Tarjima nazariyasi va tanqidi muammolari (davra suhbati) (2014)
Mustaqillik davri o‘zbek adabiyotida barcha tur va janrlar qatori badiiy tarjima amaliyotida ham o‘sish-o‘zgarishlar yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Ayniqsa, asliyat tilidan tarjima izga tushayotgani quvonarli hol. Bu borada yoshlarning o‘z iqtidorini sinovdan o‘tkazayotgani, Sharq va G‘arb xalqlari adabiyoti namunalarini bevosita ona tilimizga o‘girishga dadil kirishayotgani katta umid uyg‘otadi.
Ayni paytda o‘zbek adabiyoti durdonalarini xorijiy tillarga tarjima qilish bobida ham yoshlar yaxshigina tashabbus ko‘rsatmoqda. Bu sohadagi ishlarning izchil tus olganini O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi qoshidagi Badiiy tarjima va xalqaro aloqalar bo‘limining respublikamizdagi yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida poytaxt va viloyatlardagi oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlikda “Yosh tarjimonlar maktabi”ni tashkil etgani, yosh tarjimonlarning ilk tarjima asarlari “Adib” nashriyotida chop etilayotgani, “Jahon adabiyoti” jurnalining muntazam chiqib turgani va amalga oshirilgan boshqa ko‘plab tadbirlar misolida ko‘rish mumkin. Zero, o‘zbek adabiyoti namunalarini chet tillariga, jahon adabiyoti sara asarlarini ona tilimizga munosib tarzda tarjima qilib taqdim etishdek sharafli vazifa bugungi navqiron avlodning iqtidori, g‘ayrat-shijoatiga bog‘liqligi sir emas.
Davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan vazifalar, “Yuksak ma’naviyat — yengilmas kuch”, “Adabiyotga e’tibor — ma’naviyatga, kelajakka e’tibor” kitoblarida aytilgan fikr-mulohazalar, tavsiyalardan kelib chiqsak, bugungi adabiy jarayonda badiiy tarjimaning o‘rni, tarjimashunoslik, tarjima tanqidi sohalaridagi yutuq va kamchiliklarni tahlil, talqin etish, muayyan xulosalar chiqarib olish kun tartibidagi muhim vazifalar sirasidan ekaniga iqror bo‘lamiz.
Shu ma’noda tahririyatimiz tarjimashunoslikning dolzarb mavzulari bo‘yicha ijodkor va olimlar ishtirokida davra suhbati tashkil etdi. Ushbu suhbat “Tarjima nazariyasi va tanqidi muammolari” mavzusiga bag‘ishlandi. Unda taniqli tarjimon va tarjimashunos olimlar, tadqiqotchilar Muhammadjon Xolbekov, Ibrohim G‘afurov, Abduzuhur Abduazizov, Gulnoza Odilova, Gulchehra Rixsieva, Xayrulla Hamidov ishtirok etib, mavzuga doir fikr-mulohazalarini, taklif va istaklarini bayon etdilar.
Muhammadjon Xolbekov: — Modomiki, davra suhbatimiz mavzusi tarjima nazariyasi va tanqidiga bag‘ishlangan ekan, qisqacha bo‘lsa-da, ushbu soha tarixiga bir nazar tashlasak.
XX asrga qadar “tarjima” so‘zi faqat tarixiy, falsafiy, adabiy va badiiy asarlar o‘girmasiga nisbatan qo‘llanib kelingan. Og‘zaki tarjimonga nisbatan esa turkiy xalqlarda “tilmoch”, nemis tilida “dolmetechen”, ingliz va frantsuz tillarida “interpret” atamalari qo‘llanilgan. Tarjima nazariyasi xususida aytilgan fikrlar ham shu yo‘sinda umumiy ma’no kasb etgan.
Tarjima nazariyasiga bag‘ishlangan ilk tadqiqotlar o‘tgan asrning 20-30 yillarida yuzaga kela boshladi. Bu davrda nashr qilingan Amos, Postget, Finkel, Alekseev kitoblarida va Sanjar Siddiqning “Adabiyot tarjimasi san’ati” (1936) risolasida tarjima nazariyasi fan sifatida e’tirof etilgan tezislarni uchratamiz. 50-yillarda taniqli tarjimon Ivan Kashkin va tilshunos Reformatskiyning tarjima nazariyasi xususidagi maqolalari e’lon qilingandan so‘ng bu sohada bahs-munozaralar boshlanib ketdi. Professor Reformatskiy “tarjima amaliyoti barcha fanlar uchun xizmat qilsa-da, tarjima nazariyasi mustaqil fan bo‘la olmaydi, balki tilshunoslikning bir bo‘limigina bo‘lishi mumkin”, degan g‘oyani ilgari surgan edi. Shundan so‘ng ularni ma’qullagan va tanqid qilgan qator tadqiqotlar, maqolalar chop etildi. 1953 yil Xalqaro tarjimonlar uyushmasi (FIT) tashkil topdi. 1955 yildan uning organi “Bobil” (Babel) jurnali nashr etila boshladi.
Keyinchalik jahon olimlarining tarjima nazariyasi va tarjima tanqidi muammolariga bag‘ishlangan tadqiqotlari birin-ketin bosilib chiqdi. Bu esa olimlarning ilmiy izlanishlari ravnaqini belgilab berdi. O‘tgan asrning 70-yillariga kelib jahon filologiya ilmida tarjimashunoslik deb nom olgan mustaqil fan shakllandi.
O‘zbekistonda tarjimashunoslik ilmining rivojida Jumaniyoz Sharipov, Ninel Vladimirova, G‘aybulla Salomov, Najmiddin Komilov, Qudrat Musaev kabi olimlarning xizmati katta bo‘ldi. Bugungi kunga kelib o‘zbek tarjima maktabi jahon tarjimashunoslik ilmida tan olindi.
O‘zbekiston o‘z mustaqilligini qo‘lga kiritgandan so‘ng o‘tgan yigirma ikki yil davomida badiiy ijodning barcha sohalarida bo‘lgani kabi tarjima nazariyasi va amaliyotida ham o‘zgarish va yangilanishlar ro‘y berdi. Prezidentimiz tashabbusi bilan tarjima va tarjimashunoslar minbari “Jahon adabiyoti” (1997) jurnali tashkil etilib, o‘z faoliyatini boshladi. Atoqli adabiyotshunos olim va tarjimon Ozod Sharafiddinov boshchiligida ushbu jurnalda dunyo adabiyotining eng sara asarlari o‘zbek tiliga tarjima qilinib bosildi. Eng muhimi, jurnal tahririyati asliyatdan tarjima amaliyotiga keng yo‘l ochib berdi. Ayni paytda “Jahon adabiyoti” jurnalida tarjima nazariyasi va tanqidiga doir mazmunli maqola hamda suhbatlarning bosilayotgani ijod va ilm ahliga manzur bo‘lmoqda.
Ibrohim G‘afurov: — Hozirgi zamonda tarjima amaliyoti (tarjima turidan qat’i nazar) ilmga asoslanadi. Albatta, ijod jarayonida intuitsiyaning o‘z o‘rni hamda salmog‘i yo‘q emas. Ilm tarjimaning to‘laqonli va ishonchli chiqishiga yo‘l ochadi. Tarjimashunoslik va uning tarkibiy qismiga aylanib borayotgan, ammo hali o‘zini to‘la namoyon qilib ulgurmagan tarjima tanqidi ilm turidir. Bu ilm tilshunoslik, grammatika, stilistika, semantika, belgishunoslik (semiotika) kabilar bilan yaqin aloqa bog‘lab, mustahkam hamkorlik qiladi. Biz tarjimashunoslik va tarjima tanqididan ijodiy amaliyotga jonkuyarlarcha yordam beruvchi ko‘p foydali ishlarni kutamiz. Tarjima amaliyoti tarjima tanqidi, tarjima ilmi, nazariyasi bilan teng rivojlanib borsa, doim hamnafas odim otsa, deb orzu qilamiz.
Goh-goh matbuot sahifalarida ko‘zga tashlanayotgan nazariy-ma’rifiy maqolalar, tarjimalarning sifat-saviyasi, asliyatga qanchalar yaqinligi yoki uzoqligi, tarjima etikasiga bag‘ishlangan yoki eng muhimi, qiyosiy (asliyat bilan va tarjima tili qiyoslangan) tahlillar aks etgan chiqishlardan quvonamiz, ularni qiziqib kuzatib boramiz. Bir qancha tillar bilimdonlari, nazariyadan xabardor, bu sohaga jonkuyarlik bilan qarayotgan va yondashayotgan tarjima muxallillari — tadqiqotchilar jarayonni jonlantirishga hissa qo‘shayotganlariga umid ko‘zi bilan qaraymiz, ularning qatori siyraklashib qolmasligini tilaymiz. Ilm sohasida umumiy qonun-qoidalar, qonuniyatlar, o‘lchov-mezonlarning bo‘lgani naqadar yaxshi! Axir tahlilchi, talqinchi o‘z tanqidini nimalarga suyanib ado etadi, maydon ochadi, maydonni kengaytiradi? Qonuniyatlar va o‘lchovlarga-da!
Abduzuhur Abduazizov: — Yaxshi tarjimonlarni, tarjima asarlarni chuqur tahlil qilib beradigan mutaxassislarni tayyorlashning ham nazariy, ham amaliy tomonlari bor. Bu borada yurtimizda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Chunonchi, O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining tarjima fakultetida, O‘zbekiston milliy universitetining xorijiy filologiya fakulteti tarjima bo‘limi magistraturasida hamda Samarqand chet tillar institutida tarjimon kadrlarni tayyorlashga katta ahamiyat berilmoqda. Tarjimonlar tayyorlashning ilmiy-nazariy tomoni bevosita sohaga oid darslik, o‘quv qo‘llanmalari va turli lug‘atlarni taqozo etadi. Afsuski, hali zamon ruhiga mos, bugungi kun talabiga javob beradigan tarjima nazariyasiga doir darslik yo‘q. Hozircha foydalanib kelinayotgan o‘quv qo‘llanmalarda tarjimashunoslikning barcha jihatlari qamrab olinmagan.Tarjima nazariyasiga doir o‘quv adabiyotlarini yaratishda faollik ko‘rsatayotgan olimlarimizning xizmatini e’tirof etgan holda, ta’kidlash joizki, ayni paytda tarjima tanqidiga ilmiy asos bo‘ladigan, uning rivojiga turtki bo‘ladigan tadqiqotlar juda kam. Bu esa bevosita tarjima tanqidida sustkashlikni keltirib chiqarayotgan sabablardan biri. Vaholanki, tarjima sohasi gurkirib rivojlanayotgan bugungi kunda tarjima tanqidi har jihatdan faol, hozirjavob, adabiy jarayonning eng qizg‘in jabhalaridan biriga aylanishi darkor.
Tarjima tanqididagi sustkashlik oqibatida bugungi kunda xorijiy tillardan o‘girilayotgan ko‘plab tarjima asarlar o‘zining bahosini olayotgani yo‘q. Kitob holida chop etilayotganlarida hatto qaysi tildan tarjima qilingani ham ba’zan ko‘rsatilmaydi. Bundan shunday fikrga kelish mumkinki, aksariyat tarjima asarlarga uning rus tiliga qilingan tarjimasi asos qilib olinadi. Nashriyot muharriri tomonidan asar tarjimasi asliyatga yoki ruscha variantiga ham qiyoslab tahrir qilinmaydi. Jahon adabiyotining ayrim namunalari tarjimasini o‘qib mashhur adibning na uslubini, na mahoratini ko‘rasiz. Bunday tarjima asarlar o‘z vaqtida tahlil etilib, tegishli bahosini olishi lozim. Aks holda tarjimachilikni kosiblikka aylantirib olganlar safi kengayib ketaveradi.
Tarjima nazariyasi va tanqidiga oid ilmiy tadqiqotlar, qo‘llanmalar kerak, deb jon kuydirib gapirayotganimizning boisi ham shunda — tarjima tanqidchiligining hozirgi ahvoli talabga javob bermaydi. Gazeta va jurnallar, tahririyatlar taqdim etayotgan tarjima asarlar kimlarning qo‘lidan o‘tib kitobxonga yetib borayotir: ularni nashrga tayyorlagan muharrirlar o‘sha asar yozilgan xorijiy tilni biladimi yoki faqat tarjimonga bo‘lgan ishonchiga asoslanadimi? Ingliz (nemis, frantsuz) tilidan tarjima qilindi, deb bosilayotgan asarlar tarjimasini asliyatga qiyoslab nashrga tayyorlaydigan muharrirlar adabiy-badiiy nashrlarda, nashriyotlarda bormi? Malakali muharrir qalami tegmagan, qanday o‘girilgan bo‘lsa, shu zaylda chiqib ketayotgan tarjima asarlarining soni tobora ko‘payib borayotgani, albatta, tashvishlanarli hol.
Yana bir masala. Gazeta-jurnallarda, nashriyotlarda bosilayotgan tarjima asarlar, kitoblarda ushbu asar xorijlik yozuvchi yoki shoirning qaerda, qachon, qaysi tilda nashr qilingan kitobi asosida amalga oshirilgani haqida hech qanday ma’lumot berilmaydi. Nashr madaniyatining bu oddiy talabiga rioya etmaslikni aslo oqlab bo‘lmaydi. Negaki, xorijlik adib asarining bir necha bor turli saviyada bosilgan, to‘ldirilgan, qisqartirilgan, qayta ishlangan nashrlari bo‘lishi mumkin.
Gulnoza Odilova: — Bundan chorak asr muqaddam yaqin yillar ichida xorijiy tillardan bevosita tarjimaga o‘tish mumkinligiga hammayam ishonavermas edi. Qarangki bugun mana shunday kunlarga yetib keldik. Kitob do‘konlarimizda xorijiy tillardan tarjima qilingan ko‘plab asarlarni ko‘rish mumkin. Men ularni uch turkumga ajratib qarayman. Birinchisi, asliyatdan birmuncha farq qilsa-da, o‘qishli, badiiyligi saqlab qolingan vositachi til orqali qilingan tarjima asarlar. Ikkinchisi, “bevosita tarjima” yorlig‘i bilan siylangan, aslida vositachi til orqali qilingan tarjima asarlar. Uchinchisi, rostdan ham asliyatdan o‘girilgan tarjima asarlar. Shu o‘rinda, men ushbu ro‘yxatdagi uchinchi turkum asarlar boshiga “badiiy” so‘zini qo‘shib aytishga biroz iymanib turibman. Sababi bevosita tarjima industriyasida “badiiy” tarjima deya e’tirof etishga munosib asarlarga hali ko‘zim tushgani yo‘q. Ammo “bevosita tarjima”lar birin-ketin bosilmoqda. Modomiki, bu ish boshlangan ekan, uni takomillashtirish yo‘lida tarjimon-mutaxassislar tayyorlaydigan oliy o‘quv yurtlari va ular qoshida tashkil etilgan “Yosh tarjimonlar maktablari” va bu sohaning chinakam jonkuyari bo‘lgan tarjimashunos olimlar kuchini, sa’y-harakatini birlashtirish lozim. Shunda sezilarli muvaffaqiyatlarga erishish mumkin bo‘ladi.
Albatta, Abduzuhur domla aytganlaridek, bevosita badiiy tarjima amaliyotini takomillashtirish uchun, avvalo, shu sohaga oid darslik va qo‘llanmalarni yangilash lozim. Buning uchun, ehtimol, mazkur sohaga oid qo‘llanmalarni nashr etishdan avval o‘qib tavsiya bera oladigan tarjimashunos olimlarning metodik kengashini tashkil etish kerak bo‘lar. Sababi, mashaqqatli mehnat va mablag‘ evaziga chop etilgan qo‘llanmani nashr etilgandan so‘ng tanqid qilgandan ko‘ra, nashrgacha taqrizga berib, xato va kamchiliklari ko‘rsatilsa, ta’lim tizimi rivoji uchun maqsadga muvofiq ish bo‘lardi.
A.Abduazizov: — Zamon talabi darajasidagi tarjimonlarni tayyorlash uchun nafaqat tarjima nazariyasi va amaliyoti bo‘yicha mukammal darslik, shuningdek, badiiy, ilmiy-texnik, idora ish uslubiga mos o‘quv qo‘llanmalari, ikki, uch va ko‘p tilli lug‘atlar yaratish talab etiladi. Hozircha chop etilgan inglizcha-o‘zbekcha, nemischa-o‘zbekcha, frantsuzcha-o‘zbekcha lug‘atlarning foydali jihatlarini kamsitmagan holda aytish joizki, bu lug‘atlar hali tarjimonlarning talabini qoniqtirmaydi. Endilikda katta izohli sinonimik va qomusiy lug‘atlar kerak, hatto tarjima nazariyasi amaliyotiga doir izohli lug‘at tayyorlashni ham o‘ylash zarur. Negaki, tarjima nazariyasi va amaliyoti bilan bog‘liq ko‘pgina masalalar yetarlicha aniq hal etilgan emas. Xususan, tarjimada so‘zlarning tartibini o‘zgartirish yoki o‘rnini almashtirish, so‘z qo‘shish yoki tushirib qoldirish nima uchun va qay holatda ro‘y berishi va ularning barchasini umumiy nom bilan tarjimada transformatsiya (leksik, grammatik va stilistik) deb atalishi yaxshi o‘rganilmagan.
Tarjimaning qiyosiy tilshunoslik bilan “egizak”ligi ma’lum. Biroq tarjimaning grammatik, leksik va stilistik muammolarini mustaqil ilmiy tadqiq etmasdan turib, uning pragmatika, kognitiv tilshunoslik, psixolingvistika va semiotika bilan aloqalarini o‘rganib bo‘lmaydi. Mashhur tilshunos, tarjimashunos Roman Yakobsonning yozishicha, bir tildagi belgini boshqa tildagi belgi bilan bera bilishning uch turi mavjud: birinchisi, tarjima qilinayotgan asar tilidagi belgini boshqa belgi yordamida tarjima qilish yoki unga boshqa nom berish; ikkinchisi, semiotik belgilarni bir tildan boshqa tilga tarjima qilish; uchinchisi, semiotik tizimlararo tarjima: til belgilarini musiqa, raqs, kino, rasm bilan bera bilish. Hali biz bunday tarjima muammolarini o‘rganishdan ancha yiroqmiz. Xorijdagi tarjimashunoslikka doir tadqiqotlarni chuqurroq o‘rganish bo‘lg‘usi tarjimonlar uchun juda foydalidir.
Taniqli olimlar Jon Ketfordning yoki Yudjin Naydaning tarjima nazariyasiga bag‘ishlangan kitoblari hanuz o‘z ilmiy ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q. Bunday asarlarni talabalarga seminar mashg‘ulotlarida tahlil qilishni o‘rgatish zarur. Chunonchi, tarjima nazariyasini chuqur o‘rganmay turib tarjima asarning tahlili haqida gapirish ortiqcha.
Hozir tarjimonlar ko‘paygani quvonarli hol, biroq amalga oshirilayotgan tarjimalar sifati haqida o‘ylashimiz zarur. Faqat Toshkentda emas, balki viloyatlarda ham tarjima kitoblar bosilayotir. Biroq bu tarjimalarni kimlar o‘qib tahrir qilmoqda, kimlar tarjima talabga javob berishiga kafolat bo‘lmoqda? Bu tarjimalar faqat rus tilidangina emas, balki boshqa xorijiy tillardan o‘girilgan. Rus tilidan o‘zbek tiliga qoyilmaqom tarjima qila biladigan usta tarjimonlar bor. Ba’zan ular ham ingliz tilidan qilingan tarjimalarga, hatto dissertatsiyalarga taqriz berishadiki, endilikda bunday ishdan tiyilish lozim. Tarjima qilingan asar tilini bilmagan kishi u haqida nima deyishi mumkin?! Har holda bir tildan ag‘darilgan asarni shu tilni bilgan mutaxassis ko‘rib chiqsa foydalidir. Biror mutaxassis, tarjimon ko‘rib taqriz bermagan tarjima asarni nashr etishga shoshilmaslik kerak.
Yaqinda qo‘limga arxeologik san’at yodgorliklari haqida ma’lumot beradigan ingliz tilida nashr etilgan kitobcha tushib qoldi. Oldin ham bunday ma’lumotnoma asarlar tarjimasida xatoliklarga duch kelgandim. Masalan, Xiva shahri haqida inglizcha kitobchadan Xiva Xazoraspdan 8 farsax, boshqa manbaga ko‘ra 10 farsax uzoq deb yozilgan. Agar bir farsax 9,3 metr bo‘lsa, Xiva Xazoraspdan 74,4 metr uzoqlikda bo‘lib qoladi. Aslida shu kitobchaning frantsuzcha nashrida bu masofa 56 kilometr deb to‘g‘ri ko‘rsatilgan. Yoki ko‘chalarimizdagi reklamalar tarjimasidagi no‘noqlikka bir misol: “Snikersni to‘xtatma!” Bunday misollar juda ko‘p.
Gulchehra Rixsiyeva: —Yurtboshimizning “Adabiyotga e’tibor — ma’naviyatga, kelajakka e’tibor” asarida aytilgan “...boshqa sohalar qatori adabiyot sohasida ham xalqaro aloqalarni kuchaytirish zarur. Qaysi mamlakatda bizning adabiyotimiz, madaniyatimiz, qadriyatlarimizga hurmat bilan qarashadi, xorijdan biz nimalarni o‘rganishimiz mumkin, o‘z navbatida, ularga nimalarni taqdim etishimiz mumkin — bu masalalar xalqaro maydonda o‘zligimizni namoyon etishda katta ahamiyatga ega ekanini doimo yodda tutishimiz lozim. Men bu borada G‘arb bilan birga Sharq mamlakatlari, jumladan, Yaponiya, Xitoy, Janubiy Koreya bilan, Misr, Birlashgan Arab Amirliklari, Quvayt kabi arab davlatlari bilan aloqalarni kuchaytirishni tavsiya etgan bo‘lardim”, degan fikrlari sharqshunos mutaxassislarga mas’uliyatli vazifalarni yukladi.
Ushbu vazifalar doirasida Toshkent davlat sharqshunoslik institutida bir qator ishlar amalga oshirilmoqdaki, ularni uch yo‘nalishga ajratish mumkin: birinchisi, sharq mamlakatlari adabiyotini chuqur o‘rganish va o‘zbek tiliga tarjima qilish; ikkinchisi, o‘zbek adabiyoti durdonalarini xorijiy sharq tillariga tarjima qilish orqali milliy madaniyatimizni jahonga targ‘ib qilish; uchinchisi, sharqshunos tarjimonlarni tayyorlashning ilmiy-uslubiy asoslarini mustahkamlash, tarjimashunoslikning nazariy masalalarini tadqiq qilish. Bu ishlarni boshqarishda institutda 2011 yilda ochilgan va joriy yilda magistratura va bakalavriat yo‘nalishlarini bitirayotgan ilk qaldirg‘ochlar — o‘ttiz nafarga yaqin yapon, xitoy, hind va arab tillaridan tarjima qiluvchi yosh mutaxassislar tayyorlashni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan “Tarjima nazariyasi va amaliyoti” kafedrasining faoliyat ko‘rsatayotgani katta umid uyg‘otadi.
Tarjimondan nafaqat til bilimdoni, balki adabiyotshunos va elshunos bo‘lish ham talab etiladi. Chunki muayyan xalqning madaniyati, assotsiativ tafakkurini chuqur bilmay, til boyligini yaxshi egallamay turib tarjimon badiiy til vositalarini to‘g‘ri tanlay olmaydi, tilning poetik jihatlarini his etmay, oqibatda tarjima to‘g‘ri va ta’sirchan chiqmaydi. Shu ma’noda yosh tarjimonlarga sohaning yetuk mutaxassislari, tajribali sharqshunos-tarjimonlar yordamida mahorat darslari tashkil etib, tarjimada milliy koloritning berilishi, so‘z tanlash mahorati, davr ruhining til birliklari vositasida to‘g‘ri aks ettirilishi, nihoyat, asar muallifining g‘oya-maqsadini aniq yetkazib berishga o‘rgatish zarur deb o‘ylayman.
Yaqinda institutda «Sharq tarjimashunosligi tarixi, hozirgi kuni va kelajagi» mavzusiga bag‘ishlab o‘tkazilgan ilmiy anjumanda respublikamiz oliy ta’lim muassasalari, jumladan, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, Samarqand davlat chet tillar instituti, O‘zbekiston Milliy universiteti, Toshkent islom universiteti, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Yozuvchilar uyushmasi vakillari ishtirok etdilar. Yoshlarning ilmiy anjumanlarda o‘zlarini namoyon etishlariga imkon yaratish, respublika miqyosida tarjima mutaxassislari bilan tajriba almashishni yo‘lga qo‘yish, o‘zbek va sharq xalqlari adabiyotini o‘zaro yaqinlashtirish jarayonini jadallashtirish, adabiyot namunalarini o‘zbek va sharq tillariga tarjima qilish masalalari anjumanning kun tartibini tashkil etdi. Ilmiy to‘plam tarzida nashr etilgan “Sharq tarjimashunosligi tarixi, hozirgi kuni va kelajagi” kitobida boy an’analarga ega sharq tarjimashunosligining bugungi kundagi muammolari, o‘zbek adabiyoti namunalarining sharq xalqlari tillariga, sharq tillaridan o‘zbek tiliga badiiy tarjimani amalga oshirish, tarjima tamoyillari, uslub masalalari bilan bog‘liq sohaning dolzarb mavzulariga bag‘ishlangan tadqiqotlar jamlangan. Shu o‘rinda tarjima nazariyasi va amaliyoti yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalarning qiziqarli mavzular ustida izlanayotganini ham alohida ta’kidlashni istardim. Yapon, koreys, xitoy, hind tillaridan tarjima jarayonida uchraydigan til va badiiy tafakkur bilan bog‘liq holatlar tarjimasiga aloqador masalalarni tadqiq etishga bag‘ishlangan ishlar kelgusida bu yo‘nalishdagi ilmiy izlanishlar ko‘lamining yanada kengayishiga ta’sir etadi.
Tarjima asarlarni tayyorlash, bu sohaga qadam qo‘ygan yoshlarni tarbiyalashda, albatta, Yozuvchilar uyushmasi bilan hamkorlikdagi ishlarimiz kutilgan natijalarni beradi, degan umiddaman.
G.Odilova: — Tarjimonlik fakulteti bakalavr va magistrlarining bitiruv malakaviy ishi va magistrlik dissertatsiyalari mavzularida hamon qaysidir asar tarjimasining sintaktik-semantik tahlili, kontseptologiya, frazeologizmlarni uzatish muammosi, muallif uslubi va shunga o‘xshash mavzular yoritilmoqda. Modomiki, kun tartibida o‘zbek tilidan chet tillariga tarjimani kuchaytirish masalasi turar ekan, ishni aynan malakaviy ishlar mavzularini yangilashdan boshlash lozim ko‘rinadi. Keyinchalik shu soha rivoji uchun ham nazariy, ham amaliy samara keltiradigan, doktorlik tadqiqotigacha tortishi mumkin bo‘lgan mavzular berilsa yoshlar o‘z ustida ko‘proq ishlagan bo‘larmidi... Badiiy asarda his-tuyg‘u, inson va tabiat, harakat va holat tasviri asosiy o‘rinni egallaydi. Chet tiliga tarjimalarning badiiy chiqmayotganiga aynan shu sohaga doir o‘zbekcha-inglizcha lug‘atlarning yo‘qligi ham sabab bo‘lmoqda. Ingliz tilini bilish — ingliz badiiy tilini bilish degani emas. So‘nggi yillarda amalga oshirilgan tadqiqotlarda, asosan, tarjimon mahorati, asliyatni qayta yaratish mahorati tadqiqot sub’ekti darajasida yoritib berilmoqda. Albatta, bu tarjimaning nazariy muammolarini teranroq ochib berishga ko‘maklashadi. Ammo yangicha tadqiqotlarga qo‘yiladigan talablarda ishning amaliylik darajasi yuqori bo‘lishi lozim. Masalan, yaqinda o‘zbek tilshunoslari N.Mahmudov va D.Xudoyberganova tomonidan tayyorlangan “O‘zbek tilining o‘xshatmalar izohli lug‘ati” bilan tanishdim. O‘zbekcha-inglizcha xuddi shunga o‘xshash lug‘atlar yaratilsa, tarjimonlar mehnati qanchalik yengillashardi. Buning uchun magistrlar va yosh tadqiqotchilar harakati to‘g‘ri yo‘naltirilib, yaqin yillarda o‘zbek tilidan ingliz tiliga badiiy tarjima ishini osonlashtiradigan ikki tilli tasviriy vositalar lug‘atlari yaratilsa ajab emas. Bunday nashrlar o‘zbek adiblarining xorijlik kitobxonlariga zavq ulasha oladigan ingliz tilidagi badiiy tarjima asarlariga keng yo‘l ochardi.
I.G‘afurov: — Hamma davrlarda tarjima tekstini yaratish — bosh masala bo‘lib turaveradi. Asliyat namunasini tanlash, tushunish, ichiga kirish, uning tarixi, yuzaga chiqargan muhit, sharoitni o‘rganish, yangi muhitga uning qanday qabul qilinishini o‘ylash va bu haqda iloji boricha aniq tasavvurga ega bo‘lish, tarjima usuli, strategiyasini aniqlash singarilar barcha tarjima jarayonlari uchun muhim holatlar va bular oxir-oqibatda asliyatga muvofiq tarjima tekstini yaratishga xizmat qiladi. Mutaxassis tarjimon va tarjimashunos tadqiqotchi hech qachon bularga befarq, hafsalasiz qaramaydi. Loqaydlik bu yerda ixtisosga mensimay qarash bilan barobar.
Tarjimonning butun o‘y-xayoli bilish va qidirishda bo‘ladi. Asosiy maqsadi esa, madaniyat fenomenlarini yaqinlashtirish, tarjima tili vositasida tushunarli qilishdan iborat.
Lekin umumiy qonuniyatlar, jarayonlar, texnologiyalarni bilishning o‘zi hali yetarli emas. Bular boshlang‘ich zamin hosil qiladi. Ta’bir joiz bo‘lsa, bu dengizga sho‘ng‘ish uchun tayyorlangan joy. Hali oldinda dengizga sho‘ng‘ish, po‘rtanalar bag‘riga kirish, turli xatarlarni yengib o‘tish, stixiyaning tabiiy qarshiligiga bas kelish kabilar turadi.
Qoidalar, qonuniyatlar jumlani shirali, matnni yaxlit jozibali, fusunkor qilishni o‘rgatmaydi, bular ilmning vazifasi emas. Jumla, matnning yaxlit poeziyasi, go‘zalligini faqat talant iqtidori yaratadi.
Asliyat jumlasi ichiga kirganda, yuragim tuzoqqa tushgan bedananing yuragiday patirlab turadi.Tuzoqdan chiqishim, jumlani o‘z ona tilimda cho‘g‘day ravshan qilishim kerak. Bu jarayonda ona tilim oshlanib, qimmatbaho teri kabi yarqirab borayotganini his qilib turaman. Qarayman: so‘zlar o‘z o‘rnini topayaptimi, yo‘qmi, asliyatga ritmik hamohang yangrayaptimi, yo‘qmi, bir tabiiy stixiya ikkinchi tabiiy stixiyaga aylana borayaptimi, yo‘qmi?
Asliyat matnini yuragimga singdirganimda, u ko‘ksimda aks- sado bera boshlaganda, zo‘rakilik, yasamagarchilik chekinganini sezaman. Allaqayoqdan asliyatga mos noyob, kutilmagan so‘zlar chiqib keladi. Ular “Kuntug‘mish”, “Alpomish”lar dengizidan chiqib, Markes yoki Nitshe dengizlariga qo‘yiladi. Yangi Nitshe, yangi Markes, yangi Joys paydo bo‘ladi. Bu — tamomila yangi matn. O‘zbek tilidagi matn.
Jeyms Joys “Uliss”ni o‘n sakkiz xil uslubda yozganligini aytgan. Har bobda bir ulug‘ adabiy-badiiy uslub! U voqealarning eng xarakterli ijtimoiy, madaniy, tarixiy, insoniy qirralarini yarqiratib gavdalantiradi. Uslub juda noyob mazmundor poeziyaga aylanganligi va sizni o‘ziga tinimsiz rom qilayotganini sezasiz. O‘zbek tilida shu o‘n sakkiz xil Yevropa adabiyotlari uslublarini yaratish vazifasi turardi. Tarjima strategiyasi va texnikasi to‘g‘ri belgilanganidagina bu muyassar bo‘ladi.
Xayrulla Hamidov: — So‘nggi yigirma yil ichida Sharq adabiyotining o‘nlab nodir namunalari o‘zbek tiliga tarjima qilindi. Agar o‘tgan asrning 80-yillarigacha bunday asarlarning asosiy qismi rus tili orqali o‘girib kelingan, o‘zbek xalqi Sharq adabiyoti namunalari bilan bilvosita tarjimalar soyasida tanishgan bo‘lsa, 90-yillardan boshlab sharq tillaridan bevosita tarjimaga ko‘proq e’tibor berila boshladi. Bu davrda o‘zbek adabiyoti namunalarini sharq tillariga tarjima qilish ishi yangi bosqichga ko‘tarildi. Cho‘lpon, Abdulla Qodiriy, Oybek, G‘afur G‘ulom, Pirimqul Qodirov, Odil Yoqubov, Said Ahmad, Shukrullo, O‘tkir Hoshimov va boshqa adiblarning asarlari turk, xitoy, arab, koreys singari sharq tillariga tarjima qilindi. Shunga qaramay, o‘zbek tilidan sharq tillariga o‘girilgan asarlar salmog‘i sharq tillaridan qilinayotgan tarjimalardan ancha kam. Buning sababi, nazarimda, o‘zbekcha asarni chet tiliga o‘giradigan mahalliy mutaxassislarning ozligidir. Agar buni birgina o‘zbek va turk tillaridan amalga oshirilgan tarjimalar misolida olib qaraydigan bo‘lsak, bugungacha turk tiliga o‘girilgan o‘zbek adiblari asarlari turk tarjimonlari tomonidan amalga oshirilganiga guvoh bo‘lamiz. Buni boshqa tillarga qilingan tarjimalar misolida ham aytish mumkin. Galdagi vazifa o‘zbek adabiyoti durdonalari orasidan tanlab olingan asarlarni turk tiliga iste’dodli o‘zbek tarjimonlari tomonidan amalga oshirilishiga erishish va bu borada hamkorlikni kuchaytirish, keng jamoatchilik ishtirokida tarjima asarlar taqdimotlarini o‘tkazib, ommaviy-axborot vositalari yordamida ommaga ma’lum qilishdan iborat.
Albatta, badiiy tarjima sohasiga iste’dodli yoshlarning kirib kelayotgani quvonarli hol. Faqat ularga “ustoz ko‘rishlari” uchun zarur shart-sharoitlar yaratish lozim. Buning uchun respublikamizdagi oliy o‘quv yurtlari, jumladan, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, Samarqand davlat chet tillar institutlarida shakllangan yosh tarjimonlar maktablarining faoliyatlarini muvofiqlashtirish, ularning tarjimalarini, mutaxassislarning tahlili va tanqidiy muhokamasidan o‘tgach, nashrga tavsiya etish maqsadga muvofiq bo‘ladi, deb o‘ylayman.
Nashr etilayotgan tarjimalardagi kamchilik va nuqsonlarga kelsak, aytish joizki, ayrim tarjimonlar badiiy tarjimaga ijod deb emas, zaruriyat deb qarayotganga o‘xshaydi. Masalan, so‘nggi yillarda turkcha badiiy asarlarning o‘zbek tiliga tarjimasi ishlari jadallashdi, bunda o‘zbek tarjimonlarining hissasi katta. Biroq turk tarjimonlari o‘girgan o‘zbek adabiyoti namunalarining turkcha tarjimasi xususida bunday deyish qiyin. Turk tarjimonlari o‘z kitobxonlarini o‘zbek yozuvchilarining asarlari bilan tanishtirishni asosiy maqsad qilgan holda, tarjimalarning sifati, milliylikning tarjimada saqlanishi masalasini ikkinchi darajaga qo‘ygan ko‘rinadi. Buning asosiy sababi, tarjimonlarning asliyat tilidagi so‘zlarning ma’no nozikliklari, xalqning madaniyati, milliy o‘ziga xosliklari, urf-odatlarini yaxshi bilmasliklaridadir. Atoqli adibimiz Odil Yoqubov asarlarining turk tarjimoni Ahsan Botur tomonidan turkchalashtirilgan “Adolat manzili” asari yuqoridagi fikrimizga bir dalildir. Bu haqda tadqiqotchilar o‘z fikrlarini bayon etishgan, ilmiy munozara hanuz davom etmoqda.
Zotan, badiiy adabiyotning eng muhim xususiyati milliylik ekan, demak, badiiy tarjimada milliylikni saqlab qolish, boshqacha aytganda, uni qayta yaratish tarjima muvaffaqiyatining asosiy ko‘rsatkichi, bosh omilidir.
M.Xolbekov: — Davra suhbatida ko‘tarilgan masalalar, bildirilgan fikr-mulohazalar, istak-takliflarni umumlashtirib aytadigan bo‘lsak, haqiqatan ham mustaqillik davrida xorijiy tillardan o‘zbek tiliga va ona tilimizdan chet el tillariga tarjima amaliyoti har jihatdan rivojlandi, ayniqsa, asliyatdan tarjima jonlangani quvonarli holdir. Ayni paytda tarjima nazariyasi, asoslari, yo‘nalishlariga doir zamon talabiga mos tadqiqotlar, darslik va qo‘llanmalar, bevosita badiiy tarjimaga oid lug‘atlar yaratishda sustkashlik bor. Qolaversa, tarjima tanqidi faoliyati ko‘ngildagidek emas. Bu muammolarni hal etish uchun amalga oshirilayotgan ishlardan umidimiz katta. Xususan, tarjimashunoslik sohasiga, bevosita badiiy tarjima amaliyotiga kirib kelayotgan yoshlar, ularning Yozuvchilar uyushmasi tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgani quvonarli hol. O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida (2010), O‘zbekiston Milliy universitetida (2012, 2013), Samarqand davlat chet tillar institutida (2012), Toshkent davlat sharqshunoslik institutida (2012) bo‘lib o‘tgan ilmiy anjumanlarda yosh tarjimashunos va tarjimonlarning faol ishtiroki yuqoridagi fikrimizni tasdiqlaydi.
Umid qilamizki, yuqorida aytilgan fikr-mulohazalar sohaga doir muammolarni aniqlab olishda, tarjima nazariyasi va amaliyoti, tarjima tanqidi bo‘yicha olimlar, tadqiqotchilar, tarjimonlar va barcha ijodkorlar sa’y-harakati yanada izchillik kasb etishida, hamkorligimiz samaralari ortishida turtki bo‘ladi.
Suhbatni Ahmad Otaboyev tayyorladi.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2014 yil 10-son
Uzpedia.uz