Temur Tangriberganov. Anton Pavlovich Chexov siymosi



Bu yil ulug‘ rus prozaiki A.P.Chexovning vafot etganiga 110 yil to‘ladi. O‘tgan asrning to‘rtinchi yilidan so‘ng rus dunyosi alg‘ov-dalg‘ov bo‘la boshlab, inqiloblar, jahon urushlari jamiyatga salbiy ta’sir etib, endigina yo‘lga solingan insoniyat turmushini yana izdan chiqarib qo‘ygandi. Go‘yoki daho adib o‘lganiga yer yuzi bardosh bera olmay qolgan va  isyon, urushlar ko‘tarib : “Bizni  tushungan, yaxshi ko‘rgan,gumanist endi yo‘q!.. shu bittagina yupanchimiz ham qolmadi...” degandek ko‘rinadi. Ammo, insonlar tushunib yetdiki, Chexov o‘lmagan ekan, uning barhayotligi ayni o‘sha notinch zamonlardayoq anglab yetildi...

1960 yilning yanvarida o‘zi ko‘p tasvirlagan oddiy rus qishloqlarining birida  Antosha Chexov dunyoga kelganida rus adabiyotidagi “Oltin davr”  hukmronligining  birinchi bosqichi tugab, asta-sekin keyingi avlod  maydonga chiqmoqda edi. Rus adabiyoti allaqachon  Pushkin, Lermontov va  Belinskiylarsiz qolgan, buyuk Gogol ham 8 yil oldin bu dunyoni tark etgan paytlar edi o‘shanda.

Afsuski, Anton Pavlovich adabiyotga o‘tmishning eng qora davrlaridan birida kirib keldi. 1880 yilda uning birinchi hikoyasi chop etilganida, hali Dostoevskiy va Turgenev hayot edi. Va rus adabiyoti hamon o‘z qanotlariga tayanib parvoz qilayotgan, ammo oddiy xalqidan tortib amaldor-u hukmdorigacha qoloqlik botg‘og‘iga botib, azob chekayotgandi. Balki Chexov o‘shandayoq ich-ichidan shuni his qilgan va adabiyoti, vatani, xalqi uchun buyuk xizmatlar qilishi lozimligini anglagandir. Va Chexov buni astoydil bajara oldi ham. Garchi odamzodning o‘rtacha umrining atigi uchdan birini yashab, 44 yoshda dunyodan ko‘z yumgan bo‘lsa ham, umrining oxirlarigacha Lev Nikolaevich Tolstoy bilan hamnafas bo‘lib, rus xalqini qalbiga malham bo‘luvchi asarlar bitdi.

Zamondoshlari va adabiyotshunos olimlar Chexovning fe’l- atvori haqida juda iliq so‘zlar aytishadi. “Chexov: hazilkash, odamshinavanda, samimiy, sal tortinchoq, lekin, haqiqat uchun jonini ayamaydigan ijodkor, halol va mehribon shaxs. U ayollarni sevadi. Biroq, ularga ona, opa-singil, qizaloq, mehribon rus ayollari sifatida qaraydi”.  

Agar Saxalinga bormaganida Chexovning o‘limi sodir bo‘lmasmidi degan savol tug‘iladi. Taqdiri ilohiyga qarshi borib bo‘lmasligi shundan ham ayonki, Chexov 10 yoshidan boshlab o‘pka sili bilan og‘rib keladi. 1884 yilda kasallik kuchayib, uning mashhurligi va yorqin ijodi bilan yonma-yon yura boshlaydiki, 1888 yilda uning o‘zi ataylab Saxalinga ketadi-yu o‘z umrini yanada qisqartiradi, kasallikka esa kuch beradi go‘yo. Holbuki, Chexovning asl kasbi shifokorlik edi...

Chexov 24 yil ichida 30 jildga yaqin asar yozdi. Lekin birorta roman yozmadi. O‘sha minglab katta-kichik asarlaridagi bosh mavzu gumanizm bo‘ldi. Tasvirlar Qadimgi Rusiyaning aybnomasidek ko‘rinsa-da, ularda rus odamlariga achinish tuyg‘usi kuchlidir.

Anton Chexov ko‘p so‘zni ortiqcha bilardi, “Qisqalik - talantning singlisidir”  deb o‘ziga uslub tanlagandi. Shunisi qiziqki, qisqalikni tanlab, o‘z umrini ham qisqartirgandek...

Adibning ijodi dunyo qalamkashlariga shunaqa katta ta’sir ko‘rsatganki, hozirgacha  “Chexovshunoslik”,  “Chexov hikoyalari maktablari”,  “Chexov dramaturgiyasi” singari mahorat yo‘nalishlari mavjud. Yozuvchining 50 ga yaqin taxallusi bo‘lgani e’tiborga molik. Bu ham andishaning mevalari. Chexov ijodida yumor bilan birga dard ham katta kuchga ega. Obrazlari orasida bironta mukammal odamni topish mushkul. Ularni kasallik, savodsizlik, telbalik, turli illatlar, mansabparastlik, boylik, mastlik kemirib turadi. Balki shuning uchun ham Chexov ideal odamni orzu qilib: “Kishida hamma narsa go‘zal bo‘lishi zarur - yuzi, so‘zi, kiyimi, qalbi, hatto fikri ham” deb yozgandir.

Chexov dramaturgiyasi alohida mavzu, lekin hozir ham teatrlarda Chexov haftaliklari festivallari o‘tkazilib turishi e’tiborga molik. Ingliz adibi Jon Golsuorsi: “Chexov o‘z pesalarini faqat rus kishilari uchun yozgani uchun, haligacha uni boshqa mamlakat aktyorlari maromiga yetkazib ijro eta olmaydi” deb fikr bildirgan edi. Bu gapning tagida haqiqiy rus tabiatiga va qalbiga doir bo‘lgan shaxsga nisbatan chuqur hurmat yotganini sezish mumkin.

Ishonasizmi, Anton Pavlovich Chexov ham she’r yozgan. Sof nasr ustasi ham poeziyaga qo‘l urgan. Ammo, o‘zining iqroriga ko‘ra umrida bittagina she’r bitgan xolos...

Chexovning hayoti mantiq so‘ziga mos keladi. U adabiyotga kirib kelganida chuqur fikrlab ko‘p va yengil yozardi, so‘ng hayotning normasini izlab, dunyoqarashidagi bosh g‘oyasini jiddiylashtira bordi. Natijada asarlarining mag‘zi qattiqlashdi. Soni kamaydi, hajmi esa ortdi. Hatto jamiyat va ruxiyatning tub normativini topish uchun dramaturgiyaga ham murojaat etdi. Atrofiga ulug‘ insonlarni to‘pladi. Tolstoy, Korolenko, Gorkiy, Buninlar Chexovni juda yaxshi ko‘rishgani bejiz emas. U barchaga namuna bo‘ldi! Yozuvchilik faqat shon-shuhrat va unvonlardan iboratmasligini ommaga bildirdi. Ya’ni  imperator Nikolay II  Maksim Gorkiyni Akademiyadan chetlatgani uchun, yangi berilayotgan Akademiklik unvonini ham keskin rad etdi...

Chexov o‘lganida Tolstoy va Gorkiylar iztirob chekib, yig‘lagan bo‘lsa, unda uni sevgan ayollar-u butun rus xalqi qanday ahvolga tushgan ekan deb o‘ylash ham qiyin. Balki Chexovning kitoblarini o‘qib ovunishgandir. Uning ruhi kitoblarida yashamoqda-ku. O‘zi aytganidek kitoblarini o‘limidan so‘ng 7 yil o‘qishgani yo‘q. “Har kim o‘z ota- bobolaridan ko‘pni ko‘rishga va bilishga intilishi lozim” deb aytib ketganida o‘ziga ishora qilmaganmidi?

Chexov qalblarda shunday muhr qoldirib ketganki, hikoyalari o‘qilganida obrazlari va  dialoglari aniq esda qolmaydi. Ammo darrov yurakka chippa yopishib, dardlarimizni qo‘zg‘aydi.  Kuldirib azoblaydi. Qattiq ta’sir ko‘rsata oladi.

Maksim Gorkiy o‘shanda: “….oramizdan bir cho‘ng va dono bir odam mayus kulimsirab yashab o‘tdi, u xalqiga astoydil, kuyunib,ammo,sekingina,  yomon yashayapsiz odamlar, deya murojaat qilib ketdi” degan bo‘lsa,Ivan Bunin: “Chexovmi? U -haqiqiy master!!” deb real baho bergandi realist adibdan hayrat aralash zavq olib.



Uzpedia.uz