Tugmachagul
Tugmachagul (Malva L.) - gulxayridoshlar oilasiga mansub bir yillik yoki koʻp yillik oʻtlar turkumi; begona oʻt; Gʻarbiy Yevropa, Kichik Osiyo, Eron, Afgʻoniston, Hindiston, Xitoy va Shimoliy Afrikada oʻsadi. Oʻzbekistonda T.ning bir necha turi: befarq T. (M. neglecta Wall.), Mavritaniya T.i (M.mauritana L.), oʻrmon T.i (M. silvestris L), buxoro T.i (M. bucharica Iljin.) uchraydi. Poyasi yer bagʻirlab, baʼzan yerdan bir oz koʻtarilib oʻsadi. Shoxlangan, boʻyi 10—40 sm. Ildizi oʻq ildiz. Barglari uzun bandli, 5—7 boʻlakli. Gullari 3—4 tadan barg qoʻltigʻida joylashgan. Mevasi tugmachasimon, dumaloq, mayin tuklar bilan qoplangan, 14 (12—16) ta danakchali toʻpmeva. Aprel dan oktabrgacha gullab mevalaydi. Bir tup T. yiliga 300—500 dona urugʻ beradi. Tabobatda qoʻllaniladi. Bargi Kavkazda ovqatga ishlatiladi.
uz.wikipedia.org