TAVROT (qadimgi yahudiycha “Tora” — ta’limot, qonun) — iudaizm dinining muqaddas kitobi. Tavrot 5 ta kitob (Ibtido, Chiqish, Loviy, sonlar, ikkinchi qonun) ning umumiy nomi. Iudaizm va Islom aqidasi bo’yicha, Tavrot Allohning Musoga Jabroil orqali tushirgan kitobi. Ko’pincha u “Muso qonunlari” deb ham ataladi. Tavrot yozuvlari og’zaki tarzda miloddan avvalgi 11-6-asrlar o’rtasida shakllangan. 5-asrda Falastinda kitob shakliga keltirilgan. Tavrotda dunyoning yaratilishi, Odamato, Momohavo, to’fon, Bobil minorasi va tillar chatishuvi, ilk yahudiy payg’ambarlari, yaxudiylarning Misrdan chiqib asirlikdan qutulishi, ularga Falastinni muqaddas yer sifatida berilishi, Musoning Xudodan olgan ko’rsatmalari, Yaxvaga sig’inishning boshlanishi, diniy aqida, tartib va marosimlar, yahudiylarning 40 yil Sinay yarim orolida ko’chmanchilikda hayot kechirishi, yahudiylar Xudo tomonidan tanlangan xalq ekani bayon qilinadi. Tavrotni asrlar davomida talqin va qayta talqin etish natijasida iudaizmning yana bir muqaddas kitobi — Talmud shakllangan. Qur’onda Tavrot haqida bir qancha oyatlar bor. Qur’onga ko’ra, Injildagi kabi Tavrotda ham yahudiylardan bo’lmagan Ahmad ismli payg’ambarning dunyoga kelishi haqida aytilgan. Musulmon adabiyotida “Qadimgi ahd” da uchraydigan barcha kitoblarni Tavrot deb ataydilar. Eldor Ibrohimov.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Loyiha rivoji uchun hayriya qiling: 9860 3501 4465 8134. @Shaka_rj Maqsad sun'iy intellekt javoblarini ko'paytirish