K.Xapkin va boshqalarning jalb qilinishi boʻlajak olimning iqtisodiy geografiya sohasini tanlashiga turtki boʻldi. Talabalik davrida bajargan „Sherobod tumaniga iqtisodiy-geografik ta’rif“ mavzusidagi diplom ishi ustozlari tomonidan yuqori baholanadi. Turob Jumayev 1963-yilda universitetni iqtisodchi-geograf iqtisosligi boʻyicha imtiyozli diplom bilan tomomlagach, amaliy faoliyatini 1963—1965-yillarda Sherobod tumanidagi maktabda geografiya oʻqituvchisi sifatida boshladi. Yosh iqtidorli mutaxasis ilmiy tadqiqotlarini davom ettirish maqsadida 1965-yilda Toshkent davlat xalq xoʻjaligi institutiga (hozirgi Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti) aspiranturaga oʻqishga kiradi. Ana shu vaqtdan buyon olimning ilmiy pedagogik faoliyati shu dargoh bilan bevosita bogʻliq.
Faoliyati
Ilmiy faoliyati
Mamlakatimiz hududining 22 foizini tashkil etuvchi togʻli mintaqni tabiiy va iqtisodiy-geografik jihatdan oʻrganish muhim amaliy ahamiyat kasb etadigan ilmiy yoʻnalishlardan biridir. Shuning uchun respublikamizning togʻ mintaqasiga bevosita tutash Toshkent, Fargʻona, Samarqand va Surxondaryo viloyatlari geograflari tomonidan ushbu muammo chuqur oʻrganilgan. Shu oʻrinda ilmiy salohiyatini togʻli hududlar iqtisodiy geografiyasini oʻrganishga, ekologik va mintaqaviy iqtisodiyot masalalariga bagʻishlagan olim, geografiya fanlari doktori, professor Turob Jumayevich Jumayevning xizmatlarini alohida takidlash joiz. Ilmiy-pedagogik faoliyatini iqtisodiyotning turli tarmoqlari uchun yuqori malakali iqtisodchi mutaxasislar tayyorlash ishiga baxshida etgan olim oʻzbek geografiyasining fidoyilaridan biri sifatida salmoqli ilmiy asarlarni yaratadi. 1965-yildan 2013-yil oktabr oyigacha, pensiyaga chiqqunga qadar qariyib 50 yillik ilmiy pedagogik faoliyati Toshkent xalq xoʻjaligi instituti (hozirgi Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti) bilan uzviy bogʻliq boʻldi. 1965—1968-yillarda „Iqtisodiy geografiya“ kafedrasini aspiranti. 1968-yildan irrigatsiya muammolari labaratoriyasining katta ilmiy xodimi, 1969-yildan „Iqtisodiy geografiya“ kafedrasining assistenti, 1971-yildan katta oʻqituvchisi, 1974-yildan dotsent, 1989-yildan „Mintaqa iqtisodiyoti va ekologiya“ kafedrasi dotsenti. 2005-yildan „Mehnat iqtisodiyoti va aholishunoslik“ kafedrasi professori, 2006-yildan „Tarmoqlar iqtisodiyoti“ kafedrasi professori, 2012-yildan 2013-yil oktabr oyigacha „Sanoat iqtisodiyoti“ kafedrasi professori lovozimlarida ishladi. Turob Jumayevich Jumayev mohir pedagog sifatida va oʻzining ilmiy salohiyati kengligi, nazariy tahlilning chuqurligi, tadqiqotlarning ilmiy-amaliy ahamiyati boʻyicha ajralib turadi. 2018-yilda Oʻzbeksiton Geografiya jamiyati Turob Jumayevich Jumayevni 80 yillik yubleyi bilan samimiy qutlagan va Oʻzbekiston Geografiya jamiyatining 53-jildli axbarotnomasida ham buni eslab oʻtadi. Olim 2014-yildan nafaqada.
Ilmiy ishi
Turob Jumayevich Jumayev 1971-yilda Toshkent xalq xoʻjaligi institut ilmiy kengashida iqtisod fanlari nomzodi ilmiy darajasini olish uchun „Surxondaryo viloyati togʻ zonasi qishloq xoʻjaligining rivojlanishi va joylashishi muammolari“ mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli yoqlaydi. Mazkur ilmiy tadqiqot ishida Surxondaryo viloyati togʻoldi mintaqasi qishloq xoʻjaligini rivojlantirish va joylashtirishning holati va uning iqtisodiy samaradorligiga oid qator masalalar kompleks oʻrganilgan va shu asosda tegishli ilmi-amaliy tavsiyalar ishlab chiqilgan. 1977-yilda dotsent ilmiy unvonini oladi. 2004-yilda Oʻzbekiston Milliy universiteti ixtisoslashgan ilmiy kengashida iqtisodiy va ijtimoiy geografiya yoʻnalishi boʻyicha „Oʻzbekiston togʻ zonasining barqaror rivojlanishi“ mavzusida doktorlik dissertatsiyasini yoqladi. Mazkur tadqiqot ishida olim quyidagi ilmiy-metodologik va amaliy ishlanmalarni asoslab bergan:
2005-yil TDIU ilmiy kengashi qaroriga asosan kafedra professorligiga saylanadi. Togʻ mintaqalarini kompleks tadqiq etishning metodologik asoslarini ishlab chiqqan olim oʻzbek geograflari oʻrtasida togʻshunos olim sifatida taniladi. Olimning nomzodlik va doktorlik dissertatsiyasiyalarida hamda „Oʻzbekiston togʻlari: tabiati, xoʻjalgi, dam olish (mintaqaviy muammolar)“ (1989), „Oʻzbekistonning togʻli joylarida qishloq xoʻjaligi“ (1982) kabi asarlarida Oʻzbekiston togʻli mintaqalari geografiyasiga oid masalalar kompleks ravishda yoritiladi.
Pedagogik faoliyat
Turob Jumayevning pedagogik faoliyati toʻgʻrisida alohida toʻxtalib oʻtish kerak. Olim koʻp yillar davomida talabalarga iqtisodiy geografiya va ekologiya, ekologiya iqtisodiyoti, ekologik menejment, ekologik ekspertiza va boshqa fanlardan chuqur mazmunli maʼruzalar oʻqigan va yuqori darajada amaliy mashgʻulotlarni oʻtkazgan. Iqtisodiyot (ekologiya) yoʻnalishi boʻyicha qator namunaviy ishchi dasturlar, modellar tayyorlashda faol ishtirok etgan. Olimning bozor iqtisodiyoti va munosabatlari har tomonlama toʻla hisobga olib yozilgan va nashr qilingan „Ekologiya iqtisodiyoti“ darsligi, „Ekologik ekspertiza“, „Ekologik menejment“ (hammualliflikda), „Tabiatdan foydalanishni strategik rejalashtirish“, „Ikkilamchi resurslardan foydalanishni tartibga solish“ kabi oʻquv qoʻllanmalari iqtisodchi ekologlarni oʻqitishda va tayyorlashda muhim manba boʻlib xizmat qildi. Shuningdek, „Iqtisodiy geografiya“ (hammualliflikda) oʻquv qoʻllanmasidan davlat oliy oʻquv yurtlari talabalari foydalanmoqdalar. Turob Jumayev „Iqtisodiy geografiya“ fani boʻyicha taʼlim texnologiyasi va oʻquv metodik kompleksini (2 ta kitob) ishlab chiqqan va nashr ettirgan. Turob Jumayevich oʻzi taʼlim-tarbiya va bilim bergan va respublikamiz va boshqa mamlakatlarda xizmat qilayotgan koʻp sonli shogirdlarining muvaffaqiyatlari bilan faxrlanishga haqlidir.
Ilmiy tadqiqotlar
Tadqiqotlar Turob Jumayevich Jumayevning ilmiy tadqiqotlarining asosiy yoʻnalishi togʻ hududlari iqtisodiyoti, geografiyasi, ekologiyasi hamda Oʻzbekiston milliy iqtisodiyotini hududiy tashkil etishning fundamental—metodologik, amaliy muammolari hisoblanadi. Olim togʻ zonalarini kompleks oʻrganishning chuqur nazariy metodik asoslarini ishlab chiqishga katta hissa qoʻshgan. U Oʻzbekiston togʻ zonasini barqaror rivojlantirish zarurati va yoʻnalishlarini hamda ularni amalga oshirishning samaradorligini har tomonlama chuqur ilmiy asoslab bergan. „Olimning chuqur bilimi va qobiliyati toʻxtovsiz izlanish, oʻrganish, taqqoslash, tahlil va ularning natijalarini doimiy hisobga olib borishga asoslanishi gʻoyat ibratlidir“ — deb aytadi Toshkent davlat iqtisodiyoti universiteti rektori.
Turob Jumayevich Jumayev Mustaqil davlatlar hamdoʻstligi (MDH) Parlamentlararo Assambleyasi ishlab chiqqan va 2020-yil 27-noyabrda qabul qilingan „Model qonun. Togʻ hududlari rivojlanishi va muhofazasi toʻgʻrisida“ qonunning 2019—2020-yillardagi loyihasi muhokamasida oʻzining qator taklif va tavsiyalari bilan faol ishtirok etdi. Olim tavsiya etgan qator qoʻshimcha va tuzatishlar maʼqullanib, qabul qilindi va ular mazkur qonunga kiritiladi. Bunda shuni alohida taʼkidlash kerakki, Turob Jumayevich Jumayev 2005-yilda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga yoʻllagan „Oʻzbekistonning togʻ mintaqalari: rivojlanishi holati va muammolari“ deb nomlangan ilmiy-amaliy maʼruzasida MDH Parlamentlararo Assambleyasi qonunidan (2020) 15 yil ilgari „Oʻzbekiston Respublikasining togʻ hududlari toʻgʻrisida“ qonun, Milliy togʻ siyosati va maqsadli togʻ dasturini ishlab chiqish zarurligini ilmiy asoslab bergan edi. 2021-yilda Turob Jumayev oʻzining koʻp yillik ilmiy tadqiqot natijalarini jamlagan “Bizning ulugʻvor togʻlarimiz: Yangi Oʻzbekiston togʻ zonasining barqaror rivojlanishi. Nazariya va amaliyot” nomli monografiyasini yozib tamomlab, nashrga tayyorlaydi.
Ekologik iqtisodiyot Turob Jumayev iqtisodchi-ekologlarni tayyorlashga moʻljallangan qator namunaviy va ishchi dasturlani, modellarni ishlab chiqishda faol ishtirok etgan. Olim oʻzining ilmiy ishlarida, asosan, atrof-muhitni ifloslantiruvchi an’anaviy iqtisodiyotning kamchiliklarini ochib berib, fan va amaliyotning nisbatan yangi yoʻnalishi — ekologiya iqtisodiyotining afzalliklari va unga oʻtish zaruriyatini ilmiy asoslab beradi.
Ekologiya iqtisodiyoti — kishilarning yashashi va farovon turmushini ta’minlash uchun tabiat bilan iqtisodiyot oʻrtasidagi optimal muvozanatni ta’minlash masalalarini oʻrganuvchi fandir. Turob Jumayev yaratgan oʻquv adabiyotlarda tabiat va jamiyat oʻrtasidagi oʻzaro aloqalarining aynan ana shu jihatlari keng yoritib beriladi.
Ilmiy nashrlar
Olimning koʻp yillik ilmiy-pedagogik natijalari 160 dan ortiq nashr qilingan ishlarda, shu jumladan, 2 ta monografiya, 3 ta risola, 1 ta darslik, 10 ga yaqin oʻquv qoʻllanmalar, koʻplab ilmiy maqolalarda bayon qilingan.
2015-yilda Turob Jumayevning „Ekologiya iqtisodiyoti: nazariya va amaliyot“ nomli monografiyasi „Iqtisodiyot“ nashriyotida nashr etiladi. Qator ilmiy ishlari xorijiy mamlakatlarda (Rossiya, Latviya, Armaniston, Ozarbayjon, Qirgʻiziston, Tojikiston, Qozogʻiston, Koreya Respublikasi) nashr etilgan. Olim koʻplab respublika va xalqaro konfrensiyalar, simpoziumlarda faol ishtirok etgan. Ilmiy tadqiqot ishlari natijalari boʻyicha qator vazirlik va tashkilotlarga tavsiyanomlar yoʻllagan.
Asosiy ilmiy ishlar roʻyxati
Monografiya va risolalar
Darlik va qoʻllanmalar
Ilmiy maqollardan namunalar
Mukofatlar va yutuqlar
Turob Jumayevich Jumayev koʻp yillik ilmiy pedagogik faoliyati davomida Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti professor-oʻqituvchilari, talabalarning katta hurmatiga sazovor boʻladi, universitet rektorining koʻp marta rahmatnomalarini oladi, respublika oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining faxriy yorligʻi bilan taqdirlanadi. Olim ko’p yillik mehnatlari evaziga „Mehnat faxriysi“ medali bilan mukofotlanadi. Olim Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Iqtisodiyot fakulteti, Sanoat iqtisodiyoti kafedrasi faoliyati va jamoat ishlarida faol ishtirok etadi. Shuningdek, Gidrometereologiya ilmiy tadqiqot instituti huzuridagi nomzodlik dissertatsiyalari boʻyicha Ixtisoslashgan ilmiy kengash aʼzosi sifatida ilmiy kadrlarni tayyorlashga oʻz hissasini qoʻshadi. Qator doktorlik va nomzodlik dissertatsiyalariga rasmiy opponent boʻladi.
Adabiyotlar
Manbalar
uz.wikipedia.org