To'lagan Xo'jamyorov - Tavallo (1882-1937)



To‘lagan Xo‘jamyorov — Tavallo XX asr boshlari Toshkent adabiy muhitining ko‘zga ko‘ringan namoyandalaridan edi. U 1882 yili Toshkentning Ko‘kcha dahasida ziyoli oilada tug‘ildi. Avval eski maktabda, so‘ng Beklarbegi madrasasida tahsil oldi. Beklarbegi madrasasi bu davrlarda Toshkent adabiy hayotining markazlaridan biri edi. Tavallo shu yerda Karimbek Kamiy, Miskin, Xislat, Yusuf Saryomiy kabi zamonasining atoqli shoirlari bilan tanishadi. Ayniqsa, Yusuf Saryomiy bilan yaqin aloqaga kirishib, uni o‘zining piri, ustozi sifatida e’tirof etadi. "Tavallo" deb taxallus olishi ham mazkur ustoz da’vati bilan bo‘ladi.

Tavallo o‘zi yashab turgan voqelik mohiyatini, Turkistonning chor istibdodi ostida huquqsiz, zabun bir qismatga mahkum ekanligini anglagan pallada, ya’ni 1905 yillardan boshlab jadidchilik harakatlariga qo‘shiladi. Bu harakatning barcha muhim jabhalarida ishtirok etadi. Xususan, milliy matbuotimizning ilk namunalari hisoblangan "Taraqqiy", "Shuhrat", "Sadoyi Turkiston", "Sadoyi Farg‘ona" gazetalarida uning she’r va maqolalari muntazam chiqib turadi.

1914 yil 30 avgustda Munavvarqori, Avloniy, M.Podshoxo‘jaev, Husanxo‘ja Dadaxo‘ja o‘g‘li (yozuvchi Said Ahmadning otasi), Saidabdullo Saidkarim o‘g‘li Saidazimboev, Komilbek Norbekov (jami 12 kishi)lar bilan birgalikda Toshkentda «Nashriyot» shirkatini tuzib, kitob chiqarishni yo‘lga qo‘yadilar. 1915 yilda esa Avloniylar tashabbusi bilan tuzilgan “Turon” jamiyatida faoliyat ko‘rsata boshlaydi.

1913 yilning o‘rtalarida Toshkentda birinchi milliy teatr truppasi faoliyat boshlaydi. 1914 yilning 27 fevralida "Kolizey" teatr binosida namoyish etilgan "Padarkush" spektakli shu truppaning ilk milliy teatr tomoshasi edi. Tavallo bu harakatning ham tashkilotchilari va jonkuyarlari qatorida ko‘rinadi. Ana shu voqeaga bag‘ishlab maxsus she’rlar yozadi.

1918—19 yillarda Toshkentning dastlab Eski shahar, so‘ng Yangi shahar ijroiya qo‘mitalarining a’zosi bo‘lgan. Keyinchalik turli xo‘jalik ishlarida ishlagan.

1916 yili Tavallo o‘zining matbuotda e’lon qilingan va bosilmagan she’rlarini to‘plab, "Ravnaq ul-islom" nomi bilan chop ettiradi. To‘plamda yetmishga yaqin she’r jamlangan bo‘lib, ularning deyarli barchasi ma’rifatparvarlik ruhi bilan yo‘g‘rilgan.

Tavallo 1917 yil oktyabr to‘ntarishidan so‘ng turli idoralarda ishladi. "Mushtum" jurnalida hajviy she’rlar bilan faol ishtirok etdi.

Tavallo 1937 yil 14 avgustda «Turon», «aksilinqilobiy», «Milliy ittihod» va boshqa tashkilotlarning a’zosi bo‘lganlikda, «she’rlarida millatchilik g‘oyalarini ilgari surgan»likda ayblanib, qamoqqa olingan. 1937 yil 10 noyabrda NKVD qoshidagi uchlik hukmi bilan otib tashlangan. 1968 yil 18 oktyabrda oqlangan.

Tavallo qabrining qaerdaligi noma’lum.



Uzpedia.uz