TASMAN (TASMAN) ABEL YANSZON



TASMAN (TASMAN) ABEL YANSZON (1603, Lutgegast, Groningen provintsiyasi — 1659, oktabr, Jakarta) — gollandiyalik dengizchi sayyoh, Niderlandiyaning OstIndiya kompaniyasida xizmat qilgan. 1638-41 yillarda savdo kemasiga qo’mondonlik qilib, Sharqiy Osiyo dengizlarida suzgan. Shimolda Yaponiyagacha suzib borib, Bonin orolini kashf qilishda (1639) qatnashgan. Okeaniya (1642-43) va Avstraliyani (1644) tadqiq qilgan ekspeditsiyalarga boshchilik qilgan. Tasman 1-ekspeditsiyaning maqsadi bo’lgan “noma’lum Janubiy materik”ni izlash davomida Vandimen yerining janubiy va Sharqiy sohillarini (1853 yilda Orol uning nomiga qo’yilgan), yangi Zelandiyaning g’arbiy sohili, Trikings va Tonga orollari, Fiji guruhidagi ba’zi orollarni topib xaritaga tushirgan. 2-ekspedisiya Karpentariya qo’ltig’ining Janubiy va g’arbiy sohillari, Avstraliyaning shimoliy garbiy qismigacha yetib bordi. Ikkala ekspeditsiya Avstraliyaning alohida quruqlik ekanligini, taxmin qilingan Janubiy materik bilan tutash emasligini tasdiqladi. Avstraliya bilan Yangi Zelandiya oralig’idagi dengiz, Orol, Yangi Zelandiyaning Janubiy o.dagi qo’ltiq, muzlik va boshqa geografik ob’yektlar Tasman nomi bilan atalgan.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz