Tundra nima?



“Tundra” so’zi fin tilidan olingan bo’lib, “taqir, hosil bermaydigan yer” va “yaroqsiz hudud” degan ma’noni anglatadi. U, odatda, Arktikaning o’rmonsiz zonalariga nisbatan ishlatiladi. Tundrada yashash sharoiti juda yomon. U yerda daraxt yo’q, kun qishda nihoyatda sovib ketadi, yozda esa o’rtacha temperatura, bor yo’g’i, Tselsiy shkalasi bo’yicha 10 darajadan oshmaydi. Yilbo’yi yomg’ir juda oz yog’adi, kuchli shamol tinmaydi. Shunga qaramasdan, tundrada ham ayrim hayot shakllari bor. Ular haqida ma’lumotga ega bo’lish, albatta, qiziqarlidir. Tundradagi o’simliklarga toshlarning sirtini qoplab oladigan lishayniklar, toshlarning yoriqlarini to’ldiradigan va shag’altoshlar orasiga o’sib kiradigan yo’sinlar hamda o’t-o’lanlarga o’xshash o’simliklar va ayrim butalar kiradi. U yerdagi o’simliklarning aksariyati ko’p yillikdir. Ammo ma’lum bir joyda ularning turi ko’p uchramaydi. U yerda yashaydigan hayvonlar ham unchalik ko’p emas. Tundrada lemminglar, ho’kiz-qo’ylar va oq ayiqlar yashaydi. Ko’pgina qushlar jo’jalarini tundrada ochib chiqadi. Yoz oylarida kunning uzoqligi qushlarga ozuqa topish va to’da-to’da polaponlarini boqish imkonini beradi. Tundrada o’rdaklar, g’ozlar va loyxo’raklarga o’xshash qushlar ko’p. Tundradagi tuproq qatlami juda yupqa. U abadiy muzliklar ustidadir. Yoz oylarida muzlikning yuqori qatlami erishi bilan o’simliklarning tomirlari va bakteriyalar jonlanib qoladi. Tundra turli qit’alarda turlichadir. Ammo unga borib qolganda, hech ikkilanmasdan, yer yuzasining eng tund va beshafqat mintaqalaridan biriga kelib qoldim, deb hisoblayverishingiz mumkin.


Manba



Mo’jiza kitobning 1-jildi


Uzpedia.uz