TANAIS DARYOSI BO’YIDAGI JANG



TANAIS DARYOSI BO’YIDAGI JANG, Yaksart jangi — O’rta Osiyo xalklarining Aleksandr (makedoniyalik Iskandar)ga qarshi olib borgan janglaridan biri (miloddan avvalgi 328). Tanais (hozirgi Sirdaryoning yunoncha nomlaridan, boshqa bir nomi — Yaksart) bo’yida sodir bo’lgan. Aleksandr daryo bo’yiga o’rnashib olgach, Aleksandriya Esxata (chekka Iskandariya) shahrini qurishga kirishgan. Biroq daryoning o’ng qirg’og’ida (qadimgi Toshkent vohasida) yashovchi saklar (qang’arlar) kabila Ittifoqi boshlig’i ukasi Kartazis boshchiligida katta otliq qo’shin yuborib, unga Aleksandr qurdirgan istehkomni buzib tashlab, makedoniyalik jangchilarni bu yerlardan haydab yuborishni buyuradi. Saklar Sug’diyonada ko’tarilgan Spitamen qo’zg’olonilan xabar topib, agar qo’zg’olon muvaffaqiyat bilan tugasa makedoniyaliklarga qarshi hujumga o’tmoqchi edilar. Ular daryoning narigi betidan turib bosqinchilarga qarshi beto’xtov kamon o’qi yog’diradilar. Aleksandr qo’shini Daryo qirg’og’iga katta o’qlarni otishga mo’ljallangan mashina (qurilma)larni o’rnatib, saklarni o’qqa tuta boshlagan va shu o’q yomg’iri panasida kamonchilar bilan sopkrnchilar daryoni kechib o’tadilar. Ular saklarning ilg’or qismini chekinishga majbur qilib, bu bilan falanga va otlikdarning daryodan o’tib olishiga imkon yaratib berganlar. Daryoning o’ng sohilida qattiq jang boshlanib ketgan. Uni 2 bosqichga bo’lib ta’riflash mumkin. Birinchi bosqich — makedon qo’shinining ilg’or qismi jangi. Saklar ga qarshi makedoniyaliklarning sarissa (nayza) bilan qurollangan otliq otryadi tashlanadi. Saklar ularni o’rab olib o’qqa tutadilar. Aleksandr yordamga piyoda askarlarni jo’natadi. Saklar raqiblarini ko’zdan qochirmasdan ataylab chekina boshlaganlar. Ikkinchi bosqich — asosiy kuchlar jangi va saklarning umumiy chekinishi. Dastlab saklar makedon qo’shini xujumlarini muvaffaqiyat bilan kaytarishgan. Shundan so’ng Aleksandr jangga o’zining barcha otliq qo’shinlarini tashlagan. Saklar cho’l ichkarisiga chekina boshlaganlar. Aleksandr saklarni 15 kilometr masofagacha ta’qib etgan. Arrianning yozishicha, jazirama issiq, tashnaliqdan qiynalgan Aleksandr “aynigan kulmak suvini ichib kasal bo’lib qolgan”. Aslida esa kir II ning mash’um xatosini yodida tutgan Aleksandr saklar yerining ichkarisiga kirib borishga jur’at etmagan, chunki saklar ularni mamlakat ichkarisiga aldab olib kirib tormor qilishlari mumkin edi. Arrianning yozishicha, saklardan 1000 kishi, jumladan, ularning sarkardalaridan biri Strak halok bo’lgan, 150 kishi asir olingan. Kvint Kursiy Rufning yozishicha, makedoniyaliklardan 60 suvoriy, 100 nafar piyoda askar halok bo’lgan, 1000 kishi yaralangan. Jangdan so’ng saklar Aleksandr oldiga elchilar yuborib sulh tuzgan bo’lsalarda, kurashni davom etdirganlar. Manbalar: Arrian, Anabasis Aleksandra, T., 1911; Kvint Kursiy Ruf, Istoriya Aleksandra Makedonskogo, M., 1963. Ad.: Shoniyozov K, Qang’ davlati va qang’lilar, T., 1990. Fahriddin Hasanov.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz