Tilab Mahmudov. Olimlari xor mamlakatning istiqboli bo‘lmaydi
To‘g‘ri so‘zda dalolat bor,Egri so‘zda malomat bor.***Uzun arqon – ishga yarar,Uzun tiling – boshni yorar.***Shirin so‘z shirindir qandu asaldan,Odamni qutqarar og‘ir kasaldan.***Shirin jazing bermasang ham, shirin so‘zing ayama.***Hamma a’zo bir vazifa bajarar,Tilim qurg‘ur birda asal, birda zahar chiqarar.***To‘g‘ri so‘zning tig‘i bor,Tig‘ uchida tug‘i bor.***Ko‘mirdir xom go‘shtni kabob qilguvchi,Qo‘pol so‘z odamni xarob qilguvchi.***Hayvonlar hid bilan bir-birin topar,Odamlar so‘z bilan bir-birin qopar.***Yog‘li go‘shtning hazmidan, dog‘li so‘zning hazmi og‘ir.***Insonni g‘aflat uyqusidan faqat haq so‘z uyg‘ota oladi.***Qisqa yozish ona tili kambag‘alligidan emas, boyligidan nishonadir; Pala-partish gapirmoq yo fikr tarqoqligini yo aql aynoqligini bildiradi.***Bahsda bir tomonning sukuti yo nafrat, yo donishmandlik belgisidir.***Tishing qimirlasa, olib qutilding,Tiling qimirlasa, o‘qqa tutilding.***Yo‘lingda qoqilsang, mumkin turishing,Tilingdan qoqilsang, og‘ir mushkiling.***Pichoq tig‘i bittadir.Tilning tig‘i mingtadir.***So‘zda fikrgina emas, qalb ham aks etib turadi.***Tilni tiygan tiyrakdir, ko‘p tinglagan ziyrakdir.***Yubileylarda aytiladigan so‘zlar yurakdan emas, o‘pkadan chiqqan bo‘ladi.***Yaxshi gapning o‘lchovi yo‘q.***Tiling bilan itingni qutirishga yo‘l qo‘yma, aks holda, ikkalasi ham o‘zingni nobud qiladi.***Tog‘ ham yemirilar seldan, jaladan,Zahar til odamni qilgay chalajon.***Aqling yetmas kasbga qarab yugurma,Teshik jomga suv to‘ldiray, deb yurma.***Bilimim misoli gugurt bo‘lsaydi,Odamlar ko‘nglida chiroq yoqsaydi.***Aqli raso o‘qiydi, aqli raso bo‘lay, deb,Aqli sayoz o‘qiydi o‘zni ko‘z-ko‘z qilay, deb.***“Himoya” paytida kim jim o‘tirdi,Yashirin ovozda “ishin” bitirdi.***Ilmli odamlar og‘ir bo‘ladi,Ilmsiz odamlar olg‘ir bo‘ladi.***Mevasi mo‘l daraxt yerga egilar,Bilimdon odamlar elga egilar.***Birovga yozdirib olim bo‘lganlar,Oxiri iymonsiz bo‘lib o‘lganlar.***Tusmollab devorga mix qoqilmaydi,Tajriba orttirgan hech qoqilmaydi.***Neki bildim – olovlandim,Neki bilmam – kalovlandim.***Shogird ustoz tanlaganda emas, ustoz shogird tanlaganda haqiqiy olim voyaga yetadi. Ko‘pincha, shogirdlar ustoz obro‘si, mansabini ko‘zda tutib, nomi chiqqan ustoz etagiga yopishadi. Aslida, bilim yo‘nalishi haqiqiy ustoz- shogird aloqadorligini belgilashi kerak.***Ilmsizlar ilmli odamlarni o‘z foydasiga ishlatishni biladi.***Zamon ilmga tobe’ bo‘lsa – el yashnaydi,Ilm zamonga tobe’ bo‘lsa – qaqshaydi.***Ilmli odam bilan badavlat odam tabiatida mushtaraklik bor – olimning ilmga, boyning molu dunyoga to‘ymasligidir.***Ilmga yo‘l bermaslik – jaholatga qo‘l berishlikdir.Olimi ehtiromsiz yurtda odam e’tiborsizdir.***Ilmi bo‘lmay turib ulug‘ sanalgan odam qordan yasalgan qasrga o‘xshaydi: uning shuhrati qor umriday qisqa bo‘ladi.***Ilmsizning birovga aql o‘rgatishi, ko‘rning tabiat ranglaridan va’z o‘qishiga o‘xshaydi.***Ilm shunday yukki, u qanchalik ko‘paysa, uni ko‘tarib yurgan odamning qadam tashlashi shunchalik yengillashib boradi.