“TANAVOR” RAQS TEATRI
“TANAVOR” RAQS TEATRI – milliy balet, o’ziga xos teatr turi. Bunda muayyan zamonaviy va tarixiy mavzular, insonning ichki dunyosi, kechinmalari, histuyg’ulari musiqa asosida, raqs harakatlari vositalari bilan aks ettiriladi. 1984 yil oktyabr oyida O’zteleradiokompaniyasi qoshida raqs ansambli sifatida 16 raqqosa va 2 raqqos bilan ish boshlagan. Tashkilotchisi va badiiy rahbari Yulduz Ismatova. Jamoa 1997 yildan “O’zbekraqs” milliy birlashmasi tarkibida. “Sharq ayoli” deb atalgan birinchi dasturda “Munojot”, “Afg’oncha”, “Anoranor”, “Raqqosa keldi”, “parvoz ayladi”, “Xorazmcha”, “doyra”, “Arabcha”, “Ey sarvi ravon”, “Rok uforisi qashqarchasi”, “O’xshar” raqslari hamda ikki yoshning sevgi izhori, sovchi kutish, non ushatish, kelin salom, beshik to’yi kabi etnografik lavhalar asosida o’ziga xos spektakl yaratishga g’arakat qilindi. Keyingi “gul sayli” nomli dastur ham shu yo’nalishda yaratildi. Tom ma’nodagi raqs teatri Navoiyning “Sab’ai sayyor” dostoni asosida yaratilgan “Sevgi nidosi” (libretto muallifi M.Boboev; Q.Komilov musiqasi, 1991) spektakli bilan boshlanadi. Navoiyning asl matni va g’oyalariga tayangan holda Baxrom (N. Xotamov) va Dilorom (N. Saidova) ning sevgi fojiasi yoritiladi. Barcha voqealar, qahramonlarning iztiroblari, his-tuyg’ulari raqs harakatlari, plastika, yuz ifodalari, nigohlari orqali aks ettiriladi. Baletmeyster Yu. Ismatova, asosan, Farg’ona raqs uslubiga tayangan holda o’rni-o’rnida boshqa uslublarga ham murojaat qildi, ba’zan baletning oyoquchida yurishidan foydalandi. Shu yo’nalishda teatr M. Bafoev bilan hamkorlikda “Nodira” (1992), “Ulug’bek burji” (1994), “qadimiy marosimlar” (1995), A.Ikromov musiqasi asosida “Temuriy malikalar” (1995), “Sharq taronalari” (1997), Q.Komilov musiqasi asosida “Uvaysiy” (1998), A.Mansurov musiqasi asosida “sirli quticha” (2000), “Zumrad va qimmat” (2001), xalq kuylari va so’zlari asosida “Sevgi vasfi” (9 ta “Tanavor” raqsi, 1995), “ezgu niyat daraxti” (2000), “Moziydan sado” (2001) spektakllari bilan teatr jamoasi milliy balet, milliy raqs tomoshasi yaratishda tajribasi ortib bordi. Teatr ijodiy jamoasi quyidagi yo’nalishlarda faoliyat ko’rsatdi: xalq og’zaki ijodiyoti, marosimlari, kuylari, raqslarini muayyan syujet ipiga terib teatrlashtirish; buyuk shoirlar, qahramon o’zbek ayollari hayoti va ijodiga bag’ishlangan raqs tomoshalari turkumini yaratish; xalq tarixini yoritish, buyuk sarkardalar hayoti va kurashi haqida hikoya qilish; bolalarga atab spektakllar yaratish. Teatr o’z milliy balet va teatrlashgan tomoshalarida mavjud barcha raqs uslublaridan foydalanish, e’tibor bermay kelingan xalq raqslari harakatlarini va tarixda bo’lgan ba’zi kompozitsiyalar, harakatlarni tiklash, ayni chog’da hoz. kunda jahon balet va raqs san’atida mavjud yangi izlanishlardan ilhomlanish yo’lidan bormokda. Har bir spektaklga maxsus liboslar, taqinchoklar, oyoq va bosh kiyimlar tikiladi. “Tanavor” raqs teatri O’zbekistonda o’tkaziladigan barcha bayramlar va tadbirlar (“Navro’z”, “Sharq taronalari” va b.)dan tashqari Frantsiyaning “Odeon” teatrida bo’lib o’tgan “Nazm kechasi”da, YUNESKO qarorgohida (1995), AQShda O’zbekiston kunlari doirasida (1998), Niderland xalqaro festivalida (1999) o’z dasturlarini namoyish etishdi. Teatrning eng muhim spektakllari telefilm qilib ishlangan. Teatr jamoasi: 34 raqqosa, 3 raqqrs, 12 sozanda, 2 xonandani birlashtirdi (2004). Raqqosalardan D.Mirzaeva, Z.Safarova, N.Yusupova, R.Jo’raboeva, U.Akromova O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artistlar; yosh raqqosalardan G. Abdieva, N.Qarshiboeva O’zbekiston Davlat “Nihol” mukofoti va Mukarrama Turg’unboeva mukofoti sovrindorlari. Ad.:Avdeeval., Qodirov M., Ismatova Yu., “Tanovar” raqs jilolari, T., 2002. Muhsin Qodirov.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz