TSEOLITLAR



TSEOLITLAR (Yunoncha zeo —qaynayapman va lithos — tosh) — minerallar guruhi, ishqor suvli alyumosilikatlar. Struktura va morfologik xususiyatlariga ko’ra, Tseolitlar quyidagi mineral guruhlariga ajratiladi: natrolit guruhi — mezolit, skolesit, tomsonit, gonnardit, edingtonit, mauntinit, rodzit va boshqalaar; geylandit guruhi — stilbit, epistilbit, dikiardit, bryusterit, ferrerit, klinoptilolit va boshqalar. Tseolitlar tabiatda sof holda uchraydi hamda sun’iy yo’l bilan ham olinadi. Tabiiy Tseolitlar 40 dan ziyod mineral turidan iborat bo’lib, ulardan asosiylari, analtsim, lomontit, fil-Lipsit, natrolit, mordenit, geylandit, klinoptilolit, shabazit, erionit, fojazitlardir. Sof Tseolitlar oq, ba’zan rangsiz va shaffof, qizg’ish, jigarrang va yashil tuslilari mavjud. Qattiqligi 3-5, zichligi 2-2,3 g/sm3. Ts. asosan, effuziv tog’ jinslari orasidagi bo’shliqlarda va gidrotermal jarayonning oxirgi bosqichlarida paydo bo’ladi. Cho’kindi tog’jinslari orasida autigen ko’p uchraydi. Tseolitlar neft uglevodorodlarini ajratish va tozalashda, katalizator sifatida hamda gazni tozalash, quritish va gazlarni (shu jumladan, havoni) ajratishda, freonlarni quritishda, radioaktiv elementlarni chiqarib olishda, kuchli vakuumlarni hosil qilishda ishlatiladi. Tseolitlar konlari Rossiya Federatsiyasi (Voronej), Armaniston va Gruziyada mavjud. O’zbekistonda gilmoyalar va opokasimon gillar orasida uchraydi.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz