Turfon Sultonligi
Turfon sultonligi , Turfon davlati — markazi Turfon sh. boʻlgan davlat nomi. Turfon Buyuk ipak yoʻlitsa muhim oʻrin tutgan joy boʻlganligi sababli, bu zaminda 2 ta davlat mavjud boʻlgan. Ulardan dastlabkisi Turfonda topilgan tosh bitiklarda Qoʻchoʻ (Kuju), Xitoy manbalarida Gaochan davlati deb nomlangan. Mazkur davlatning tashkil topgan vaqti 460 yilga, yoʻq qilingan vaqti 9-asrning oʻrtalariga toʻgʻri keladi. Bu davlatda Budda dini yuksak darajada rivojlangan. Shu sababli gʻarbga safar qilgan Xitoy rohiblari bu zaminni ziyorat qilmay oʻtmagan. Qoʻchoʻ davlati Xitoyga yaqin boʻlganligi sababli doim ushbu mamlakatning tavdidi ostida turgan. Xitoy imperatorlari esa Turfonni oʻz nazorati ostiga olishga harakat qilgan. Turk xoqonligi davrida Qoʻchoʻ turklarga tobe boʻlgan. Qoʻchoʻ davlatining poytaxti hozirgi Turfon shahrining sharqiy tomonida va 40 km narida joylashgan Qoraqoʻchoʻ boʻlgan. Hozirgi kunda uning faqat xarobalarigina saqlanib qolgan.
Ikkinchi Turfon davlati 9-asrning oʻrtasida tashkil topgan boʻlib, uning nomi tarixda Turfon idiqutligi deb ham ataladi. Mazkur davlat Xitoy manbalarida Gaochan xueguguo, Shichjou (Sichjou) xueygu guo deb nomlangan. Bu Turfon yoki Gʻarbiy oʻlka uygʻur davlati maʼnosini anglatadi. Ushbu davlat hududiga hozirgi SintszyanUygʻur muxtor rnining Koʻchar, Qorashar, Jimusa, Urumchi, Kumul (Xami) viloyatlari kirgan. Turfon sh. yuksak madaniyat va xalqaro savdo markazlaridan biriga aylangan. Ushbu davlat qoraxoniylar xoqonligi tashkil topganidan soʻng uning hududiga qoʻshib olingan.
uz.wikipedia.org