Tanazzul...



Darvoqe, nega tanazzul? Ilmni mensimay, faqat boylik ortidan quvgan, hayotining mazmuni maishat bo‘lib qolgan tipik bir o‘zbek oilasining tanazzulimi? Bundaylarning kasofati kattaroq yo‘qotishlarga olib kelmaydimi? Tanazzul — quloqqa yoqmaydi bu so‘z. Milliy akademik teatrida Dilbar Mahmudovaning “Yarim asr yonma-yon” nomli kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.— Bu janrda yozilgan ko‘pgina asarlarni bilardik, — deydi yozuvchi Xurshid Do‘stmuhammad. — Habibullo Qodiriyning “Otam haqida”, Zarifa Saidnosirovaning “Oybegim mening”, Kibriyo Qahhorovaning “Chorak asr hamnafas” kabi kitoblaridan “Yarim asr yonma-yon”ning farqi shundaki, asarning muallifi ham, qahramoni ham oramizda. Bunaqasi kam uchraydi va shunisi bilan kitob adabiyotimizda yangilik bo‘ldi...So‘zga chiqqanlar Abduhoshim Ismoilovning “Bir-birimizdan bexabar bu dunyodan o‘tib bor­yapmiz” degan gaplarini bot-bot eslashdi. E’tirof etilganidek, “Yarim asr yonma-yon” esse-qissasi kimlar bilandir yarim asr, kimlar bilandir undan kam yoki biroz ko‘p yonma-yon yashab kelayotgan Tilab Mahmudovni barcha uchun qaytadan kashf etib berdi; “O‘zbek ziyolisi ham qanday yashashni biladi” degan gapning yana bir isboti bo‘ldi. Kitob taqdimoti yarim asr yonma-yon ijod qilib kelayotgan Tilab Mahmudov va Dilbar Mahmudovalarning qalamiga mansub “Omonat dunyo” spektaklining premerasiga ulanib ketdi.* * *Zalda tomoshabinlarga joy yetmay qoldi... Odamlar teatrga qaytyapti, de­yishgan edi, haqiqatan ham, bu ta’kid rostga o‘xshaydi. Yoki ikki dramaturgning oldingi spektakli muvaffaqiyatli chiqqani uchun tomoshabinning mualliflarga nisbatan ishonchi ortdimikin? Yonimda o‘tirgan, qo‘lida bileti bor opa gap qotadi: — “Umr shomidagi baxt”­ga ham tushganman. Bugun ishga bormaydigan kunim edi. Tilab Mahmudov va Dilbar Mahmudovalarning spektakli premerasi bo‘lar ekan deb eshitdim-u, kelaverdim.... Asar mohiyatini ochishga, tomoshabinga jonli yetkazishda so‘zdan ustamonlik bilan foydalanilgan. Masalan, Qodir boyvachcha xarakteri uning aytayotgan gaplaridan yaqqol ko‘rinib turadi. Umuman olganda, har bir personaj tili o‘ziga xos. Ularni qog‘ozga tushirmasdan boshqa iloj yo‘q: - Osmonga qarab emas, zamonga qarab yur. - Qo‘llari ham band, o‘ylari ham band. - Ichingdan tushganini men kiygizib qo‘ygan ishtoning ko‘taradimi? - Hammasi odam uchun deydi-yu, svet va gazni palon pulga sotadi. Xuddi otasining gazini sotib, onasining svetini pullayotganday. - Qo‘limdagi o‘n ming, qo‘ynimdagi o‘n ming. - To‘qlik boshimga to‘qmoq bo‘lishini bilganimda edi. - Tasodifning qahri bunchalar qattiq. - Gunohi bor odamning panohi bo‘lmas ekan.Spektakl muvaffaqiyatli chiqishini asar tili, aktyor mahorati, qiziqarli syujet, sog‘lom g‘oya bilangina izohlab bo‘lmaydi. Bu yerda yana nimadir bor. Parda tushirilgandan keyin, tadbir so‘nggida mualliflarni tabriklashga chiqqanlardan O‘zbekiston faylasuflar jamiyati raisi, akademik Said Shermuhammedov: “Tomoshabinga nima kerak? Unga haqiqat kerak!” deb, biz izlayotgan nimadirning nomini topib berdi. Spektakl davomida ota va bola bahsi, ular timsolida ilm va boylik, haqiqat va soxtagarchilik, halol va harom munozarasi bir lahza bo‘lsin to‘xtamaydi. “Hozir rahbarlar kadr tanlashda adashishyapti. Tanish-bilishchilik yo‘liga o‘tib olishgan”, deydigan Qodir boyvachchaning o‘zi ham bu quroldan hayot yo‘llarida doimo foydalanib keladi. Uning o‘gay o‘g‘li Hikmatjon esa ilm, haqiqat tarafdori. Asarning asosiy g‘oyalaridan biri bo‘lgan “Ilm xor bo‘lgan jamiyatning kelajagi yo‘q” degan gaplar Hikmatjon tilidan aytiladi. “O‘sha professorlaringning yelkasidan silkitsang, boshidan sirkasi to‘kiladi”. Bu gaplar Qodirboyvachchaga tegishli, uning hayoti mazmuni pul. Chunki “odamzot pora va pul evaziga yashaydi”, “qonunlarni pul yaratadi, pul buzadi”,  deb o‘ylaydi u. Hikmatjonning ham javobi tayyor: “Bizning kunimiz odamlar cho‘ntak g‘amiga tushib qolgan davrga to‘g‘ri kelgan”. Bu munozara shu tarzda davom etadi: “Boylik odamga odamday yashash uchun kerak”. “Shaharni bir aylanib chiqing, ikki-uch qavatli qasrlar ko‘payib ketyapti. Ularning bari halol pulga qurilyapti deb o‘ylaysizmi?” “Demak, xal­qimiz boyiyapti. Bu yaxshi-ku!” “Xalq bilan bir hovuch nopok odamlarni farqlash kerak!”Hikmatjon garchi asarning asl mohiyatini ifodalaydigan personajlardan bo‘lsa ham, biroz osmoniy obraz, adabiyotimizdagi oqni oppoq qilib ko‘rsatish an’anasi mahsuliday taassurot qoldiradi tomoshabinda. Balki bu taassurot hayotimizda bunday oq ko‘ngil, faqat ilmni deydigan vijdonli odamlar tobora kamyob bo‘lib borayotganidanmikin? Spektakl davomida yana bir narsa odamga tinch­lik bermaydi, bu ham bizda an’ana tusiga kirib qolgan qarashlardan: ilm va boylik bir-biriga zid, kelisholmaydigan tushunchalar. “Agar shunchalar dono bo‘lsang, nega sen bunchalar qashshoqsan?!” degan mashhur savol bejizga berilmagandir. Axir Navoiy anchagina boy bo‘lgan-ku! Hatto davlat xazinasiga hadyalar berib turganligi haqida ma’lumotlar bor. Balki keyingi davrlardagi ijtimoiy, iqtisodiy va boshqa sharoitlar xalqimiz ongiga “Ilmli boy bo‘lolmaydi” degan xulosani joylab qo‘ydimikin? Tarix shuni ko‘rsatadiki, boylari ziyoli bo‘lgan, aniqrog‘i, ziyolilari boy bo‘lgan jamiyatgina obod bo‘lishi mumkin. Chunki jamiyatdagi tanazzul ham, taraqqiyot ham boylar qatlamidan boshlanadi. Bu xulosalar Hikmatjonning aytgani “Ilm xor bo‘lgan jamiyatning kelajagi yo‘q” gaplariga ham o‘xshab ketadi.... Spektakl tugaganda o‘n minutlar chamasi tomoshabinlar qarsak chalib olqishlab turishdi desam, ishonasizmi? Rost aytyapman, haliyam qo‘yib berishmadi, bo‘lmasa olqishlar yana davom etardi. Jami o‘n nafar aktyor (shundan oltitasi yoshlar) sahnaga chiqib kelishdi. Keyin sahna ortidagi ijodkorlar va nihoyat mualliflar Tilab Mahmudov va Dilbar Mahmudova...Buyog‘i salkam spektakl vaqtiga teng soatlar davomida tabrik...* * *Darvoqe, nega tanazzul? Ilmni mensimay, faqat boylik ortidan quvgan, hayotining mazmuni maishat bo‘lib qolgan tipik bir o‘zbek oilasining tanazzulimi? Bundaylarning kasofati kattaroq yo‘qotishlarga olib kelmaydimi? Tanazzul — quloqqa yoqmaydi bu so‘z.



Uzpedia.uz