Turkon Xotun




Turkon xotun (asli Terkan „oliy nasabli“, „zodagon oilaga xos“, „xotun“ — malika) (? — 1232/33. 18/6.10) — Anushtegin asos solgan xorazmshoxlar sulolasining soʻnggi hukmdori Alouddin Muhammad xorazmshoh (1200—1220)ning onasi. Juvayniyning taʼkidlashicha, Turkon xotun qangʻli urugʻidan boʻlgan xoni Aqran (Jonkishi)ning qizi edi. Tarixiy manbalarda taʼkidlanishicha, Sulton Muhammad hukmronligi davrida Turkon xotun saltanat ishlarida yetakchi mavqeni egallagan, uning farmoyishlari va maslahatlari oʻgʻli tomonidan soʻzsiz bajarilgan. Turkon xotunning rahnamoligida saroy ahli, zodagonlar bir necha guruhga boʻlinib, oʻzaro adovat qilganlar. Kipchoqlardan tashkil etilgan oliy martabali sarkardalar Turkon xotun bilan yaqin boʻlib, aksariyat saroyda sultonga qarshi boʻlib turgan bironbir guruhga boshchilik qilganlar. Saltanat ishlari deyarli Turkon xotun tomonidan boshqarilgan. Koʻp hollarda Muhammad xorazmshox. tarafidan eʼlon qilingan hukm va farmoyishlar Turkon xotun tomonidan hech qanday asossiz, kengashsiz bekor qilinar edi. Juvayniyning yozishicha, Gurganch (Urganch) Turkon xotunning xos poytaxti hisoblangan, uning xos saroyi va iqtosi mavjud boʻlgan. Turkon xotun nafaqat sulton, balki moliyaviy ishlar, arkoni davlat va saroy amaldorlari ustidan ham hukmronlik qilgan.

Ibn al-Asirning qayd etishicha, Turkon xotun 1220-yil Ilol qalʼasida moʻgʻullarga asir tushadi va xizmatkorlari bilan birgalikda Toliqonda turgan Chingizxon huzuriga yetkaziladi. Asirlar safida boʻlgan vazir Malik Nosiruddin Hazoraspiy qattiq qiynoklarga solinadi va sultonning farzandlari qatori qatl etiladi. Moʻgʻuliston tomon otlangan Chingizxon bir necha kun Samarqandda toʻxtashga qaror qiladi hamda Turkon xotun va sultonning omon qolgan xotinlariga xorazmshoxlar saltanati uchun aza ochish, yaʼni moʻgʻul askarlari oldiga chiqib baland ovoz bilan yigʻlashni buyuradi. Chingizxon koʻrsatmasiga binoan, Qoraqurumga keltirilgan Turkon xotun qashshoqlikda umr kechiradi va shu yerda vafot etadi.

Adabiyot




Hamidulla Dadaboyev.

uz.wikipedia.org


Uzpedia.uz