TANBUR CHIZIG’I
TANBUR CHIZIG’I, Xorazm tanbur chizig’i — Xorazm tanbur chizig’i — 19-asrning 2-yarmida Xorazmda yuzaga kelgan nota yozuvi. Tabulatura turi. Shoir va sozandabastakor Komil Xorazmiy joriy qilgan. Tanburning 17 ta pardasi va ochiq simiga mo’ljallab chizilgan 18 gorizontal chiziqlarga joylashtirilgan nuqtalardan iborat. Chiziq ustiga qo’yilgan nuqtalar kuy ijrosi jarayonida tanburning muayyan pardasida noxunning tepadan pastga, chiziq ostidagi nuqtalar pastdan tepaga chertilishini bildiradi. Vertikal chiziqlar pardalar yo’nalishini ko’rsatadi. Tanbur chizig’idagi nuqtalar asosan nimchorak va ba’zan chorak notalar cho’zimiga teng. Chiziqlarning ostiustiga nuqtalar qo’yilib, ularning ustmaust yoki yonmayon joylashishi tanbur zarblari (“yakka zarb”, “qo’sh zarb”lar) ga ishora deb bilinadi. Pauza (jimlik) alomati, “Skun” (o) bilan ifodalanadi. Doira usullari uzunqisqa zarblarni anglatuvchi bo’g’inlar vositasida ko’rsatiladi: “gul”, “taq”, “taqa”, “takqa” va h.k. Kuy bo’laklari (“xona”, “bozgo’y”, “hang”), to’xtovlar yoyli chiziq (strelka) ishorasi yordamida belgilab yuboriladi. Tanbur chizig’ida she’riy matnlar ham berilgan. Ular to’liq yoki lavha tarzida kuy yo’lini anglatuvchi nuqtalardan alohida, bir chekkada yoziladi. Aksariyat hollarda she’rlarning faqat boshlang’ich misralari keltiriladi. Unga qarab ashulachilar g’azalning qolgan qismlarini esga solib oladilar. Tanbur notasi Arab yozuviga o’xshab, o’ngdan chapga o’qiladi. Komil Xorazmiy Tanbur chizig’i yordamida Xorazm maqomlaridan Rostning boshlang’ich qismini, uning o’g’li Muhammad Rasul Mirzo mazkur maqomning qolgan qismlarini hamda Buzruk, Navo, Dugoh, Segoh, Iroq maqomlarining 19-asr oxirida ma’lum bo’lgan cholg’u (chertim) va ashula (aytim) yo’llarini yozib olgan. Uning o’ndan ortiq ko’chirilgan nusxalari bizgacha yetib kelgan. 2002 yil topilgan Hazorasp nusxasida yuqorida nomlari keltirilgan maqomlardan tashqari Zihi nazzora, Qaddim xamlig’i (Urganjiy), Miskin, Rahoviy, Sadri Iroq, Oxyor, choki giribon deb nomlanuvchi aytim yo’llaridagi turkum yozib qoldirilgan. Bular “Dutor maqomlari”, ya’ni dutor jo’rligida aytiluvchi mumtoz yo’llar hisoblanadi. Xorazmlik musiqashunoslar oldindan qad. Sharq nota yozuvi namunalaridan xabardor bo’lganlar. Tanbur chizig’i ixtiro qilinishidan avval Muhammad Sharif Qanbar bobo ismli Dutorchi — dutor uchun shunday nota yaratishga uringan, ammo o’ng qo’l xdrakatlarini qog’ozga tushira olmaganligidan bu ish amalga oshmay qolgan. Shuningdek, Tanbur chizig’ida Safiuddin alUrmaviy nota jadvalidagi o’xshash unsur (element)lar mavjud. Tanbur chizig’ining tiklanishi, tadqiq qilinishi, zamonaviy nota yozuviga ko’chirilishiga V. Belyaev, V. Uspenskiy, T.Sodikrv, M.Yusupov, Il. Akbarov, keyinchalik bu ishning rivojiga va bevosita ijro qilinishiga (amalda sadolantirilishiga) O.Bobonazarov, al-Xorazmiy nomidagi Urganch davlat universiteti o’qituvchilari B.Rahimov, R.Boltaev, M.Matyoqubov, S.Xudoyberganov va b. hissa qo’shganlar. Ad.: Bekchon M., Devonzoda M.Yu., Xorazm musiqiy tarixchasi, 2-nashri, T., 1998; Rajabov I., Maqomlar masalasiga doyr, T., 1963; Matyoqubov O., Maqomat, T., 2004. Botir Matyoqubov.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz