TANLASH
TANLASH — 1) chorvachilikda — naslchilikdagi sun’iy tanlash usullaridan biri; hayvonlarni poda va zot ichidan xo’jalik va selektsion sifat (tashqi ko’rinish) va va miqdor (tirik vazni, jun va tivit chiqishi va boshqalar) belgilari bo’yicha baholab, nasl olish uchun ajratish; chorva hayvonlarini tanlashda ulardagi selektsion belgilarining asosiylari e’tiborga olinadi. Masalan, Qorako’l qo’ylarida terining sifati, hisori qo’ylarda vazni, tana shakli, sigirlarda sut sog’imi va tarkibi, yilqichilikda ot tanasining rivoji va shakli asosiy Tanlash belgilari hisoblanadi. Tanlash ishlari mollarning yoshligidan olib boriladi va har bir guruh uchun o’ziga xos baholash va Tanlash usullari qo’llaniladi. Masalan, buqalarni baholash va Tanlash 1-bosqichda genotipi, 2-bosqichda o’sish quvvati, rivojlanishi, ekstereri, urug’lantirish qobiliyati, 3-bosqichda avlodining sifati bo’yicha o’tkaziladi. Sigirlar ekstereri kompleks bahosining 40%ni elin sifat ko’rsatkichlari, 25% ini oyoq va tuyoq shakli, mustahkamligi, 20%ini gavda tuzilishi shakli, 15% ini sutdorlik tipi tashkil etadi. Tanlashning samaradorligi populyasiya soni va uning arealiga, hayvonlarning serpushtligi va mahsuldorligiga, belgilarning naeldannaelga o’tish tarzi hamda o’zgaruvchanligiga, Tanlashning jadalligi va yo’nalishiga bog’liq; 2) o’simlikshunoslikda — selektsiyaning asosiy usullaridan biri; genetik usullar bilan birga tegishli belgi va xususiyatlarga ega bo’lgan yangi navlar yaratish imkoniyatini beradi. Tanlash o’simliklarning hosildorligi, kasalliklar hamda zararkunandalarga chidamlilik va boshqa belgilari bo’yicha tabiiy va sun’iy usulda olib boriladi. Tabiiy tanlanishaa ma’lum o’sish sharoitida ko’proq mukammallashgan va shu sharoitga yaxshiroq moslashgan o’simliklar yashab qoladi. Sun’iy Tanlash inson tomonidan olib boriladi. O’simlikshunoslikda Tanlash, shuningdek, ekin turi, xo’jalik belgilari va selektsiya maqsadlariga qarab, 3 xil — yalpi, yakka va klon usulda olib boriladi. Yalpi va yakka Tanlash bir va ko’p martali hamda uzluksiz bo’ladi. Yalpi (umumiy) Tanlashda qator belgilari eng yaxshi va bir tipli usimliklar ajratib olinadi. Yakka Tanlashda eng yaxshi o’simliklar ajratib olinadi va urug’lari alohida-alohida paykallarga ekiladi. Har ikki usulda ham o’simliklar bir marta yoki ko’p marta ekilishi mumkin. Klon Tanlashda tuganak, qalamcha, ildiz yoki piyozboshlardan foydalanib, yangi navlar yaratish ham mumkin.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz