TO’QIMA
TO’QIMA — kelib chiqishi, tuzilishi va funktsiyasiga ko’ra o’xshash hujayralar sistemasi. Adam va hayvonlar To’qimasi epiteliy, biriktiruvchi, muskul va nerv To’qimalariga bo’linadi. Epiteliy To’qimasi odam va hayvonlar tanasini qoplab turadi, ichki organlarda parda hosil qiladi, himoya funktsiyasini; uning hosilalari, masalan, jigar va me’da osti bezining serektor epiteliysi sekretor funktsiyasini bajaradi. Xususiy biriktiruvchi To’qima va uning xreilalari himoya, tayanch va trofik funktsiyani bajaradi. Mezenximadan rivojlanadi. Muskul to’qimasi qisqarish xususiyatiga ega. Shu tufayli organizm fazoda harakat qiladi va uning organlarida qisqarish harakati sodir bo’ladi; silliq muskul To’qimasi mezenximadan, ko’ndalangtarg’il muskul To’qimasi mezodermadan rivojlanadi. Nerv to’qimasi ektodermadan hosil bo’lib, organizmning hayot faoliyatini boshqaradi, tashqi muhitdan signallar qabul qiladi va organizmning javob reaktsiyasini belgilab beradi. To’qimaning hosil bo’lishi (gistogenez) embrionning rivojlanishi jarayonida dastlabki hujayraning ixtisoslashuvi bilan bog’liq. Ko’pincha gistogenez voyaga yetgan organizmda ham sodir bo’ladi. To’qima ning regeneratsiyasi, ba’zan o’sishini ta’minlaydi. Har bir organizmning o’ziga xos funktsiyasi, odatda, bitta To’qima yoki bir qancha ixtisoslashgan hujayralar bilan bog’liq. Barcha organlarda bir necha xil To’qima bo’ladi. Ular birgalikda organism funktsiyasini boshqarib turadi. Funktsional jihatdan nerv va muskul To’qimasi, ayniqsa, chambarchas bog’langan. Tuban ko’p hujayralilarda To’qima kuchli ixtisoslashmagan. Bir xil tipdagi To’qimaning tuzilishi organizmning har xil qismida va turli darajada tuzilgan organizmlarda bir xilda bo’lmaydi. To’qima evolyutsiya davomida hujayralarning funktsional ixtisoslashuvi natijasida hosil bo’lgan. O’simliklarda To’qima bir xil hujayralardan iborat bo’lsa — oddiy (masalan, kollenxima), har xil hujayralardan iborat bo’lsa — murakkab To’qima deyiladi. O’simlikning hayoti davomida o’sishini ta’minlovchi To’qima meristema bilan bog’liq. Ildiz va poyaning uchki qismidagi To’qima birlamchi meristema deyiladi. Poya va ildiz diametrining o’sishi ikkilamchi meristema — kambiy va fellogen bilan bog’liq. Odatda, o’simliklarda 3 xil: qoplovchi, o’tkazuvchi va asosiy To’qima sistemasi ajratiladi. Qoplovchi sistema birlamchi To’qima (epiderma, epiblema, ya’ni rizoderma, ekzoderma)dan hamda himoya va so’rish funktsiyasini bajaradigan havo, ba’zan, tuproq (ildizlar) va ikkilamchi To’qima (himoya funktsiyasini bajaradigan) peridermadan iborat bo’lishi mumkin. Pust deb ataladigan uchlamchi qoplovchi To’qima daraxtlar ildizi va poyasida sirtqi peridermaning nobud bo’lishi tufayli hosil bo’ladi. O’tkazuvchi Sistema 2 xil: birlamchi va ikkilamchi floema hamda birlamchi va ikkilamchi ksilemadan iborat. Asosiy sistema birlamchi parenxima to’qimasi — xlorenxima, aerenxima hamda mexanik To’qima — kollenxima va sklerenximani o’z ichiga oladi. Bundan tashqari, ajratish, shamollatish funktsiyasiga ega bo’lgan To’qima ham bor. Odam va hayvonlar To’qimasini gistologiya, o’simliklar To’qimasini anatomiya o’rganadi.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz