TIBBIY MEHNAT EKSPERTIZA KOMISSIYASI



TIBBIY MEHNAT EKSPERTIZA KOMISSIYASI (TMEK) (O’zbekistonda) — nogironlik, uning sabablari va darajasini, doimiy yoki uzoq muddat mehnat qobiliyatini yo’qotganlikni hamda kasallik, anatomik nuqson va boshqalar natijasida mshnat qobiliyati pasayganligini aniqlaydigan komissiya. Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligida tibbiy-mehnat ekspertiza inspektsiyasi, Qoraqalpog’iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri Markaziy tibbiy-mehnat ekspertiza komissiyalari, tuman, tumanlararo, shahar va ixtisoslashtirilgan boshlang’ich TMEK bo’limlaridan tashkil topgan. TMEK faoliyati O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994 yil 24 noyabrdagi 317-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomga muvofiq boshqarib turiladi. Fuqarolarni TMEK ning ko’rigidan o’tkazish tegishli davolash muassasasining yo’llanmasi bo’yicha yashash joyida yoki biriktirilgan davolash-profilaktika muassasasida amalga oshiriladi. Tibbiy tekshirishga 16 va undan katta yoshdagi fuqarolar. ularda pasport yoki shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjat, davolash muassasasining yo’llanmasi (88-shakl). Kasallik tarixidan ko’chirma, mehnat turi va sharoitlari haqidagi ma’lumotlar bo’lgan taqdirda qabul qilinadi. TMEK nogironlarni 6 oyda bir, ayrim hollarda ikki yilda bir marta qayta ko’rikdan o’tkazadi. TMEK ko’rikdan o’tkazayotgan shaxslarning kasallik tashhisini aniqlash va salomatligini tiklash uchun ularni davolash muassasalariga yuborish, rasmiylashtirilgan hujjatlar shubha tug’dirganda maslahat olish maqsadida O’zbekiston nogironlarni tibbiy-ijtimoiy va kasb bo’yicha sog’lomlashtirish milliy markaziga yuborish huquqiga ega. Shuningdek, ishga joylashtirishning TMEK tavsiyanomalariga muvofiqgigini hach tekshiradi. TMEK xulosasi asosida nogironligi aniqlangan kishilarga davlat qonuniga muvofiq nafaqa tayinlanadi. O’zbekistonda 115 boshlang’ich, 27 Markaziy va 38 ta ixtisoslashtirilgan TMEK mavjud (2005). Nosir Muhammadjonov.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz