Turlanish




Turlanish (tilshunoslikda) — otning, aksariyat olmoshlarning hamda harakat nomi va otlashgan sifatdoshlarning kelishik shakllari bilan oʻzgarishi: kitob — kitobning — kitobni — kitobga — kitobda — kitobdan kabi. T. keng maʼnoda otlardagi soʻz oʻzgarishini bildiradi. Shu maʼnoda otlarning egalik affikslari olib oʻzgarishini qam T. deyish mumkin. T. qoidalari esa flektiv va agglyutinativ tillar morfologiyasining asosiy tarkibiy qismi hisoblanadi. T. tizimi turli tillarda bir xil emas (kelishiklar, turlanish tiplari miqdorining har xilligi va boshqalar) hamda tillarning tarixiy taraqqiyoti jarayonida oʻzgarib turadi.

Otning T.i maʼno talabi asosida yuz beradi, chunki ot kelishik shaklida qoʻllanib, gapda boshqa soʻzlar bilan grammatik aloqaga kirishadi, maʼlum sintaktik vazifani bajaradi. Mac: Musiqa dunyoni ham, koʻngillarni ham sexrga, totli tuygʻularga toʻldiradi.

Oʻzbek tilida har bir kelishik bir necha maʼnoni ifodalaydi, shunga koʻra, maʼlum bir kelishikdagi soʻz gapda har xil gap boʻlagi vazifasida keladi. Lekin kelishik maʼnolaridan biri asosiy boʻlib, kelishik shu asosiy maʼnoga koʻra nomlanadi. Kelishiklar boʻyicha T., asosan, otning feʼl bilan, otning ot bilan grammatik aloqasini koʻrsatadi.

Ilhom Madrahimov.



uz.wikipedia.org


Uzpedia.uz