Timsohlar yig’laydimi?



Ko’pchiligimiz “shayton yig’isi”, degan gapni eshitganmiz. Har narsaga yig’layverib, soxta ko’zyoshlari to’kadigan odam haqida shunday deyishadi. Xo’sh, timsohlar haqiqatan ham yig’laydimi? Timsohlar haqida bisyor rivoyatlar yuradi. Masalan, qadim yunon olimi Elianning qayd etishicha, timsoh og’ziga suv to’ldirib olib, uni daryo bo’yidagi so’qmoqqa to’kadi. Shu so’qmoqdan yurgan odam yo hayvon sirpanib yiqilsa, u uchib borib, g’ippa bosgan va yeb qo’ygan. Ochig’ini aytganda, timsohlar rivoyatlarda aks etganidek qonxo’r va makkor emas. Uning faqat bir turi — taroqsimon timsohgina odamlarga muntazam hujum qiladi. Odamlar boshqa hayvonlarga nisbatan aynan mana shu sudraluvchining kasridan ko’p nobud bo’ladi. Timsohlar haqida haqiqatga yaqinroq bir afsona bor: timsoh odamning gavdasini yeb bo’lgach, negadir uning boshini ko’zyoshlari bilan yuvadi va shundan so’nggina o’z bazmiga xotima qo’yadi. Kulgingiz qistaydi, to’g’rimi? Biroq buni tasdiqlaydigan guvohlar ko’p. Uzoq vaqt bu jumboqqa javob topilmadi. Shved olimlari Fange va Shmidt-Nilson bu sirni ochganiga hali ko’p bo’lgani yo’q. Ular timsohlar haqiqatan ham yig’lashini isbotlashdi, nima uchunligini tushuntirishdi. Ma’lum bo’lishicha, ular o’ljasiga rahm qilganlaridan emas, balki organizmida zararli qoldiqlarning ko’payib ketganidan yig’lar ekan. Timsohning ulardan xalos bo’lishi uchun aynan ko’zlari oldida tashqariga ochiladigan maxsus bezlari bor. Bezlar ishlab ketishi bilan timsohlar issiq ko’zyoshlarini to’ka boshlaydi. Alqissa, “shayton yig’isi” degan gap isbotini topdi va afsonaning tagida haqiqat borligi ayon bo’ldi.


Manba



Mo’jiza kitobning 1-jildi


Uzpedia.uz