TAVALLO



TAVALLO (taxallusi; asl ism-sharifi To’lagan Xo’jamyorov) (1883— Toshkent -1937.10.11) — shoir, publitsist. Beklarbegi madrasasida, rustuzem maktabida o’qigan. O’zbek va fors adabiyoti klassiklarining ijodini, shuningdek, Arab va fors tillarini o’rgangan. 1905 yildan “Turkiston viloyatining gazeti”, “Sadoi Farg’ona”, “taraqqiy” kabi gazeta va jurnali larda she’r va maqolalari bilan muntazam qatnashgan. 10 yillardan vaqtli matbuotda “Tavallo” taxallusi bilan she’r va maqolalari bosila boshlagan. 1914 yil 30 avgustda Munavvarqori, Avloniy, M. Podshoxo’jayev, Husanxo’ja Dadaxo’ja o’g’li (yozuvchi Said Ahmadning otasi), Saidabdullo Saidkarim o’g’li Saidazimboev, Komilbek Norbekov (jami 12 kishi)lar bilan birgalikda Toshkentda “nashriyot” shirkatini tuzib, kitob chiqarishni yo’lga qo’ygan. 1915 yilda esa Avloniylar tashabbusi bilan tuzilgan “Turon” jamiyatida faoliyat ko’rsata boshlagan. 1918— 19 yillarda Toshkentning dastlab eski shahar, so’ng Yangi shahar ijroiya qo’mitalarining a’zosi bo’lgan. Keyinchalik turli xo’jalik ishlarida ishlagan. “Ravnaq ulislom” (1916) she’riy to’plami uning hayotlik davrida chop etilgan. To’plamga 70 ta she’r kiritilgan. Asar turkchilik, islomchilik ruhida. Vazn va ohang an’anaviy — aruzda. Tavallo she’rlarida millat va Vatan tushunchalari keng o’rin egallagan (“Yordam etmak kuni etdi siza Turon ahli…”). Tavallo 1937 yil 14 avgustda “Turon”, “aksilinqilobiy”, “Milliy Ittihod” va boshqa tashkilotlarning a’zosi bo’lganlikda, “she’rlarida millatchilik g’oyalarini ilgari surgan”likda ayblanib, qamoqqa olingan. 1937 yil 10 noyabrda NKVD qoshidagi uchlik hukmi bilan otib tashlangan. 1968 yil 18 oktabrda oqlangan.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz