TAN JAZOSI



TAN JAZOSI, jismoniy jazo (huquqda) — ibtidoiy jamoa davrida, shuningdek, musulmon huquqiyal jinoyat sodir etgani uchun jinoyatchini jismoniy qiynash, azoblash, unga tan jarohati yetkazish. Asosan zino, tuhmat, o’g’irlik, qaroqchilik (bosqinchilik), odam o’ldirish yoki uni jarohatlash, mast qiluvchi ichimliklar iste’mol qilish, dindan qaytish, isyon ko’tarish va boshqa jinoyatlarga nisbatan belgilangan. Bunday jazolarni darra bilan urish, shaxening qo’l va oyog’ini kesish, toshbo’ron qilib, osib yoki boshini tanasidan judo qilib o’ldirish bilan amalga oshirish ko’zda tutilgan. Tan jazosi asosan qamchilar orqali ijro etilgan. Qamchi tuya yoki boshqa hayvon terisidan ishlangan. Musulmon davlatlarida eng ko’p tarqalgan jazo turlaridan biri qo’llarni kesish jazosidir. Bunday jazoni tayinlash uchun o’g’irlangan pul yoki moddiy boylik miqdori belgilab qo’yilgan. Uyga, masjidga kirib, cho’ntakka tushib sodir etilgan jinoyatlar uchun so’zsiz qo’llar kesilgan. Kesish asosan barmoklarni, bilagigacha, oyoqni esa to’pig’igacha kesish orqali ijro etilgan. Shariat qoidalariga ko’ra, o’g’irlik va bosqinchilik yo’li bilan fuqarolarning mulkini egallash katta gunoh, o’ta og’ir jinoyat hisoblangan. Shariatga oid manbalarda qaroqchilar musulmon yoki zimlshyning molini olgan bo’lsa, ularning o’ng qo’llari bilan chap oyoqlari kesilgan. Agar mollarini olmasdan, ularni o’ldirgan bo’lsalar, jinoyatchilarning o’zlari ham o’ldirilgan. Agar aybdorlar molni olmasdan turib, shaxsga tan jarohati etkazgan bo’lsa, ularning barchasidan yetkazilgan tan jarohati darajasida qasos olingan. Bordiyu, jinoyatchilar molmulkni olib, so’ng shaxsga jarohat yetkazgan bo’lsa, ularning qo’l-oyoqlari kesilgan. Yangi ijtimoiy munosabatlarning tarkib topishi barobarida musulmon davlatlari huquqida 19-asrning 2-yarmidan yangi jinoyat, savdo, prosessual va boshqa qonun hamda kodekslar asosida mahkama ishlarini yuritish ustuvorlik qila boshladi (jazo). Gulchehra Matkarimova.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz