Turkiston (shahar)




Turkiston (qozoqcha: Түркістан, Türkıstan, تۇركىستان) — Qozogʻiston Respublikasi Turkiston viloyatining maʼmuriy markazi. Sirdaryoning oʻrta oqimida. Chimkentdan 160 km (100 mi) shimoli-gʻarbda, shimolda Qiziloʻrda va janubda Toshkent oʻrtasidagi Toshkent temir yoʻli yoqasida joylashgan. Aholisi oʻn yil ichida 102 505 kishidan (1999-yilgi aholini roʻyxatga olish) 142 899 kishiga (2009-yilgi aholini roʻyxatga olish) koʻpaydi. Hozirda aholisi 220 133 kishi. Shaharda 46 millat vakillari yashashadi. Shahar tarkibiga 12 qishloq va 5 mikrarayon kiradi. Turkistonning eng koʻzga koʻringan tarixiy va madaniy boyligi YuNESKOning Butunjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan Xoʻja Ahmad Yassaviy maqbarasidir. Shaharga Hazrati Sulton xalqaro aeroporti xizmat koʻrsatadi.

2021-yilda Turkiston Turkiy davlatlar tashkiloti tomonidan „Turk dunyosining maʼnaviy poytaxti“ deb eʼlon qilindi. Oʻsha yili Turkiston Qozogʻistonning eng yaxshi sayyohlik yoʻnalishlari oʻntaligiga kirdi.

Aholisi



1999-yilgacha shahar aholisi oʻzgarishi quyidagicha:
1979-yil — 65,443
1989-yil — 77,692
1999-yil — 85,613
2009-yilgacha shahar aholisi oʻzgarishi quyidagicha:
1999-yil — 102 505
2009-yil — 142 899
Turkiston aholisi 2013-yilgi statistika boʻyicha 246,521 kishini tashkil qildi, shulardan shahar aholisi — 62,4 %, qishloq aholisi − 37,6 %.

Geografiyasi



Turkiston shahri eng yaqin yirik shahar sanaladigan Chimkent shahridan 170 km. uzoqlikda joylashgan. Turkistonga Olmaotadan poezdda, qariyb 20 soatlik yoʻlda yetib borish mumkin. Shaharning sharqiy tomoni Otirar tumani, shimol tomoni Kentov shahri va Sozaq tumani, gʻarb tomonidan Qiziloʻrda viloyatining Yangiqoʻrgʻon tumani bilan chegaradosh.

Iqlimi



Turkiston qishi qisqa, sovuq va yozi uzoq, quruq, juda issiq boʻlgan salqin yarim qurgʻoqchil iqlimga ega (Köppen BSk). Yillik yogʻingarchilikning katta qismi kech kuz va kech bahor oraligʻiga toʻgʻri keladi.

Tarixi




Turkiston qadimgi shahar. Muhim hunarmandchilik va savdo markazlaridan biri. Arab geograflari asarlarida keltirilgan maʼlumotlarga koʻra, 4—10-asrlarda Turkiston oʻrnida Shavgar (Shovajar) shahar mavjud boʻlgan. 12—16-asrlarda esa Yassi deb atalgan. Sharafuddin Ali Yazdiyning „Zafarnoma“sida Turkiston qishloq (qarʼyat) tarzida berilgan. „Turkiston“ nomi 16-asrdan maʼlum. Oʻsha davrda shahar Hazrati Turkiston nomi bilan ham mashhur boʻlgan. XVI—XVII asrlarda Qozoq xonligining poytaxti boʻlgan. Turkiston shahrida Abilayxon, Abulxayrxon, Ishimxon va boshqa qozoq xonlarining maqbaralari joylashgan. Qozoq xonligi Xitoy va Jungʻor xonliklari bilan urushi paytida Amir Umarxon Turkistonni Qoʻqon xonligi tarkibiga kiritgan. 1864-yilda Rossiya bosib olgan (Chimkent uyezdidagi shahar, 1867-yildan Sirdaryo viloyatidagi shahar).

Sanoati



Turkistonda temirchilik presslash jihozlari, „Sana“, „Texosnastka“ sanoat korxonalari, paxta tozalash, qurilish materiallari, chorva mollariga beriladigan antibiotiklar zavodlari bor.

Ijtimoiy soha



Turkistonda 4 universitet, 72 umumiy taʼlim maktabi va kollejlar faoliyat koʻrsatadi. Shaharda Amir Temur qurdirgan Yassaviy maqbarasi majmuasi (14-asr oxiri) saqlanib qolgan. 2000-yil oktabrda Turkistonning 1500 yillik yubileyi nishonlandi.

Turizm



2021-yilda Turkistonda Markaziy Osiyodagi eng yirik turizm majmuasi Karvonsaroy (qozoqcha: Керуен-сарай ochildi. Bu noyob attraksionda savdogarlar, hunarmandlar, uchar teatr, ot sporti shoulari uchun amfiteatr, bozor, mehmonxonalar, restoranlar, kurort va fitnes markazi, kinoteatr va oilaviy dam olish markazi mavjud .

Transport tizimi



Turkistonda shahar transporti avtobus va taksilardan iborat.

Turkistonga Hazrati Sulton xalqaro aeroporti xizmat koʻrsatadi. U shahar markazidan 15 km (9.3 mi) shimolda joylashgan.

Qardosh shaharlari




Yana qarang




Manbalar




Havolalar




uz.wikipedia.org


Uzpedia.uz