TO’QIMACHILIK TOLALARI



TO’QIMACHILIK TOLALARI – arqoq va tanda iplari, g’altak ip va boshqa to’qimachilik buyumlari tayyorlashda ishlatiladigan, uzunligi ko’ndalang kesimi yuzasidan ancha katta bo’lgan, egiluvchan, ingichka va pishiq materiallar. To’qimachilik tolalari tabiiy va kimyoviy guruhlarga bo’linadi. Tabiiy tolalar yuqori molekulali organik moddalar — o’simlik organlari va hayvonlar juni hamda momig’idan, o’simliklar urug’i (masalan, paxtali chigit), poyasi (masalan, zig’ir tolasi), bargi (masalan, yukka tolasi), mevasi (masalan, lastochnik tolasi), ipak qurti pillalaridan olinadi. Tabiiy tolalar yuqori molekulali anorganik moddalar (masalan, mineral va boshqalar)dan ham ishlab chiqariladi. Bo’ylamasiga ajralmaydigan (yakka) To’qimachilik tolalari elementar tolalar, bir necha elementar tolalarni bo’ylamasiga biriktirib hosil qilingan To’qimachilik tolalari texnik tolalar deyiladi. Ancha uzun elementar To’qimachilik tolalari elementar iplar deb ataladi. Ba’zi To’qimachilik tolalari da kanallar bo’ladi. To’qimachilik tolalari dan, asosan, ip olinadi, undan esa gazlama, trikotaj, to’qimachilik buyumlari va boshqa narsalar tayyorlanadi. To’qimachilik tolalari orasida eng keng tarqalgani paxta tolasi hisoblanadi. Paxta tolasidan kiyim-kechak, texnik mato va turlituman trikotaj, iplar, paxtadan esa momiq paxta, yigirilmaydigan materiallar va boshqalar tayyorlanadi. Lub tolalaridan biri — zig’ir poyasidan olinadigan tola juda ingichka, pishiq, kam cho’ziladi, gigroskopik bo’ladi. Uning ipidan qopqanor, kiyimkechak, texnik mato va boshqa gazlamalar tayyorlanadi. Dag’al poya tolasi — kanop va penkadan arqonlar, dag’al gazlamalar tayyorlanadi. Jut ham dag’al poya tolasi bo’lib, u ko’p tarqalgan, namni o’ziga yaxshi tortadi, xossasi kanopnikiga yaqin. Undan ko’proq shakar qoplari va boshqalar tayyorlanadi. Tabiiy tolalardan jun va ipak kiyim-kechak va boshqalar tayyorlashda qimmatli xom ashyo hisoblanadi. Asbest mineral To’qimachilik tolalaridan bo’lib, texnik matolar tayyorlashda, ko’pchilik sanoat tarmoqlarida ishlatiladi. Tabiiy To’qimachilik tolalari sof va aralash (masalan, junpaxta) holda, ko’pincha, shtapel tolalari bn aralashgan holda ishlatiladi. Aralash holdagisi gazlama sifatini yaxshilaydi, ishlab chiqarish tannarxini kamaytiradi. To’qimachilik tolalari ichida shisha tola va iplar alohida o’rin egallaydi. Ular texnikada elektr, issikushk, tovush izolyatsiyasi va boshqa izolyatsiya, filtrlash (suzish) materiallari, yonmaydigan buyumlar, shishaplastiklar va boshqalar tayyorlash uchun ishlatiladi.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz