Tupiguarani Tillari
Tupiguarani tillari - Janubiy Amerikadagi indeys tillarining eng yirik oilalaridan biri. Braziliya, Paragvay va Boliviyada, qisman Argentina va Gvianada tarqalgan 50 dan ortiq tilni qamrab oladi. Soʻzlashuvchilarning umumiy soni 4 mln.ga yaqin kishini tashkil etadi. T.g.t. oilasi 7 asosiy guruhga boʻlinadi: tupiguarani, yuruna, arikem, tupari, ramarama, monde va purubora. Ushbu tillar fonologik tizimi unli tovushlarning ketma-ket kelishi kam uchrashi bilan ajralib turadi. T.g.t. morfologiyasi agglyutinativ xususiyatga ega, suffiksatsiyaga nisbatan prefiksatsiya rivojlangan. Otlarda soʻz oʻzgarishi chegaralangan, kelishik bilan oʻzgarish mavjud emas. Ot yasalishi feʼl yasalishiga qaraganda ustunlik qiladi. Sintaksisda feʼl kesim keng qoʻllanadi. Soʻz tartibi subʼyekt—obyekt — predikat koʻrinishda boʻladi. Leksikasida ispan tilidan oʻzlashgan soʻzlar koʻp.
Dastlabki yozma yodgorliklari 17-asr boshlariga mansub (guarani tilidagi kattagina matn 1607-yilda lotin grafikasida yozilgan). Tupi tili uchun ham lotin grafikasi asosida yozuv yaratilgan. 20-asr oʻrtalarida Braziliyadagi ushbu oilaga kiruvchi bir qancha mayda tillar uchun yozuv yaratish yoʻlidagi urinishlar kutilgan natija bermadi. T.g.t. ni oʻrganish 16—17-asrlarda boshlanib, tupi, guarani, mekens, siriono, kokama, kamayura tillari boshqalariga nisbatan yaxshiroqoʻrganilgan.
uz.wikipedia.org