TSERETELI ZURAB KONSTANTINOVICH
TSERETELI ZURAB KONSTANTINOVICH (1934.4.1, Sulukidze shahri) — rassom, haykaltarosh, Rossiya Badiiy akademiyasi akademik (1992), 1997 yildan Prezidenti. Gruziyada xizmat ko’rsatgan rassom (1967), Xalq rassomi (1980), mehnat qahramoni (1990). Gruziya Badiiy akademiyasida ta’lim olgan (1952-59). Tseretelining yorqin bezakdor monumental asarlari (namoyon, mozaika, vitraj, harakatlanuvchi bezak haykallari) me’moriy hamda atrof muhit bilan uyg’unligi, yorqin rangi, shaklga boyligi, xom ashyosi bilan ajralib turadi. Pisunda (1967), Adler (1973) kabi kurort majmualari, Moskvadagi “Izmaylovo” mehmonxona majmuasi (1980), “abadiy do’stlik” monumenti (hamkorlikda, 1983), “Petr I haykali” (1997), Poklonnaya tepaligi (1995) hamda Manej maydoni (1996) dagi va boshqa memorial majmualarni bezashda ishtirok etdi. Tsereteli kitob va jurnal illyustrasiyasi, teatr rassomligi sohahsida ham ishladi.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz