Tuproqqalʼa
Tuproqqalʼa — Xorazmning qadimgi shaharqalʼa xarobasi; milodiy III—IV asrlardagi xorazmshohlar qarorgohi. Hozirgi Tuproqqalʼa Qoraqalpogʻistonning Beruniy shahri atrofidagi hududda joylashgan va „Ellik qalʼa vohasi“ tarkibiga kiradi. U yerda devor rasmlari, tangalar va arxivlar topilgan. Uning tarixi milodiy I—V asrlarni oʻz ichiga oladi.
Tuzilishi
Tuproqqalʼa 1938—1950-yillarda S. P. Tolstoye rahbarligidagi Xorazm arxeologiya-etnografiya ekspeditsiyasi tomonidan oʻrganilgan. Uning tarhi toʻgʻri burchakli (500×350 m) boʻlib, gumbazsimon yoʻlakli va burjli mudofaa devori bilan oʻralgan. Devorning mustahkam janubiy darvozasidan otashkada tomonga markaziy koʻcha oʻtgan. Koʻndalang tushgan koʻchalar shaharni 10 ta kvartalga (mahalla) ajratgan. Tuproqqalʼaning madaniy qatlamidan milod boshlaridan VI asrgacha boʻlgan davrga oid ashyoviy materiallar chiqqan. Tuproqqalʼaning shimoli-sharqiy qismida maxsus koʻtarma supa (balandligi 14 m, maydoni 80*80 m) ustiga xom gʻishtdan saroy qurilgan. Unga yondosh qilib balandligi 25 m li 3 ta minorasi boʻlgan ark binosi (maydoni 40×40 m) bunyod etilgan. Arkka sharq tomonidan koʻtarma yoʻlak orqali kirilgan. Tuproqqalʼadan 100 ga yaqin turar joy, xoʻjalik binolari va 8 ta saroy xonalari topilgan.
Xonalar devori boʻrtma naqshlar va relyefli rangli haykallar bilan bezatilgan (qarang Tuproqqalʼa devoriy rasmlari va haykallari). Tuproqqalʼaning sharqiy qismida qurol-aslaha ustaxonasi boʻlgan, u yerdan temir nayzalar, 3 parrakli oʻqlar, saroyning yemirilib ketgan 2-qavatidagi podsho arxividan esa teri va yogʻoch taxtachalarga yozilgan 100 dan ortiq hujjatlar topilgan. Ular qadimiy xorazmiy tilida bitilgan (I—III asrlar). Tuproqqalʼadan jun, shoyi, ip gazlama parchalari, boʻyra, rangli gilam, koʻplab haykal boʻlaklari, sopol buyumlar va Kushon tangalari topilgan. Qalʼa sugʻorish inshootlarining buzilishi, harbiy toʻqnashuvlar natijasida xarobaga aylangan.
Tuproqqalʼa shahri saroyi
Tuproqqalʼa eramizning I—II asrlarida Xorazm hukmdori Artav (Artaban) tomonidan qurilgan. Qalʼaning tashkil etilishi, ehtimol, janubi-gʻarbdan 14 km uzoqlikda joylashgan Aqchaxon-Qalʼaning tark etilishidan keyin sodir boʻlgan.
Shahar xarobalari 1938-yilda Sergey Tolstov rahbarligidagi Xorazm ekspeditsiyasi tomonidan oʻrganilgan. Saroyning qurilgan sanasi Kushon imperiyasi hukmdorlari Vima Kadfiz va Kanishka tangalari, shuningdek, Xorazm shohi Artav (Artaban) tangalari topilganligi orqali aniqlangan. Saroyda zardushtiylik xudolarini ifodalovchi devoriy rasmlar topilgan.
Tuproqqalʼa va butun Xorazmiya milodiy II asrda maʼlum vaqt Kushon imperiyasi nazorati ostida boʻlgan boʻlishi kerak, chunki qalʼadan Vima Kadfiz va Kanishka tangalari topilgan, lekin ulardan oldingi va keyingi bir qator Xorazm hukmdorlarining tangalari topilmagan. Boshqa tadqiqotchilar tanga zarb qilinganligi toʻgʻrisidagi dalillarni tahlil qilib, kushonlar Xorazmni nazorat qilmaganligini koʻrsatadilar.
Tuproqqalʻa xarobalaridan Gandharadagi yunon-buddist sanʼati uslubidan kelib chiqqan va Kushon imperiyasi taʼsirini aks ettiruvchi ellinistik uslubdagi liboslarga oʻralgan tik turgan haykallarning bir qancha baland relyefi topilgan. Bu moʻl-koʻl haykaltaroshlik ishi Yunon-Baqtriya podsholigi davridan beri ellinistik sanʼat uslubi faol saqlanib qolgan yaqin atrofdagi Baqtriyadan kelgan hunarmandlar tomonidan ham amalga oshirilgan boʻlishi mumkin. Haykallar hozirda Sankt-Peterburgdagi Ermitaj muzeyida saqlanmoqda.
Sergey Tolstov qadimiy shaharning rekonstruksiyasini chizgan.
Yaqin manzilgohlar
Tuproqqalʼaning janubi-sharq tomonidan 30 km uzoqlikda joylashgan boshqa arxeologik yodgorliklar ham mavjud boʻlib, ular qatoriga „Ellik qalʼa vohasi“ning yana bir muhim tarkibiy qismi boʻlgan Qoʻyqirilgan qalʼa kiradi. Yana bir shu kabi manzilgoh Ayoz qalʼadir.
Xorazm poytaxti miloddan avvalgi 305-yildan soʻng, afrigʻiylar sulolasi davrida Kat (zamonaviy Beruniy) shahriga oʻzgartirilgan, ammo Tuproqqalʼa shahri milodiy VI asrgacha gullab-yashnashda davom etgan.
Manbalar
Adabiyotlar
Havolalar
uz.wikipedia.org