Telefaks nima?



Faqat ovozli xat emas, balki haqiqiy, oddiy ruchka bilan odatdagi qog’ozga yozilganday xatni qabul qilish mumkin? Ha, mumkin ekan. Buning uchun “telefaks” degan asbob-uskuna zarur telefaks, yoki bugungi til bilan aytilganda, faks — ancha olis tarixli ixtirolardandir. Yanada aniqroq qilib aytilsa, uning moddiy borligi, ya’ni asbob-uskunaning o’zi emas, balki telefaks haqidagi fikr uzoq tarixlidir. Birinchi marta bunday fikr ingliz Bayn tomonidan 1843 yilda ilgari surilgan. Shundan keyin, oradan 33 yil o’tib telefon paydo bo’ldiki, u faksning eng baxtli, yaqin birodaridir. Paydo bo’ldi-yu, dunyoni egalladi. Faks esa, boshqa ayrim bemavrud ixtirolar taqdirida yuz berganiday, tez unutilib, arxivga tashlab qo’yildi. Faqat 1928 yilda telefaks g’oyasi faks qurilmasi tarzida maydonga keldi. Darvoqe, u ham keng tarqalmay qolib ketdi. Chunki uning tarqalishi uchun yanada takomillashgan aloqa liniyalari va ko’pgina mamlakatlarning o’zaro hamkorligi talab qilinar edi. Umuman olganda, hammani telegrafning o’zi qoniqtirar edi. Telefaks har bir idora yoki xonadonga kirib borishi uchun yana yarim asrlik muddat va elektron sanoatining barq urib rivojlanishi talab qilindi. Afsuski, bizlar yashayotgan mintaqalardagi mamlakatlarda alodaning bunday turi mazasi endi-endi his qilinmoqda, shu sababli hozirgi xonaki telefakslar to’g’risida gapirmasak ham bo’ladi. Aslini aytganda esa, telefaks orqali jo’natilgan xat bir necha daqiqalar ichida yetib keladi. Masalan, sizning Toshkent, Vladivostok yoki Rio-de-Janeyrodagi tanishingiz bir daqiqadan so’ng uni o’qishga muyassar bo’ladi. Endi, bunday xatni pochta orqali yetkazish uchun qancha vaqt talab qilinishini bir tasavvur qilib ko’ring! Shuning o’ziyoq telefaks aloqasini tezroq rivojlantirish zarurligi uchun asos bo’la olmaydimi? Faks qanday ishlaydi? U odatdagi telefon tarmog’iga ulanadi. Keyin siz qabul qilinadigan (o’qiydigan) qurilmaga o’z matningizni — xat, hujjat, suratni qo’yasiz va kerakli telefon raqamini terasiz. Barchasi telefondagiga o’xshash! Abonentingiz (tanishingiz)ga tegishli telefaks bir necha qo’ng’iroq ovozidan keyin ishga tushadi va, boshqachasiga aytsak, uzatilgan matn bilan “tanisha boshlaydi”. Sizning raqamingizni yozib oladi va har ikki apparat o’zaro hamkorlikka kirishib, liniyani sinovdan o’tkaza boshlaydi. Chunki har xil shaharlarda va mamlakatlarda telefon tarmoqlari har xil ishlaydi: qayerda yaxshi, qayerdadir yomon. Shu sababli faksdagi uzatuvchi va qabul qiluvchi tomon ham “o’zaro muomala”ning eng qulay rejimini izlay boshlaydi, ya’ni ma’lumotni uzatish, tezligini izlaydi. Mezon esa bitta: xato bo’lmasligi kerak. Bunda esa telefakslarga odatdagi kompyuterlarda bo’ladigan mikroprosessor yordamga keladi. Har ikki qurilmaga mos keladigan ma’lum bir rejimni qabul qilgach, uzatuvchi faks sizning xatingizni o’qishga tushadi va uni elektr signal tarzida tarmoqqa uzatadi. Qabul qiluvchi faks uni “o’qib” originalga to’la-to’kis mos ravishda termosezgir qog’ozga tushiradi. Endi maxsus yozuvchi “boshcha” harakatga keladi, uning o’n dona ignasi bo’lib, har bir igna qiziydi va o’z izini qog’ozda qoldiradi. Xat uzatildi. Shuni ta’kidlash kerakki, bu yuz foiz nusxa xatdir. Faqat siz sharikli ko’k rangli ruchka bilan yozgan xat yoki har xil bo’yoqdor qalamlar bilan chizilgan rasmday emas, balki rangsiz, oq-qora tusli nusxa. Faks yana nimalarga qodir? Masalan, uning yordamida kseronusxa olish mumkin. Buning uchun “uning o’z-o’ziga qo’ng’iroq” qilish lozim, to’g’ri, bunday paytda u aloqaga chiqmaydi. Faqat bir vaqtning o’zida matnni o’qish va termobosma ishga tushadi. Bir necha lahzada kseronusxa tayyor bo’ladi! Yana! Abonentingizni bezovta qilmasdan faks kecha-yu kunduz istalgan paytda ma’lumotni qabul qilib oladi, ya’ni telefon liniyasi unchalik band bo’lmagan paytlarda axborot tez yetib keladi. Bunday paytda sizning tanishingiz uyda yoki idorada bo’lishi hech bir shart emas. Yana nima? Apparat har qanday mazmundagi va har qanday tildagi axborotni uzata oladi. Bexosdan siz xitoymi yoki yaponiyalik hamkoringiz bilan gaplashishingiz zarur bo’lib qoldi, deylik. Muammo bo’lishi mumkin emas, faqat siz o’sha tillarni bilishingiz lozim. Telegraf yordamida bunday aloqaga kirisha olmaysiz. Yana shunisi muhimki, faks matnni haqqoniy o’z holida yetkazib beradi. Boshqacha aytganda, u hujjatlarni jo’natishda ham juda qo’l keladi. Nusxani oldingmi, sen undan asl nusxadan foydalanganday foydalanishing mumkin. Aytmoqchi, ko’pgina mamlakatlarda telefaks nusxalari hujjatlarning asl nusxalari kabi qimmatga ega. Faks qancha muammolarni hal qiladi!


Manba



Mo’jiza kitobning 3-jildi


Uzpedia.uz