Turmalin
Turmalin — tarkibida bor tutuvchi alyumosilikatlar guruhiga kiruvchi mineral. Uning nomi singal tilida „turamali“ soʻzidan kelib chiqqan. Turmalin zargarlik buyumlari yasashda Shri-Lankada ishlatib kelingan. XIV asrgacha uning qizil rangda tovlanuvchi turini „laʼl“ deb atab kelishgan.
Xossalari
Turmalin kristallari, odatda, choʻziq prizma shaklida boʻladi. Koʻndalang kesimi qaralganda esa, unda qirralari doiraga yaqinlashgan uchburchaklarni koʻrish mumkin.
Nurning ikkilamchi sinishi −0.014 dan −0.044 gacha. Yorugʻlik dispersiyasi 0.017. Turmalin kristallarida pleoxorizm hodisasi yaqqol roʻy beradi. Bunda toʻq qizil rangdagi turmalin kristallaridan yorugʻlik oʻtkazilganda rangi toʻq qizil, sariq, och sariqqa oʻzgaradi; jigarrang kristallar toʻq qora rangga oʻzgaradi; koʻk kristallar esa toʻq koʻkdan havoranggacha oʻzgaradi.
Yutilish spektri chiziqlari (nanometrlarda): qizil rangli kristall uchun: 555, 537, 525, 461, 456, 451, 428; yashil rangli kristall uchun: 497, 461, 415.
Lyuminessensiya odatda kuchsiz, rangsiz kristallarda — yashil-havorang, qizil kristallarda — pushti-binafsharang, jigarrang, yashil va koʻk kristallarda lyuminessensiya roʻy bermaydi.
Turmalin kristallarining rangi ularning kimyoviy tarkibiga bogʻliq. Baʼzi turmalin kristallari har xil ranglar bilan boʻyalgan bir nechta zonalarga ega. Bunday kristallar „polixrom kristallar“ deb ataladi.
.
Shuningdek, tabiatda qizil oʻzakli yashil kristallar (Braziliya) ham uchraydi. Bunday kristallarni kolleksionerlar „tarvuz kristallar“ deb atashadi. Yashil oʻzakli qizil kristallar esa Janubiy Afrika Respublikasida uchraydi. Turmalinning "mushuk ko'zi" kristali turli ranglarda tovlanadi.
Turmalin kristallarining oʻziga xos xususiyatlaridan biri bu — ularning piro- va pyezoelekrtik xossalariga egaligidir (ular qizdirilganda, ishqalanganda, bosim taʼsirida elektrlanadi. Bunda kristallning bir uchi musbat, boshqa uchi manfiy zaryadlanadi).
Yorugʻlikning qutblanishi hodisasi birinchi boʻlib turmalin kristallarida aniqlangan.
Turmalin kristallarining rangi turlicha boʻlgani uchun bir qarashda boshqa minerallar (ametist, andalusit, vezuvian, giddenit, demantoid, kvars, zumrad, peridot, praziolit, yoqut, sirkon, sitrin) bilan adashtirib qoʻyish mumkin.
uz.wikipedia.org