TARF
TARF — yog’i olinmagan qatiqdan tayyorlanadigan mahsulot. Tarf tayyorlash uchun yangi so’yilgan qo’y yoki echki qorni namakobda ivitilib, so’ngra ich tomoni qirib, yaxshilab yuvib tozalanib, puflab shishirilgan holda tayyorlab qo’yiladi. Bahor — yoz mavsumida ivitilgan chuchuk qatiq 1-2 kun oralatib qoringa solinib, salqinroq joyda saqlanadi. Qorin to’lganidan keyin og’zi mag’kam berkitilib, osib qo’yiladi. Issiq ta’sirida qatiq zardobi qorin kapilyarlaridan bug’lanib ketadi, qorinda esa mazali Tarf hosil bo’ladi. Tarf asosan qishda iste’mol qilinadi. Azaldan chorvadorlar tayyorlab kelgan. O’zbekistonning ayrim qishloklarida xonadonlarda hozir ham tayyorlanadi.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz