TSANGA
TSANGA (nemischa Zange) — tsilindrik yoki prizmatik shakldagi detallarni qisib qo’yish uchun mo’ljallangan moslama. Prujinalanuvchan (qisilib-kengayuvchan) qismi qirqma vtulkadan iborat. Metall kesish yoki yog’ochga ishlov berish stanoklarida qisuvchi patron sifatida, o’zagi (grafiti) qisib qo’yiladigan qalamlarda ishlatiladi. Tsanganing bir tomonlama va ikki tomonlama turlari bor. Tsanga kallak, o’rta qism, prujinalanuvchi qism va yo’naltiruvchi qismlardan iborat. Kallak tomonida qisish kulachoklarini ikkiga ajratib turuvchi o’yig’i bo’ladi. Detalni Tsangaga tashqi yoki ichki sirtidan qisib qo’yish mumkin. Detalni Tsangaga qisib qo’yish uchun konussimon qismining tashqi yoki ichki sirtiga o’q tomonga yo’nalgan kuch ta’sir ettirish lozim. Tsanga metall (stanoklarda) yoki plastmassa (qalamlarda) dan yasaladi.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz