TAXIATOSH
TAXIATOSH — Qoraqalpog’iston Respublikasidagi shahar. 1953 yil Bosh Turkman kanali quruvchilari ishchi posyolkasi sifatida vujudga kelgan. Amudaryoning chap sohilida, muhim transport yo’llari yoqasida joylashgan. Aholisi 50,9 ming kishi (2004). Temir yo’l stantsiyasi. Nukusdan 16 kilometr uzoqlikda. Shaharning shimoliy va Janubiy qismlarida qadimgi sug’orish kanallarining o’zanlari saqlangan. Taxiatosh Qoraqalpog’istonning energetika sanoati markazi. Shahar issiqlik elektr stansiyasi O’rta Osiyo elektr sistemasiga tutashtirilgan. “Taxiatoshdon” aktsiyadorlik jamiyati, maxsus yo’lko’prik boshqarmasi, “Rosenergo” qo’shma korxonasi, “Qusshishq” parrandachilik korxonasi, qurilish tashkilotlari, savdo, madaniy va maishiy xizmat ko’rsatish shoxobchalari bor. Taxiatoshda 10 umumiy ta’lim maktabi (10354 o’quvchi), bolalar musiqa maktabi, 3 kasb-hunar kolleji (transport, qurilish va iqtisodiyot kollejlari, 2974 o’quvchi), Markaziy kutubxona va uning 8 ta filiali, 4 klub muassasasi, madaniyat va istirohat bog’i faoliyat ko’rsatadi. 2 kasalxona (220 o’rin), kattalar va bolalar poliklinikalari, ayollar konsultasiyasi, ruxiy kasalliklar dispanseri, urush va mehnat faxriylari va “Aydo’n jol” sanatoriylari mavjud. “Xalmq dauo’so'” (qoraqalpoq tilida) gaz. chiqariladi. Taxiatosh maxsus yo’lko’prik boshqarmasi “Buxoro—Nukus—Qo’ng’irot— Beynov” avtomagistralining Ustyurtdagi (Qo’ng’irot —Beynov) qismida qurilish ishlarini olib bormoqda. Taxiatoshdan Nukusga avtobus qatnaydi.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz