Tamaki qanday o’stiriladi?



Tamaki o’simlikning bo’yi 1 — 2 metrgacha boradi. Yaproqlarining bo’yi 0,5 — 1 metrga etadi. Ular uzun va yumshoq tukchalar bilan qoplangan. Tuklarning tarkibida smoladi sharbat bor. Bu o’simlikni o’stirish usullari ko’p, ammo ularning har biri alohida g’amxo’rlik talab etadi. Tamaki urug’i ekishdan oldin o’g’it va don bilan aralashtiriladi yoki chigit bilan oziqlantiriladi. Iqlimi issiq mintaqalarda uning ko’chatlari ekilgan jo’yaklar paxtadan tayyorlangan gazmol bilan yopiladi, sovuq mintaqalarda esa teplitsalarda o’stiriladi. Ko’chat 6 — 10 hafta mobaynida 20 sm. gacha o’sadi. Har bir o’simlik 4 — 6 donagacha barg yozadi. Ko’chatlar oldindan o’g’it berib tayyorlangan yerlarga ko’chirib ekiladi. O’simlik gulga kirgach, tepa qismi, ya’ni urug’kurtak boshchasi chilpib tashlanadi. Natijada barglar baquvvat va rangi to’yiq bo’ladi. Ko’chat o’tqazilgandan so’ng 3 — 4 oy o’tib, o’simlik yig’imga tayyor bo’ladi. Uni yig’ib olishning ikki turi mavjud: barglarni navbatma-navbat kesib olish va tamaki poyasini tubidan qirqib olish. Birinchi usul bo’yicha pishgan yaproqlar bo’lak-bo’lak holda kesib olinadi. Tamaki o’simligi har hafta 2 — 4 dona yaproq yozadi. Bu jarayon 5 — 8 hafta davom etadi. Ikkinchi usul bo’yicha esa o’simlik tag-tubi bilan kesib olinadi. Tamaki yig’ishtirilgandan so’ng quritiladi. Yaproqqa quritish orqali tegishli rang beriladi. Tamaki bargi havoda, Quyosh tafti bilan yoki olov yoqib quritiladi. Barglar olov bilan quritish uchun kichik bir saroyga osib chiqiladi va pechka yoqiladi. Poyasi bilan kesib olingan tamaki ochiq havoda quritiladi. Tamakining boshqa turlari tayoqqa bog’lanadi va Quyosh nuri tegadigan joyga osib qo’yiladi. Tamaki tayyorlashning so’nggi bosqichi pishib yetilishidir. Bu yaproqni yumshatish va tamaki ta’mini yaxshilash uchun zarur.


Manba



Mo’jiza kitobning 1-jildi


Uzpedia.uz