TO’ZONLI BO’RON



TO’ZONLI BO’RON — millionlab tonna qum va changni bir necha ming km gacha uchirib boruvchi kuchli (20 metr/sekund va undan ortiq) shamol; xavfli gidrometeorologik hodisa. To’zonli bo’ron, odatda, cho’l, chala cho’l va haydalgan dashtlarda tuproq qurib ketganda, o’simliklar yaxshi rivojlanmagan yoki butunlay o’smagan yerlarda, qum sahrolarida paydo bo’ladi. AQSh, Xitoy, Misr, Qozog’iston va boshqa mamlakatlarda, shuningdek, O’rta Osiyoda yuz beradi. To’zonli bo’ron, odatda, yilning iliq faslida vujudga kelib, ko’pincha qum va chang to’zonini uchirib keltiradi. O’rta Osiyo hududida To’zonli bo’ron kunlari ko’proq Markaziy Qoraqumda va Kopetdog’tog’oldi mintaqalarida kuzatiladi (yil davomida 100 kungacha, ba’zan undan ortiq). To’zonli bo’ron (yil davomida 50 kundan ortiq) Orol dengizining qurigan tubi zonasida, O’zbekistonning Janub mintaqalari (Surxondaryo, Qashqadaryo va Buxoro viloyatlarining ayrim tumanlari)da, Markaziy Farg’onada, Tojikistonning Janub va boshqa joylarida kuzatiladi. To’zonli bo’ron, ko’p hollarda, 3 soatdan ko’p davom etmaydi, lekin ba’zida bir necha sutkaga cho’zilishi mumkin (1950 yil 6-9 mayda Nebitdog’da 73 soat davom etgan). To’zonli bo’ronning zararli ta’sirini dala ihota o’rmonzorlari barpo etib kamaytirish mumkin. Bundan tashqari, qumlarni mustahkamlashning turli usullari qo’llaniladi. Shuningdek, katta maydonlardagi dasht va chala cho’l massivlarni xo’jalik maqsadlarida o’zlashtirilishi, yirik sug’orish sistemalari, obod va ko’kalamzorlashtirilgan posyolka, shaharlar (Janubiy Mirzacho’l, AmuBuxoro, Krraqum, qarshi kanallari zonalari va boshqalarda) qurilishi, qumlarni mustahkamlaydigan chora-tadbirlar qo’llanilishi sababli bu joylarda To’zonli bo’ron esadigan kunlar ancha kamaydi. Hamiduma Abdullayev.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz