TSZYANSU
TSZYANSU — Xitoyning Sharqiy qismidagi provintsiya. Yantszi daryosi quyi oqimi havzasida. Sharqiy Xitoy va sariq dengizlar bilan o’ralgan. Maydoni 102,6 ming kilometr kvadrat. Aholisi 71,8 million kishi (1999). Ma’muriy markazi — Nankin shahri. Shanxay shahri alohida ma’muriy birlik. Tszyansu Xitoyning aholi zich yashaydigan provintsiyasi. Tszyansu, asosan, shimoliy Xitoy tekisligida joylashgan. Iqlimi tropik, mussonli iqlim. Yillik yog’in 600-1200 millimetr. Buyuk kanal Yantszi daryosini Tszyansu hududidagi ko’llar bilan bog’laydi. Tszyansu — iqtisodiy jihatdan rivojlangan industrialagrar rayon. Iqtisodiyotida Shanxay shahri muhim o’rin tutadi. Ko’mir, temir rudasi, apatit, kaolin qazib chiqariladi. To’qimachilik, metallurgiya, mashinasozlik, kimyo, tsement, oziq-ovqat sanoati korxonalari mavjud. Hunarmandchilik rivojlangan. Qishloq xo’jaligida dehqonchilik yetakchi o’rinda. Asosiy ekini — sholi. Bug’doy, arpa, makkajo’xori, batat, dukkaklilar, sabzavot ham ekiladi. Paxtachilik rivojlangan. Cho’chqa, parranda boqiladi. Baliq ovlanadi. Qadimda Tszyansu hududida man va xuayi qabilalari yashagan. Tszyansu miloddan avvalgi 8-4-asrlarda Tsi, u, Yue, Chu podshoxliklari tarkibida bo’lgan, 17-asrda Xitoyni manjurlar bosib olgandan so’ng bu yerda Szyannan viloyati tashkil topdi, keyinroq u Tszyansu provintsiyasi deb ataldi.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz