Turkiston dipkadiysi
Turkiston dipkadiysi (lotincha: Dipcadi turkestanicum) — chuchmomadoshlar oilasi, dipkadiy turkumiga mansub, piyozchali ko‘p yillik o‘t o‘simlik. Birinchi marta Aleksey Ivanovich Vvedenskiy tomonidan tasvirlangan. O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga yo‘qolib borayotgan, endemik tur sifatida kiritilgan. Surxondaryo viloyati, Sherobod vodiysida joylashgan Xovdak qoldiqtog‘ida uchraydi.
Tavsifi
Balandligi 15—20 sm gacha yetadigan piyozchali, ko‘p yillik, o‘t o‘simlik. Piyozboshisi tuxumsimon, tashqi tomondan kulrang, yupqa qobiq bilan o‘ralgan. Barglari 2-3 dona, eti qalin, qalami novsimon shaklda. Poyasi nozik, yashil tusda. Guli ikki jinsli, aktinomorf. Gulqo‘rg‘oni olti a'zoli, erkin. Gulbarglari erkin, qo‘shilmagan, qalin, yarim oysimon egilgan, tashqi tomoni xiraligi ko‘kimtir, oq xoshiyali, ichki tomoni oqish tusda. Aprelda gullab mevasi may oyida pishib yetiladi. Mevasi — ko‘sak meva. Urug‘i ingichka qanotlarga ega, shamol orqali tarqalidi. Urug‘idan va piyozchasidan ko‘payadi.
Tarqalishi va o‘sish sharoiti
Tabiatda kam tarqalgan, endemik tur. 1975—yilda 2 tupi topilib gerbariy tayyorlangan. Surxondaryo viloyati Sherobod vodiysidagi Xovdak qoldiq tog‘ida uchraydi. Mustahkamlangan qum uyumlarida va ularning orqasidagi tekisliklarda o‘sadi. Bahor oylarida Xovdak tog‘ida ko‘plab mol boqilishi, gullari va piyozchalarining terib olinishi sababli soni kamayib ketgan. 1938—yilda Osiyo davlat universiteti (SAGU) (hozirgi Oʻzbekiston milliy universiteti) botanika bog‘ida, 1975—yilda O'zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Botanika bog‘ida ekib o'stirilgan, lekin o‘simliklar qurib qolgan.
Manbalar
uz.wikipedia.org