***Umr bo‘yi bir mavzuni chaynagan olim yantoqdan bo‘lak o‘t yemaydigan tuyaga o‘xshaydi.***Ilmda baxillik olimlar ahilligining kushandasidir.***Olimlari xor mamlakatning istiqboli bo‘lmaydi.***Qancha ko‘p o‘qiganim sari bilim daryosiga sho‘ng‘ib, undan suzib chiqish mushkulligidan shunchalik azoblanaman.***Faylasuflar ruhoniylar bilan dunyoviylar orasida ming yillardan buyon sovchilik qilib keladilar. ***Faylasuflar borliq haqida qanchalik chuqur xayolga tolsalar, shunchalik borliqda o‘zlarini yo‘qotadilar.***Odamzod bilim egallashda ishni hayratdan boshlab, g‘ayratga yetib kelgan.***Ilmli – ildam, ilmsiz imillagandir.***Ilmli elning qo‘ynida don bo‘ladi.Ilmsiz elning ko‘ngliga qon to‘ladi.***Odamlar hayotini ko‘kda quyosh, yerda olimlar yoritadi.***Adabiy ijodga ixlosmand o‘z faoliyatini tarjimadan boshlagani ma’qul: lug‘atlar titkilaydi, so‘z boyligi oshadi, yaxshi asar yozish yo‘l-yo‘riqlari bo‘yicha tasavvuri kengayadi, didi shakllanadi. Mabodo, mustaqil ijod qilolmagan taqdirda ham, yaxshi tanqidchi bo‘lishi mumkin. ***Teatr sahnasi – inson hayotining tasviriy maketi.***Har kimning o‘z tabiatiga monand fantaziyasi bo‘ladi.***Vijdon bilan asar yozsang, fikring seni kelajakka uzatar,Nima yozsang haqni yozgin, to‘rt ko‘z bo‘lib hamma seni kuzatar.***O‘z davrida mukofotlar olganlar,Vaqti kelib unutilib qolgaylar.***Qo‘g‘irchoqlar asli o‘yinchoq erur,Maddohlarning da’vati po‘choq erur.***Daraxtlar gullarini ayamasdan to‘kadi, hosil uchun yarog‘ini olib qoladi. Daraxtchalik farosati bo‘lmagan ayrim adiblar barcha yaxshi-yomon satrlaridan “Tanlangan asarlar” bitadi. Qator-qator kitob yozib, so‘ngra ulardan tanlagandan ko‘ra, o‘z vaqtida tanlab yozsa bo‘lmasmikan?!***Hamma odamlarda ko‘z bor, quloq bor. Ammo rassom va bastakorning ko‘zi va qulog‘i boshqalar qarab, quloq tutib, lekin ko‘rmagan va eshitmagan rang va ohanglarni idrok etadi.***Ko‘p yozishni emas, xo‘p yozishni mashq qilmoq kerak.***Dunyoga ikki yuz, uch yuzlab romanlar bitgan yozuvchilar bor, ammo Abdulla Qodiriy ikkita romani bilan ulardan ustun turadi.***Hayotiy asarning umri boqiydir.***Ta’ma siyohi bilan qog‘oz qoralagan munaqqid o‘ziga makalaturadan ko‘ylak tikkan bo‘ladi. ***Men tirik zamondoshlarimdan emas, ilgari o‘tib ketgan ustozlar nigohi, kelajak avlod tanqidini o‘ylab qo‘limga qalam olaman.***Ba’zi ijodkorlarning asarini o‘qing-u, o‘zlaridan yiroq bo‘ling.***Avvallari buyuk adiblarning shoh asarlari “Tanlangan asarlar” shaklida nashr etilardi. Hozir adiblarning hamma qoralamalari to‘planib “Tanlangan asarlar” tarzida nashr etilishi qog‘oz narxining ko‘tarilib, kitob qadrining pasayib ketishiga sabab emasmikin?***Ba’zi olti yuz betlik kitobdan ikki qator xalq maqoli afzaldir.***Urug‘ yerda unganiday, talant muhitga bog‘liq bo‘ladi.***Qo‘ymijoz shoirning yozgan she’rlari“Qo‘y”larga ma’qul-u, yoqmas sherlarga.***Yaxshi shoir o‘qigan she’ri bilan emas, o‘qilgan she’rlari bilan e’tibor qozonadi.***Ko‘p yozish emas, xo‘p yozish talant belgisi.“Sharq yulduzi” jurnali, 2013 yil, 4-son.
Uzpedia.uz