Tuman (tabiiy hodisa)
Ushbu maqola tabiiy hodisa haqidadir. "Tuman" soʻzining boshqa maʼnolari uchun Tuman maqolasiga qarang.
Tuman — tomchi holidagi suyuq dispers fazali aerozollar. Oʻta toʻyingan bugʻlardan kondensatsiya natijasida hosil boʻladi. Atmosferadagi Yer sirti qatlamlaridagi suv bugʻlarining toʻyinishidan hosil boʻlgan suv tomchilari yoki muz kristallari toʻplamidan iborat. T. 1 km dan kamroq masofaga gorizontal koʻrinishni xiralashtiradi. T. Yerga yaqin havo qatlamining sovishi yoki uning namlanishi oqibatida yuzaga keladi. Sovish natijasida paydo boʻladigan T. quyidagilarga ajraladi: 1) Yer yuzasi salbiy radiatsiya balansi natijasida bunyodga keladigan va Yer yuzasidagi havo qatlamini sovitadigan radiatsion T., bunday T., odatda, sal shamol boʻlib ayoz tunda, qishda esa kunduzi ham boʻlishi mumkin; 2) sovuq Yer ustiga issiq havoning adveksiyasi natijasida paydo boʻladigan advektiv T.; bulutlar past boʻlib sovuq shamol turganda sutkaning har qanday paytida ham yuzaga kelishi mumkin; 3) atmosfera fronti ustidagi yomgʻir tomchilarining bugʻlanishi hisobiga paydo boʻladigan frontal T. Qishda qattiq sovuq adveksiyasi paytida dengizlar ustida, yezda va kuzda esa qirgʻoqdan kechasi sovigan havoning oqib kelishi oqibatida suv havzalari ustida kuzatiladi. Koʻp vaqt T. yuqorida aytib oʻtilgan jarayonlarning birgalikdagi yoki ketma-ket taʼsiri ostida ham paydo boʻladi.
Meteorologiyada
tuman atamasi ostida suv bugʻlari, tomchilari yoki muz parchalarining kondensatsiyalashib, yer sirtiga yaqinlashishi va natijada havo shaffofligining kamayishi tushuniladi. Boshqacha aytganda, tuman yer sirtidagi bulutdir.
Tumanlar hosil boʻlishi suv bugʻining atmosferadagi kondensatsiya yadrolari (tayanch nuqtalari) atrofida yigʻilishi va kondensatsiyalanishidan boshlanadi. Suv tomchilaridan iborat tumanlar odatda −20 °C dan yuqori havo harorati sharoitida kuzatiladi, biroq bunday tuman shakllari −40 °C atrofidagi haroratda ham paydo boʻlgan hollari maʼlum. Bundan quyi haroratlarda muz tumanlari hosil boʻladi.
Tumanlar aholi punktlarida boshqa joylardagiga nisbatan koʻproq hosil boʻladi. Bunga sabab shahar havosida kondensatsiya yadrolari (masalan, avtomobil tutuni va boshqa yonish mahsulotlari) koʻproq boʻlishidir.
Transport vositalari ishiga xalal bergani tufayli ob-havo bashoratlarida boʻlajak tumanlar alohida eslatib oʻtiladi.
uz.wikipedia.org