TO’QTAG’UL
TO’QTAG’UL, Sotilg’onov To’qtag’ul (1864.25.10, Qirg’iziston, O’sh viloyati To’qtag’ul tumani — 1933.17.2, Sassijiyda qishlog’i) — qirg’iz xalq oqini va bastakor, qirg’iz adabiyoti asoschilaridan biri. 1898 yil Andijondagi xalq isyonida qatnashgan deb qamoqqa olingan va Sibirga surgun qilingan. 1910 yil Vataniga qaytgan. Chondu, Sartboy, Esenamen va b. xalq baxshilari repertuaridan ilhomlangan. Yoshligidan qo’biz chertib, qo’shiq kuylagan, dostonlar aytgan (“Kojojash”, “Oljaboy va Kishimjon”, “Sarinji Bokey”, “Jonishboyish”, “Kedeyxon” va boshqalar), original kuylar bastalagan. Dastlabki lirik asarlari — “Alimxon”, “Oyimjon”, “Nasilxon” va boshqalar mashhur bo’lgan. “Besh to’ng’iz”, “Eshon xalfa”, “Papi xalfa”, “isyonkor Chaqirboy” va boshqa hajviy asarlari To’qtag’ul Sotilg’onov ijodida muhim o’rin tutadi. “Azoblangan hayotim”, “surgunda”, “Quvg’unda”, “Xayr, elim”, “Xayr, ona” asarlarida surgunda o’z boshidan kechirgan qiyinchiliklari, azob-uqubatlari tasvirlangan. To’qtag’ul Sotilg’onov ijodi Furqat, Muqimiy, Zavqiy, Hamza, Po’lkan kabilar ijodiga hamohang. Asarlari o’zbek tiliga tarjima qilingan (“Sog’inib keldim”, 1964). 1965 y. To’qtag’ul Sotilg’onov nomidagi Qirg’iziston Davlat mukofoti ta’sis etilgan. Li.: Vinogradov V. S, Muzo’kalnoe nasledie Toktagula, M.. 1961.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz