TAKLAMAKON



TAKLAMAKON — Xitoyning g’arbiy qismidagi cho’l, Tarim tekisligining Markaziy qismida. Dunyoda eng yirik qum cho’llaridan biri. Maydoni 271 ming kilometr kvadrat. Uzunligi g’arbdan sharqqa 1000 kilometrdan ziyod, eni 400 kilometrgacha. Yer yuzasi tekis bo’lib, to’rtlamchi davrda to’plangan cho’kindilardan tuzilgan. Shimol va sharqqa tomon 1200-1300 metrdan 900-1000 metrgacha pasayib boradi. Cho’lning g’arbiy qismida qumtoshlardan iborat bir necha qoyali qator tepalar (Cho’ngtog’, balandligi 1664 metr), qumoq va gilli tepaliklar (Mozortog’, 1635 metr, To’xtaqozi, 1560 metr) bor. Taklamakonning Janubi g’arbida barxanlar, shimoli sharqida balandligi 300 metrgacha bo’lgan qum uyumlari uchraydi. Chekka qismidagi katta maydonlarni sho’rxoklar egallagan. Iqlimi keskin kontinental, quruq iqlim. Yiliga 50 millimetrdan kam yog’in yog’adi, ba’zi yillarda umuman yog’maydi. Kuchli shamollar esib, qum bo’ronlari bo’lib turadi. Kunlundan oqib keladigan daryolar qumga singib ketadi, Xo’tan daryosigina yozda cho’lni kesib o’tib, Tarim daryosiga quyiladi. Yer osti suvlari chuqur. Cho’lning katta qismida o’simlik deyarli uchramaydi. Daryo vodiylarida terak, jiyda, yantoq, sho’ra, saksovul o’sadi. Hayvonot dunyosi kambag’al. Aholi voha va Daryo vodiylarida yashaydi, chorvachilik va dehqonchilik bilan shug’ullanadi. Taklamakonda foydali qazilmalardan neft, gaz, kumir konlari, polimetall rudalari topilgan.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz