TSENTRIFUGA



TSENTRIFUGA (ruscha tsentr — markaz va lotincha fuga — qochish) — bir jinsli bo’lmagan birikmalar — suspenziyalar, emulsiyalar, shlamlar (kukunsimon tog’ jinslari) va boshqalarni markazdan qochma kuch ta’sirida tarkibiy qismlarga ajratuvchi apparat. Asosiy qismi o’z o’qi atrofida katta tezlikda aylanib turuvchi rotor (baraban) hisoblanadi. Ish printsipiga ko’ra, Tsentrifuga tindiruvchi va suzuvchi (filtrlovchi) turlarga bo’linadi. Tindiruvchi Tsentrifuga suyultirilgan suspenziyalardagi suyuq fazani tindirish va kontsentrasiyalangan suspenziyalardagi qattiq fazani cho’ktirish uchun ishlatiladi. Suzuvchi Tsentrifuga tarkibida suyuq fazasi kam bo’lgan suspenziyalar va shlamlardan qattiq fazani suzib (ajratib) olish uchun ishlatiladi. Tuzilishiga ko’ra, Tsentrifuganing yaxlit rotorli va teshik-teshik (perforasiyalangan) rotorli turlari bo’ladi. Keyingisiga suzuvchi material qoplanadi. Tsentrifuga yana uzluksiz ishlaydigan va davriy ishlaydigan xillarga ham bo’linadi. Yuqori dispersli sistemalar va yuqori molekulyar birikmalar (masalan, oqsillar) ni tadqiq qilishda ultratsentrifugalash apparatlaridan foydalaniladi.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz