Таймазов, Артур Борисович
Artur Borisovich Taymazov (ruscha: Арту́р Бори́сович Тайма́зов, osetin: Таймазты Барисы фырт Артур ) kelib chiqishi osetin boʻlgan oʻzbekistonlik erkin kurashchidir. 1979-yil 20-iyulda Shimoliy Osetiyaning Nogir qishlogʻida tugʻilgan boʻlib, bugungi kunda Toshkentning „Dinamo“ klubi aʼzosi. U uch karra Olimpiada chempioni (2004, 2008 va 2012), Sidney-2000 Olimpiadasi kumush medal sovrindori, ikki karra jahon chempioni, ikki karra Osiyo chempioni, uch karra Osiyo Oʻyinlari gʻolibidir. 2004-yil Shimoliy Osetiya Davlat universitetini tamlomlagan. Artur Taymazov sportning erkin kurash turi boʻyicha Oʻzbekiston sharafini xalqaro arenalarda munosib himoya qilayotgan ishonchli sportchilardan biri. Oʻzbekiston Olimpiya tarixida qoʻlga kiritilgan 6 ta oltin medaldan 3 tasining egasi. Oilali, Arsen ismli oʻgʻli va Kamila ismli qizi bor.
Biografiyasi
Artur Taymazov Shimoliy Osetiyaning Nogir qishloqchasida dunyoga kelgan. Artur yoshligidan akasi bilan ogʻir atletika mashgʻulotlarida ishtirok etgan. 11 yoshga toʻlganda qishlogʻida erkin kurash seksiyasi ochilgan va Arturni bu sport turi koʻproq oʻziga jalb etgan. Oʻsha paytlarda u hamqishloqlari
Elbrus Tedeyev ,
Vadim Tasoev kabi kurashchilar bilan mashgʻulotlarda qatnashgan. Professional sport bilan 1990-yildan eʼtiboran shugʻullanishni boshlagan.
Artur Taymazov oʻzining ilk yutugʻini 19 yoshida qoʻlga kiritgan. 1998-yil Butunjahon Yoshlar oʻyinlarida chempion boʻlgan Artur qadam-baqadam oʻzining katta yutuqlarini qoʻlga kirita boshladi.
Artur Taymazov Oʻzbekiston uchun kurashishni 2000-yildan boshladi. Bu qarorni u koʻpchilik oʻylaganidek Rossiya terma jamoasidagi raqobat sabab emas, balki olimpiada oʻyinlaridagi kvotalar bilan izohlaydi:
„2000-yildagi Olimpiada oʻyinlarida Rossiya nomidan toʻplangan ballarga binoan, hamshaharim David Musulbesning ishtirok etishi aniq edi, menga Oʻzbekiston nomidan gilamga tushishni taklif qilishdi va men buni qabul qildim.“
– Artur Taymazov bilan intervyudan[1]
Keyinchalik Artur respublika va xalqaro miqyosdagi turli musobaqalarda ishtirok etib, sovrinli oʻrinlarni qoʻlga kiritdi. Uch karra Olimpiada gʻolibi, bir necha bor Jahon va Osiyo chempioni boʻldi.
Sport faoliyati
Olimpiada oʻyinlarida ishtiroki
Artur Taymazovning olimpiada oʻyinlarida bosib oʻtgan yoʻli:
Eʼtirof
Ketma-ket yutuqlar, muntazam ravishda Olimpiada va Osiyo oʻyinlaridagi ishtirok, Jahon Chempionatlaridagi yutuqlar sabab Artur Taymazov xorij va oʻzbek matbuotida eng koʻp ulugʻlanadigan mashhur sportchiga aylandi.
Eng kuchli erkak sportchi
2004-yilgi Olimpiada Oʻyinlari oldidan ESPN internet nashri oʻz oʻquvchilari orasida
"Eng kuchli erkak sportchi" soʻrovini oʻtkazdi. Onlayn soʻrovning birinchi bosqichida Artur Taymazov kovboy Trevor Brazileni 77,4 % ovoz bilan ortda qoldirgan boʻlsa, ikkinchi bosqichda mashhur golf ustasi Tiger Woodsni 72 957 ovoz bilan ortda qoldirdi.
Qirol Artur
London olimpiadasidagi Artur Taymozovning uchinchi oltin medalidan soʻng, mahalliy stadion.uz internet nashri Taymazovga nisbatan „Qirol Artur“ atamasini qoʻllab „Uch karra QIROL ARTUR!!!“ sarlavhasi ostida maqola chiqardi.
Shuningdek, oʻzbekistonlik kurashchi Artur Taymazov London olimpiadasida qoʻlga kiritgan oltin medali bilan erkin va yunon-rum kurashlari rekordini takrorladi. Bunga qadar uch nafar sportchi olimpiada oʻyinlarida uch marotaba chempionlikni qoʻlga kiritgandi. Taymazov ular qatoriga kirgan toʻrtinchi sportchiga aylandi. Ammo faqatgina bir sportchi uchta oltindan tashqari bitta kumush medalniyam qoʻlga kiritgandi. Aynan mana shu olimpiya rekordini Artur Taymazov takrorlagan. Olimpiada rekordini shu kungacha yunon-rum kurash boʻyicha chempion afsonaviy Aleksandr Karelinga tegishli edi. Novosbirsklik polvon 1988-(Sobiq Ittifoq tarkibida), 1992-(MDH), 1996-(Rossiya) yillarda olimpiya chempioni boʻlgan boʻlsa, 2000-yili Sidneyda kumush medal bilan taqdirlangandi.
Shuningdek erkin kurash boʻyicha
74 kg vazn toifasida rossiyalik yana bir sportchi Buvaysar Saytiev ham uchta oltin medalga ega boʻlgan (1996, 2004, 2008). Belaruslik ogʻir vazn toifalarida kurashgan Aleksandr Medved esa Sobiq Ittifoq hisobiga shuncha oltin (1964, 1968, 1972) medallarni keltirgan.
Oltin haykalcha
London-2012 Olimpiadsidagi muoffaqqiyatdan soʻng, Artur Taymazov Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning 14-avgustdagi Farmoniga asosan, „El-yurt hurmati“ ordeni bilan mukofotlandi. Bundan tashqari, 24-avgust kuni Taymazov London-2012 Olimpiadasining boshqa oʻzbekistonlik sovrindorlari qatorida Oʻzbekiston Prezidenti qabulida boʻlib, Oʻzbekiston bayrogʻini baland tutib turgan holatdagi, oltin suvi yuritilgan haykalchani prezidentdan sovgʻa sifatida qabul qilib oldi.
2012-yil 29-avgust kuni Oʻzbekiston Olimpiya shon-shuhrati muzeyida London Olimpiadasi sovrindorlarini qutlashga bagʻishlangan tadbirda Artur Taymazovga 150 ming AQSh dollariga sertifikat hamda Chevrolet Malibu avtomobili kaliti topshirilgan.
Osiyo Olimpiya Kengashining maxsus sovrini
2012-yil yakunida Osiyo olimpiya kengashi maxsus kengashi maxsus sovrin joriy qildi va uni XXX Olimpiya oʻyinlarida yuqori natijalarni qoʻlga kiritgan sportchilarga taqdim etdi. Osiyo olimpiya kengashi Olimpiadada oltin medallarni qoʻlga kiritgan hamda Osiyo va jahon rekordlarini oʻrnatgan bir guruh sportchilarni tanlab oldi va ularga oʻz sovrinini topshirdi. Mazkur sovrin 3 karra olimpiada chempioni Artur Taymazovga ham topshirildi. Ushbu sovrinlar Kengashning noyabr oyida Makaoda boʻlib oʻtgan bosh assembleyasida Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi vakiliga topshirildi.
Shimoliy Osetiya prezidenti eʼtirofi
2012-yil London olimpiadasidan soʻng, Artur oʻzi tugʻilib oʻsgan joyda qahramonlarcha kutib olindi. Shimoliy Osetiya respublikasi rahbari Taymuraz Mamsurov Olimpiada oʻyinlarida Oʻzbekiston nomidan ishtirok etuvchi erkin kurashchi Artur Taymazovni mamlakatning eng oliy mukofoti — „Osetiya shuhrati“ ordeni bilan mukofotladi.
Bundan tashqari, uch karra Olimpiada chempioniga yangi uch xonali kvartiraning kalitlari ham topshirilgan. Prezident Taymuraz Mamsurovning fikricha, XXI asr soʻngiga qadar hech kim Artur Taymazovning natijalarini takrorlay olmaydi.
Shaxsiy hayoti
Artur Taymazov 1979-yil aholi jon boshiga Olimpiada chempionlari koʻpligi bilan „Ginness rekordlari kitobiga“ kirgan Nogir qishlogʻida sut zavodida haydovchi boʻlib ishlaydigan Taymazov Boris Xasakoevich oilasida, 4-farzand boʻlib dunyoga keldi. Onasi Taymazova Nina Babitsaevna (qizlik sharifi Gudiyeva) Olimpiada oʻyinlarida jami oltita medalga egalik qiladigan oʻgʻillari muvafaqqiyatidan faxrlanadi.
Avvaliga Artur akalari Alan va Timur bilan ogʻir atletika mashgʻulotlarida ishtirok etgan, nisbatan kichik boʻlganligi va musobaqalarda akalari kabi koʻp ishtirok etmasligi uni ranjitgan va sinfdoshlarining qistovi bilan erkin kurash mashgʻulotlarida ishtirok eta boshladi. Artur hozirgi muvafaqqiyatlariga erishishda ogʻir atletika bilan shugʻullanganligi va akalarining hissasi katta boʻlganligini koʻp bor taʼkidlaydi.
Akasi Timur Taymazov 1992-yil Barselonada boʻlib oʻtgan Olimpiada oʻyinlarida birlashgan MDH jamoasi tarkibida kumush medalni qoʻlga kiritgan. 1996-yil Ukraina Olimpiya jamoasida ogʻir atletika boʻyicha oltin medalga egalik qilgan, ikki bor Jahon chempioni boʻlgan. Hozirda akasi Timur Taymazov Shimoliy Osetiya Soliq idorasida boshliq va Shimoliy Osetiya Parlamenti deputati.
Artur Taymazov oilali. Turmush oʻrtogʻi Zarina. Arsen (2005-yili tugʻilgan) ismli oʻgʻli va Kamilla (2008-yil tugʻilgan) ismli qizi bor.
Mukofotlari
Xalqaro toifadagi sport ustasi Artur Taymazov quyidagi mukofotlarni olgan:
Manbalar
Havolalar
uz.wikipedia.org