TSEMENT



TSEMENT (lotincha caementum — shag’al, chaqiq tosh) — sun’iy noorganik kukunsimon bog’lovchi mineral. Suv qo’shilsa, xamirsimon massa hosil bo’ladi, vaqt o’tishi bilan qotib, toshsimon jismga aylanadi. Tsement havoda ham, suvda ham qotish xususiyatiga ega. Tsement qurilishda juda keng qo’llaniladigan betonning asosiy tarkibiy qismi hisoblanadi. Tsementning romantsement, portlandtsement, glinozyomsement, kengayuvchan, gidravlik qo’shimchali kabiturlari mavjud. Romantsement ohaktoshni 900° gacha kuydirish yo’li bilan olinadi, keyin maydalab kukun holiga keltiriladi. Xom ashyoning xiliga qarab, romantsementning qotish muddati 15 minutdan 24 soatgacha bo’lishi mumkin. Uning mustahkamligi ancha past bo’lib, 25 dan 100 gacha markali bo’ladi. Shuning uchun ham uning o’rnini 20-asr o’rtalaridan boshlab portlandtsement egallay boshladi. Glinozyomsement glinozyom (alyuminiy oksidi)ga boy bo’lgan tog’jinslari — boksit (alyuminiy rudasi), ohak yoki ohaktosh aralashmasini kuydirish yo’li bilan olinadi. Kimyoviy tarkibi 40% Sao; 40% A12O3; 6— 8% SiO2 dan iborat. Tez qotishi, mustahkamligining yuqoriligi va minerallashgan suvlarga turg’unligi bilan ajralib turadi. Markasi 300; 400; 500. Narxi portlandtsementga nisbatan 2,5—3 baravar baland. Glinozyomsement katta mustahkamlik talab etiladigan beton va temir-beton konstruktsiyalarda, dengiz va minerallashgan suvlar ta’sirida bo’ladigan inshootlarda, tezkor yo’l va qurilish ishlarida, qish sharoitida betonlashda qo’llaniladi. Kengayuvchan Tsementning tarkibida glinozyom tsementdan tashqari ohak va gips ham bo’ladi; tez qotadi; o’ta mustahkam va suv o’tkazmas material hisoblanadi. Kengayuvchan Tsement gidroizolyasiya ishlarida, choklarni yopish va ta’mirlash ishlarida qo’llaniladi. Gidravlik qo’shimchali portlandtsement (ba’zan “pussolan portlandtsement” deb ham yuritiladi) Tsement klinkeri (toshqoli) va nordon gidravlik qo’shimchalar (trepel, diatomit, Trass, pemza va boshqalar)ni birgalikda maydalash (kukunlash) yo’li bilan tayyorlanadi. Gidravlik qo’shimchalar aralashma miqdorining 20-40% ini tashkil etishi mumkin. Bu Tsement portlandtsementga nisbatan arzonroq bo’lib, gidrotexnika, vodoprovod va kanalizasiya inshootlarida qo’llanadi. Agressiv suvlar ta’siriga chidamli. Tsement sanoatda 19-asrdan boshlab ishlab chiqariladi. Ad.: Texnologiya vyajutshix veshestv, M., 1965; Qosimov E.Q., Qurilish ashyolari, T., 2003. Botir Hobilov.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz