TARJIMA



TARJIMA — bir tildagi matnni boshqa tilda qayta yaratishdan iborat adabiy ijod turi. Tarjima millatlararo muloqotning eng muhim ko’rinishi. Asliyat va qayta tiklangan matn xususiyatiga qarab badiiy Tarjima, ilmiy Tarjima va boshqa turlarga ajratiladi. Asl nusxani aks ettirish tarziga ko’ra tafsir, tabdil, sharh kabi ko’rinishlarga ham ega bo’lishi mumkin. Tarjima qadimgi davrlarda, turli qabilaga mansub kishilar orasidagi o’zaro aloqa, muloqot ehtiyoji tufayli yuzaga kelgan. Tilmochlik deb ataladigan bu og’zaki turi hozirda ham saqlangan. Zamonlar osha Tarjimaga bo’lgan talablar yangilana boradi. Ammo uning ijodiy xarakteri, qayta yaratish san’ati ekanligi o’zgarmaydi. Tarjimaning ko’lami va taraqqiyoti har bir xalqning ma’rifiy darajasiga bog’liq va, o’z navbatida, u millatning ijtimoiy tafakkuriga samarali ta’sir etadi. “Tarjima” termini bir tildan ikkinchi tilga o’girish jarayonini, shuningdek, tayyor tarjima asarini anglatadi. Badiiy Tarjimaning asosiy xususiyati tilning badiiy vazifasidan kelib chiqadi. Til badiiy asarda estetik hodisa, san’at faktiga aylanadi. Adabiy asar tili — alohida “badiiy voqelik” unsuridir. Tarjimada ana shu obrazli ifodaviy tildagi badiiy ma’noni boshqa tilning obrazli ifodaviy zaminiga o’tkazish, obrazni obraz bilan qayta ifodalash jarayoni yuz beradi. Shuning uchun tarjimon asardagi voqealarning badiiy tafakkur jarayonini yangidan idrok etadi. Zamonaviy Tarjima talablariga asosan tarjimon asliyatning san’at asari sifatida shakl va mazmun birligini qayta yaratishi, milliy va individual xususiyatlarini saqlashi lozim. Tarjimon ona tilining rivojlanish darajasi, Tarjimachilik an’analari, tajribalariga suyanadi, turli xil tafovutlarning mavjudligini hisobga oladi. Tarjimonning ijodiy qobiliyati va bilimi uning imkoniyatlarini kengaytiradi. Tarjima jarayonida tarjimon hamma vaqt o’z ona tilida fikrlaydi, ona tili unga tahlil quroli, sinov mezoni bo’lib xizmat qiladi. Masalan, Nizomiyning “Xisrav va Shirin” dostonini o’girgan qutb (“… Nizomiy bolidan holvo pishurdim”) Tarjima nusxa ko’chirish kabi bir ish bo’lmay, ijodiy jarayon ekanini, tarjimon esa boldan holva pishiruvchi mohir yozuvchi bo’lishi kerakligini aytadi. Turli davrlarda muayyan hududdagi adabiy muhit, ayniqsa, maxsus tarjima maktablarining yuzaga kelganligining o’ziyoq uning shakllangan tamoyillari, an’analari bo’lganligini ko’rsatadi. Hozirgi, davrda har bir taraqqiy etgan xalq jahondagi yuzlab xalkdar tilidan o’z ona tiliga ilm-fan va madaniyatning o’nlab sohalariga oid materiallarni (lirik she’rlar, xabarlar, texnologiya adabiyoti va boshqalar) tarjima qiladi. Tarjima nusxa ko’chirish emas; tarjimonning estetik ehtiyoji uning ixtiyoridan tashqari, Tarjimada iz qoldiradi. Yozuvchi hayot voqealaridan olgan mushohadalarini tilda badiiy ifodalasa, tarjimon asliyat matnini yangi til vositasida qayta gavdalantiradi. Buning uchun u asarda tilga olingan voqelikning muallif darajasida puxta bilishi kerak. Har bir xalq adabiyotining rivojlanishida Tarjima chilikning ta’siri katta bo’ladi, zero Tarjima tarixi adabiyot tarixi bilan tengdosh. O’zbek adabiyotida ham Tarjimachilik qadimdan rivojlangan. Mahmud Koshg’ariy, Rabg’uziy, Qutb, Navoiy, Bobur, Munis, Ogahiy va boshqalar ijodida Tarjima katta o’rin egallaydi. 20-asr o’zbek yozuvchilaridan Cho’lpon, G’afur G’ulom, Oybek, Abdulla Qahhor, Mirtemir, Shayxzoda, Mirzakalon Ismoiliy, Askad Muxtor, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Muhammad Ali va boshqalar badiiy Tarjima sohasida ham samarali ijod qilganlar. Badiiy Tarjima sohasida M. Osim, N. Alimuhamedov, Sh. Shomuhamedov, K. Qaxdorova, O. Sharopov, Sh. Tolipov, V. Ro’zimatov, Q. Mirmuhamedov, A. Rashidov, M. Hakimov, I. G’afurov, M. Mirzoidov, G’. To’rabekov, T. Alimov va boshqa professional tarjimon sifatida tanilganlar. O’zbek tilida ilmiy-texnikaviy, ijtimoiysiyosiy adabiyotlar Tarjimachiligida ham katta yutuqlarga erishilgan. Bunda R. Abduraxdyunov, V. Rahimov, A. Shomahmudov, Z. Tincherova kabi tarjimonlarning hissasi katta. Tarjima amaliyotini, uning o’ziga xosliklarini, tarixini, tamoyillari, printsip va krnuniyatlarini tarjimashunoslik fani o’rganadi, tarjimonga o’girish uchun asar tanlash, tillararo tafovutlar hamda asliyatga xos boshqa xususiyatlarni, milliyadabiy an’analarni hisobga olgan holda ish tutishda yordam beradi. 20-asr o’zbek adabiyotida tarjimashunoslik maxsus fan tarmog’i sifatida yuzaga keldi va shakllandi. Cho’lpon, Sanjar Siddiq kabi mohir tarjimonlar nafaqat bu davr tarjima adabiyotini, ayni paytda tarjimashunoslik ilmini ham boshlab berganlar, tarjima haqida maqola va risolalar bitganlar. O’zbekistonda tarjimashunoslik maxsus ilm sifatida o’tgan asrning 2-yarmidan shakllandi. Asr oxiriga kelib, bu sohada 10 ga yaqin fan doktori, 50 dan ortiq fan nomzodi yetishib chiqdi. Prof. J. Sharipov tadqiqrtlari asosan adabiyotimiz tarixida tarjimaning o’rnini ko’rsatishga bag’ishlangan bo’lsa, prof. F. Salomov asosan zamonaviy tarjimashunoslik masalalari bilan shug’ullandi, tarjima jarayoniga til hamda adabiy an’analarning ta’sirini ko’rsatib berdi. N. Komilov esa mumtoz janrlarning o’tmish va g’ozirdagi tarjimalarini tadqiq etdi. O’zbek tarjimashunosligi asosan adabiy yo’nalishda taraqqiy etgan. Tarjimaning lisoniy jihatlari keyinroq — o’zbek tiliga ko’pgina xorijiy tillardan bevosita o’girishga yo’l ochilganidan so’ng rivojlana boshladi. Zuhriddin Isomiddinov.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz